Men “Open Budget” orqali uyim yonidagi bolalar maydonchasi loyihasi uchun ovoz to‘pladim

2024-yilning yoz oylarida Open Budget platformasi orqali ilk bor ishtirok etib, to‘qqiz qavatli uyimiz yonidagi tashlandiq bolalar maydonchasini obodonlashtirish bo‘yicha o‘z taklifimni berdim. 2025-yil mart oyida loyihada yana qatnashdim. Mazkur maqolada men ushbu jarayonda nimalarga duch kelganimni, platformaning ishlash jarayoni va agar siz tumanning oddiy fuqarosi bo‘lsangiz, O‘zbekistonda o‘z loyihangiz uchun mablag‘ olish imkoniyati qanday ekanligi haqida so‘zlab beraman.

Ismim Vera, toshkentlik jurnalistman, sarpa.media medialoyihasi ustida ishlayman. Ushbu loyiha inson huquqlari, jamiyatda ro‘y berayotgan hodisalarga befarq bo‘lmagan fuqarolarning jarayonlarda faol ishtirok etishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida. Yana bir loyiham bor — uch yoshga to‘layotgan qizim.

Toshkentda tug‘ilib o‘sdim, har xil tumanlarda yashab ko‘rdim. Qizim tug‘ilganda Labzakdan Tashselmashga ko‘chib o‘tdik. Temiryo‘l, Kichik halqa yo‘li, bepoyon Mahtumquli ko‘chasi va qabriston orasidagi ushbu yashil maskan bolalar aravachasida sayr qilib yuradigan manzilimga aylandi. Chunki ikki yoshli qizaloqni ko‘chada nima bilandir band qilish, sayr qildirish kerak edi.

2024-yilning yozida Open Budget platformasi orqali to‘qqiz qavatli uyimiz yonidagi tashlandiq bolalar maydonchasini obodonlashtirish haqidagi taklifimni berishga qaror qildim. Rostini aytsam, moliyalashtirish masalasiga uncha umid qilmasdim, menga ko‘proq platforma qanday ishlashini hamda tanish-bilishlarsiz, adminresurs hisoblanmagan oddiy odam uchun Tashabbusli byudjetning barcha bosqichlaridan o‘tish qanchalik murakkab bo‘lishini tekshirib ko‘rish qiziqarliroq edi.

Joriy yilning mart oyida yana “Open budget”ga ariza topshirdim. Oldindan aytib qo‘yay – na 2024-yil va na 2025-yilda mablag‘ ololdim. Xafa bo‘lish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman, chunki “ochiq byudjet”ning ushbu ikki bosqichida men uchun eng muhimi, o‘z tajribam va jarayonda o‘zaro hamkorlik qilishga muvaffaq bo‘lgan insonlarning tajribasi bo‘ldi. Shu tariqa o‘zimning barcha insaytlarim va xatolarimni hujjatlashtirishni xohladim. Mabodo ushbu maqolam kimnidir davlat tomonidan taklif qilinadigan shu kabi vositalardan foydalanishga undasa, xursand bo‘laman.

Open Budget nima va partisipativ byudjetlashtirish O‘zbekistonda qanday ishlashi zarur?

Ushbu loyiha Open budget, Tashabbusli byudjet va Ochiq byudjet nomlari ostida o‘tkazilib, u partisipativ byudjetlashtirish modeli asosida yaratilgan. Bu quyidagicha ishlaydi: shahar yoki tuman byudjeti pullarining bir qismi ajratilib, bunda aholi ushbu mablag‘ni nimaga sarflashni o‘zi tanlaydi. Asosan turli loyihalarga ovoz beriladi va shuning uchun amaliyot to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiya (“ko‘pchilik tomondan boshqaruv”) namunasi hisoblanadi.

Tumanimdagi “Mashinasozlar” MFY binosida “Open budget”da ishtirok etishga chaqiruvchi banner

O‘zbekiston bu sxemani o‘ylab topmagan, balki xorijiy tajribani joriy etgan. Ushbu namunani hammaga Braziliya ko‘rsatganligi aytiladi: 80-yillar oxirida shahar hokimiyati jamoat tashkilotlari bilan birgalikda jamoatchilik ishtiroki qoidalarini yaratadi va shahar nizomida mustahkamlaydi, 1989-yilda esa Braziliyaning Porto-Alegri shahrida aholi ishtirokida tuzilgan dunyodagi birinchi shahar byudjeti qabul qilinadi.

Shundan so‘ng, partisipatorlik byudjetlashtirish dunyoning qolgan qismiga tarqaladi. Bu amaliyot/vosita/mexanizm shahar ma’muriyatidagi korrupsiya, aholi orasidagi tengsizlik, odamlarning hokimiyat institutlariga ishonchsizligi kabi muammolarga yechim bo‘lishi kerak edi.

Mening “Ochiq byudjet” dagi loyiham: uyim yonidagi tashlandiq bolalar maydonchasi

70-yillar oxirida, Tashselmash mavzesida to‘rt va to‘qqiz qavatli uylar qurilayotganda, uyimiz yonida katta bolalar maydonchasi ham barpo etilgan. Qo‘shnilarning aytishicha, ilgari bu yerda Toshkentning ko‘plab hovlilarida bo‘lgani kabi cho‘milish havzasi ham bor ekan. O‘shanda bu yerga daraxtlar ekilgan, hozirda ular o‘sib yaxshi soya beryapti. Afsuski, keyinchalik maydonchada daraxtlardan boshqa deyarli hech vaqo qolmadi: arg‘imchoqlar temir-tersaklarga topshirildi, sirpanadigan gorkalar qiyshayib ketdi, bu yerda umuman chiroqlar yo‘q edi va bittagina soyabonli o‘rindiqni bolalar o‘rniga mast-alast odamlar egalladi.

Tumanimizda boshqa maydonchalar ham bor, lekin ular kam va unchalik qulay emas. Ulardagi aksariyat jihozlar singan, ko‘pi tik quyosh ostida qolgan, ota-onalar uchun o‘rindiqlar va chiqindi qutilari ham yo‘q. Lekin hisob-kitob qilib ko‘rsam, agar oiladagi bolalar va mahalladagi xonadonlar soni bo‘yicha davlat statistikasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, tumanimizda 14 yoshgacha bo‘lgan bir necha yuz nafar bolalar yashaydi.

Men o‘z loyihamni “Open Budget”ga topshirishga qaror qilganimda, bolalar maydonchasi shunday ahvolda edi

“Bizning” maydonchada soya joy ko‘p, u yo‘lning qatnov qismidan uzoqda, ertalab bu yerda qushlar sayraydi va futbol o‘ynash uchun joy bemalol. Albatta, bu joydan unumli foydalanish kerakligi haqidagi g‘oya yolg‘iz menda paydo bo‘lgani yo‘q: bizning Integral Ser Tech boshqaruv kompaniyamiz bo‘sh joyga o‘zining ofis-vagonchasini qo‘ymoqchi ekanligini e’lon qildi, avtomobil egalari esa ulovlarini daraxtlar ostiga qo‘ya boshladilar, tumanda bu yerda avtoturargoh qurilishi haqida mish-mishlar tarqaldi.

Maydonchamizdagi eski buzuq sirpanadigan gorkada qizim ikkimiz

Lokatsiyani zudlik bilan qutqarish chorasini ko‘rish va keraksiz tashlandiq joyni yana bolalar maydonchasi va tuman aholisi uchun xizmat qiladigan jamoat maydoniga aylantirish kerak edi. Men “Ochiq byudjet” orqali vaziyatga e’tibor qaratishni ma’qulroq, deb topdim – bu joy haqida internetda ko‘proq gapirishni boshlash va mablag‘ olishga harakat qilish zarur edi.

2024-yil avgust oyida “Open Budget”ning ikkinchi mavsumi boshlanishi arafasida maydonchani suratga oldim va ariza to‘ldirishni boshladim.

Open Budget uchun murojaat yo‘llaganim: profilni ro‘yxatdan o‘tkazamiz va bor ma’lumotni kiritamiz

Dastlab Open Budget portalida telefon raqami yoki ERI orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Umuman olganda, Open Budgetga ariza topshirish juda oson. Hatto o‘ta sodda: “bolalar maydonchalari” toifasidagi loyihalar uchun sizga faqat kichik tavsif va 4 ta fotosurat kerak bo‘ladi.

Ariza beruvchining profili “ichidan” shunday ko‘rinishga ega

Yana g‘olib bo‘lgan taqdiringizda loyihangiz uchun olishni mo‘ljallagan pul miqdorini ham yozib qo‘yishingiz kerak. Bunda aynan mening toifamda smeta qo‘shish mumkin emas. 2024-yilda ba’zi hisob-kitoblarni qilgach, men 200 million so‘m mablag‘ni ko‘rsatdim, moderatsiyadan so‘ng esa uni 150 million so‘mga tushirishdi. Ikkinchi marta yana 200 mln so‘m ko‘rsatdim, lekin bu safar moderatorlar mablag‘ni 350 mln so‘m qilib qo‘yishdi. Ikkala holatda ham mening arizamda sayt qoidalari bo‘yicha smetalar yo‘q edi, shuning uchun moderatorlarning qarori nimaga asoslanganini bilolmay qoldim.

200 mln so‘mni qayerdan oldim? Avvaliga Toshkentdagi men va bolamga yoqadigan maydonchalarda qanday uskunalar borligini aniqladim, KSIL, Joymax, Turnik.uz va Smartplay kabi yetkazib beruvchilarning saytlarini ko‘rib chiqdim. Lekin loyiham g‘olib bo‘lgan taqdirda, yetkazib beruvchilar va pudratchilar qanday tanlanishi menga tushunarsiz edi – ariza berish bosqichida men bu haqda ma’lumot topa olmadim, shuning uchun mashhur ishlab chiqaruvchilarning veb-saytlaridagi narxlarni ko‘rib chiqdim.

Uskunalarning narxlari va soni ko‘rsatilgan fotosuratlarni 2024-yilning yozida muqovali taqdimot shaklida chop ettirdim – uni aholiga ko‘rsatib, shu tariqa ularning ko‘proq ovozlarini to‘plamoqchi edim. 2025-yilda bu niyatimdan qaytdim, qo‘shnilarga shunchaki rasmlar va arizamni ko‘rsatib qo‘ya qoldim.

2024-yilda arizamni tekshirishdi: tanlovning ikkinchi 10 kunligida, moderatsiya bosqichida menga qo‘ng‘iroq qilishdi, bolalar maydonchasi manzilini yana aniqlashtirishdi va loyiham sahifasini biroz tahrirlashdi, unga mahalla nomi va boshqa tafsilotlarni qo‘shishdi. 2025-yilda esa menga hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi.

2025-yilda g‘olib bo‘lish uchun “Ochiq byudjet”da qancha ovoz yig‘ish kerak?

2024-yilgi mavsumda tizim taxminan quyidagicha ishladi: 20 ta o‘rin bo‘lsa, eng ko‘p ovoz to‘plagan 20 ta loyiha g‘olib bo‘ldi. Har bir shahar va tumanga ma’lum miqdorda mablag‘ ajratildi va ular ham eng ko‘p ovoz to‘plagan tashabbuslar o‘rtasida taqsimlandi. 2024-yilgi birinchi urinishimdan keyin, men 2024-yilning ikkinchi mavsumida g‘olib bo‘lgan barcha loyihalarni o‘rganib chiqdim, o‘shanda Toshkentda eng oxirgi pul olgan loyiha 400 ta ovoz to‘plagan edi.

2025-yildan g‘olib loyihalarni aniqlash tizimini o‘zgartirishdi.

“Endi har bir tuman yoki shaharda 10 tadan 30 tagacha loyiha qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu moliyalashtiriladigan tashabbuslarning minimal va maksimal sonini belgilaydi. Agar arizalar soni 10 tadan ko‘p bo‘lsa, byudjet mablag‘larini taqsimlash aholi soniga mutanosib ravishda amalga oshiriladi, bu esa yirikroq aholi punktlariga qo‘shimcha moliyalashtirishni ta’minlaydi”.

Nazariyada hamma narsa tushunarsiz. Bu murakkab hisob-kitoblar amalda qanday ifodasini topayotganini ko‘rish afzalroq. 2025-yilning birinchi mavsumida Respublika endokrinologiya markazining moddiy-texnik bazasini yangilash bo‘yicha taklif Toshkent shahrida eng ko‘p – 3861 ta ovoz to‘pladi. Shu bilan birga, Yangihayot tumanidagi Navqiron mahallasida yo‘l ta’mirlash loyihasi ham pul olishga muvaffaq bo‘ldi, vaholanki u atigi 40 ta ovoz yiqqan. Bu yaxshi, albatta, chunki ko‘p qavatli uylar aholisi tashabbusi bilan kichik loyihalar ham endi g‘olib bo‘lish va sarmoya topish imkoniyatiga ega bo‘lishiga umid uyg‘otadi.

Eski gorka o‘rnida futbol maydonchasi rasmini chizib, daraxtlar ostiga bolalar soyada o‘ynashi uchun arg‘imchoq va boshqa jihozlarni o‘rnatishni rejalashtirgan edik. Foto: Timur Karpov/sarpa

Qaysi loyihalar mahallangizda “Ochiq byudjet”ga taqdim etilgani, nechtasi ro‘yxatdan o‘tgani, g‘olib bo‘lgani yoki ovoz berishdan olib tashlangani haqida “Tashabbusli byudjet” portalida “Tuman byudjeti” bo‘limida tanishishingiz mumkin. Shu tarzda, mahallamda uyimga yaqin bo‘lgan qon quyish stansiyasi uch marta g‘olib bo‘lganini bilib oldim – 2023-yil o‘rtalaridan boshlab ushbu byudjet tashkiloti generatorlar, donorlar uchun kreslolar sotib olish va boshqa “moddiy-texnik bazani yangilash” uchun portal orqali 4 milliard so‘mga yaqin mablag‘ olgan.

Nima uchun tashabbusli byudjetda ovoz yig‘ish juda qiyin? Qo‘shnilar orasida tashviqot qilish bo‘yicha tajribam

Loyihamni “Open budget”ga qo‘yish bo‘yicha ikkala urinishimda ham tashabbusimni qo‘shnilar bajonidil qabul qilishadi, deb o‘ylagandim. O‘zimcha shunday xayol qilardim: tumanimiz chatida 300 ga yaqin ishtirokchi bor, ular tumanni yaxshilash bo‘yicha taklifdan xursand bo‘lib, darrov ovoz berishlari aniq. Shuncha ham sodda bo‘lamanmi?!

Nimalar qilmadim deysiz: bo‘lg‘usi loyihaning aniq natijasini qo‘shnilarga ko‘rsatish uchun taqdimot dizaynini yasadim, QR-kodli varaqalarni chop etdim va ularni kirish yo‘laklariga yopishtirdim, atelyedagi tikuvchi, bosmaxona xodimlari, Uzum tarqatish punkti xodimidan ovoz berishni so‘radim, rilslar va postlarni suratga oldim, mahalla qo‘mitasidan yordam so‘radim, ovoz berish uchun havolalarni tumanimiz aholisining chatidan tortib, 15 yil oldin tugatgan maktabimdagi sinfdoshlarim bilan muloqot guruhlarimizgacha yubordim.

Odamlarni “Ochiq byudjet”da o‘z loyihalariga ovoz berishga undash bo‘yicha barcha urinishlarim deyarli hech qanday natija bermadi. Men 2024-yil sentyabr oyida 155 ta, 2025-yil mart oyida esa 141 ta ovoz to‘play oldim – lekin baribir bu natijalar bilan faxrlanaman.

Odamlar bilan muloqot va targ‘ibotim davomida shuni tushunib yetdimki, odamlar hali Open Budget nima ekanligini yaxshi tushunishmaydi, internetdagi firibgarlik to‘lqinidan keyin guruhlardagi havolalarga kirishga qo‘rqishadi va umuman olganda, biror jarayonga haqiqatan ham ta’sir o‘tkazish mumkinligiga ishonishmaydi.

Ko‘pincha ovoz boshqa loyiha uchun berilgan bo‘lardi: men poliklinikalar va maktablar bilan “raqobatlashishim” kerak edi va bu jangda azbaroyi mag‘lub bo‘lardim. Men loyihamga ovoz berishni so‘ragan odamlardan shu kabi odatiy javoblarni olardim: “poliklinikaga ovoz berishimni so‘rashdi”, “o‘g‘limning sinf chatiga havolani yuborishdi”, “poliklinikadan qo‘ng‘iroq qilishdi va kodni aytib turishimni iltimos qilishdi, ularda mening raqamim bor edi-da”, “pediatr qabulda ovoz berishimni so‘radi, rad etish noqulay bo‘ldi”.

Yana boshqa odamlarning ovozi allaqachon bozorda “sotilgan” edi va ular ham menga hech qanday yordam bera olmadilar. “Ochiq byudjet”da bir ovozning qancha turishi ovoz berish kuniga bog‘liq edi: masalan, Toshkent shahrida ovoz berishning so‘nggi kunida bir ovoz uchun eng ko‘p – 200 ming so‘m yoki 18 dollar berildi. Bir ovoz uchun eng kam narx 30 ming so‘m edi – ovoz berishning dastlabki kunlarida shuncha pul berilgan.

Ko‘pincha texnik sabablarga ko‘ra ovoz berishning imkoni bo‘lmadi: SMS-kodlar kelmadi, telegram-bot ishlamadi. Bu natijalarga katta ta’sir ko‘rsatdi, chunki mening loyihamga ovoz berishga tayyor odamlar kodni olish bilan bog‘liq bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng shashtlari pasaydi.

Eng samarali va shu bilan birga eng ko‘p charchatgani, shaxsiy muloqot bo‘lib chiqdi. Ko‘chada men gaplashgan aravacha itarib yurgan bolali onalar, hovlida o‘tirgan, telefondan unchalik foydalanishni bilmaydigan buvilar, bir necha yil ichida birinchi marta men ulardan xabar olgan eski tanishlarim ovoz berishdi. Meni shaxsan taniydigan kichikkina jamoam yordam berdi – ular ota-onalari va do‘stlaridan ovoz berishni so‘rashdi va haqiqatan ham loyihani qo‘llab-quvvatlashdi. Ularning ovozi moliyalashtirish uchun naf bera olmaganini aytib, xafa qilishni xohlamadim, lekin ularga ushbu maqolani yozishga va tajribam haqidagi xotiralarni bir joyga to‘plashga va’da berdim.

Tashabbusli byudjetning boshqa loyihalari va uy atrofini jihozlashning o‘zga usullari

Endi Ochiq byudjetga ariza bermayman. Uyimiz yonidagi bolalar maydonchasini esa oilamiz, qo‘shnilarimiz va do‘stlarimiz bilan birgalikda o‘zimiz obodonlashtirishga qaror qildik. Ochiq byudjetga loyiha takliflarini berish tajribasi mening faol hayotimdagi eng qiziqarli tajribalardan biri bo‘ldi hamda to‘qqiz qavatli uylardagi kichik jamoalarda odamlar o‘rtasidagi munosabatlar qanday qurilishini va davlat tashabbuslari bilan ishlashda nazariya va amaliyot qanday farq qilishi haqida ko‘p narsalarni o‘rgatdi.

Tashabbusli byudjetlashtirish loyihalari orasida nafaqat “Ochiq byudjet”, balki “Mening maktabim”, “Mening yo‘lim” va “Mening bog‘im” loyihalari ham bor. Ularda ham xuddi shunday sxema bo‘yicha maktablar, yo‘llarni ta’mirlash va jamoat joylarini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish uchun mablag‘ ajratiladi. Menga uchinchi loyihaning g‘oyasi yoqadi va balki kelgusi yili loyihada orttirgan yangi bilim va tajribam bilan ishtirok etishga harakat qilarman.

You May Also Like