O‘zbekistondagi eng yaxshi skeyt-park tadbirkorlar va skeytchilar hamjamiyati hamkorligida paydo bo‘ldi

UZ RU

Bir kuni skeytchi Instagramda jamoat skeyt parklarini qanday qilib qurmaslik kerakligi haqida izoh yozib qoldirdi. Keyin esa O‘zbekiston uchun noodatiy voqea sodir bo‘ldi – quruvchi nafaqat unga javob berdi, balki yigitlarni loyiha ustida birgalikda ishlashga taklif qildi. Shu tariqa, ikki yil oldin Toshkentda uzoq yillar kutilgan ilk skeytchilar maydonchasi skeytchilarning o‘zlari ishtirokida qurildi. Ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan ushbu voqea davlat, biznes va jamiyat shahar hududlarini rivojlantirish uchun hamkorlik qila olishi mumkinligiga misol bo‘ldi. 

Ammo odatdagi kabi, Anhorda bog‘ foydalanishga topshirilishi bilan qiyinchiliklar tugamadi, balki aksincha, boshlandi. Biz skeytchilardan ikki yil o‘tib, mamlakatdagi eng katta skeyt parki qanday ishlayotgani va ekstremal maydonlar holatini yaxshi saqlash qanchaga tushayotgani haqida so‘radik.

Toshkentdagi skeyt parklari texnik me’yorlarga rioya qilinmagan holda qurilgan, shu sababli yangi spotlarga ehtiyoj paydo bo‘ldi

O‘zbekistonda skeyt-park qurilishi birinchi marta 2011-yilda tilga olingan edi — o‘shanda Ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi bilan birgalikda “Milliy bog” istirohat bog‘ida skeyt-park loyihasini ishlab chiqdi. Tashabbuskorlar qurilish uchun homiylarning mablag‘larini topishga harakat qilishdi, ammo, aftidan, topa olishmadi shekilli, shaharda chizmalarda tasvirlangan bog‘ paydo bo‘lmadi. Keyinchalik tashkilotchilar bir necha yil ketma-ket Ekopark va Ashxobod bog‘ida “Toshkent Urbaniya” festivalini o‘tkazdilar, unda rayderlar yengil figuralarda uchishardi. 

O‘sha vaqtdan buyon parklar soni ortib bordi. “Next” savdo markazi orqasidagi skeyt-park, “Rohat” bog‘i, Moviy gumbazlarda maydoncha paydo bo‘ldi. Ushbu maydonchani ham 2010-yillarda “Urbaniya mustaqil birlashmasi” (FUC Urban) rayderlarining o‘zlari obodonlashtirishga harakat qilishdi. Birlashmadagi bolalar hokimlik bilan kelishgan holda jamoaviy shanbaliklar o‘tkazishdi, skeyt-parkni ta’mirlash uchun pul yig‘ishdi, Moviy gumbazlar yonidagi hiyobonga figuralarini o‘zlari olib kelishdi va yangi parklarning loyihalarini chizishdi. Biroq tashkilotchilar “Urbaniya” bilan avvalgidek shug‘ullanishni to‘xtatdilar. “Moviy gumbazlar”dagi maydoncha esa xiyobonning keng ko‘lamli rekonstruksiyasidan so‘ng attraksionlar, do‘konlar va obodonlashtirilgan bog‘da qo‘qqisdan paydo bo‘lgan boshqa pullik ko‘ngilochar tadbirlar makoniga aylandi – bog‘da ekstrim uchun joy qolmadi.

Kosmonavtlar maydonidagi haykal, Solitude YouTube kanali 

Skeytchilarning so‘zlariga ko‘ra, eski maydonchalarda uchish ko‘p hollarda qiyin va xavfli – texnik talablarga rioya qilinmasdan qurilgan parklar bir necha yil o‘tgach, uchish uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan. Uchish figuralarining yuzasi yog‘ingarchilik va sifatsiz materiallar tufayli tez buziladi, ularning o‘lchamlari va joylashuvi skeytbordchilar uchun mos kelmaydi, chunki maydonda tezlik bilan yugurib kelib, tryuklar bajarishning imkoni yo‘q. 
Toshkentda skeytchilar orasida eng mashhur joy har doim Kosmonavtlar haykali atrofi bo‘lgan. Skeytchi va “Ехала” skeytbording maktabi asoschisi Yegorning aytishicha, ushbu spot ko‘chada uchish va tryuklar uchun hamon noyob hisoblanadi. Shahar hokimiyati poytaxt markazida uchadigan skeytchilarga yaxshi munosabatda. Spot IIV binosining shundoqqina tagida joylashganiga qaramay, rayderlardan prezident korteji o‘tayotgandagina faqat yigirma daqiqaga ketib turish so‘ralishi mumkin. Boshqa ko‘cha spotlari ham bor, masalan, Navoiy teatri hududida. U yerda qo‘riqchilar uchishga ruxsat berishmaydi – skeyt marmar plitalarga zarar yetkazishi mumkin va Yegorning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik skeytchilar buni to‘g‘ri tushunadi.

Ammo bu spotlarning barchasi ochiq havoda joylashgan va faqat quruq ob-havo sharoitida xavfsiz bo‘lishi mumkin. Aynan shu sababli, skeytchilar mashq qilishi, tajriba almashishi va jihozlangan maydonda ko‘nikmalarni o‘rganishi uchun yangi joylarga muhtoj.

Gangadagi skeyt-park: biznes va hamjamiyatning muvaffaqiyatli hamkorligi qanday paydo bo‘ldi va uning taqdiri qanday kechdi

Ikki yil oldin skeyt-parkni loyihalash va qurishda skeytchilarning o‘zlari ishtirok etishlari mumkin edi.

Shahar ma’muriyati Gangadagi bog‘da skeyt maydonchasi loyihasini Turnik.uz kompaniyasiga buyurtma qildi. Skeytchilar ushbu qurilish haqida kompaniyaning Instagram sahifasidan bilib qolishdi. O‘sha paytda ishning yarmi bajarib bo‘lingan va kompaniya o‘z natijalari bilan bo‘lishayotgan edi. Skeytchi Artyom loyihani tanqid qilib izoh qoldirdi va kutilmaganda unga nafaqat javob berishdi, balki keyingi ishlarda ishtirok etishni va ustaxonaga kelishni taklif qilishdi.

Gangada park qurilishi. Yegorning arxividan olingan surat

Chindan ham yaxshi maydonchalarni qurish tajribasi o‘sha vaqtda mamlakatda hech kimda yo‘q edi, shuning uchun bolalar Googledan ko‘p qidirishdi, boshqa mamlakatlardagi tanishlaridan figuralarni to‘g‘ri o‘lchashni surishtirishdi, materiallarni o‘rganishdi. Ularning bu harakatlari uchun pul to‘lanmagan, ammo skeytchilarning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlik qilish imkoniyatining o‘zi ular uchun sovg‘a edi. 

Shu tariqa, ushbu jamoa o‘zlari uchun mo‘ljallangan joy ustida ishlashga jalb qilindi. Shahar aholisini maxsus obodonlashtirish ishlariga jalb qilish maqsadi bilan emas, balki shunchaki tasodif tufayli ikki tomonlama munosabat o’rnatildi.

Yegorning aytishicha, dastlab u park uchun zarur materiallar haqidagi ma’lumotlarni o‘zi mustaqil topishga harakat qildi – o‘z qo‘llari bilan skeyt parklarini qurganlarning saytini izladi.

 “U yerda siz, masalan, metall, fanera, quvurlar qanday qalinlikda bo‘lishi kerakligini bilib olishingiz mumkin. Mana shunday materiallar va parametrlarni loyihaga kiritib, quruvchiga topshirdim. Ular esa: “Bu material juda qimmat, bunday metallni topa olmaymiz, kel, shu metallni yupqaroq qilamiz – bunday qalinlikka pul yetmaydi”, – deyishdi. Yana o‘ylarim bilan yolg‘iz qoldim. Olmaotada yurgan rafiqamdan materiallarning qalinligi va shakllarning o‘lchamlarini taxmin qilish uchun figura yonida A4 varag‘ini suratga olishni so‘radim. Yana o‘z ishlanmalarimni Turnik.uz dagi yigitlarga olib borardim – fanerani almashtirishimiz mumkin, lekin metallni qoldiraylik, derdim. Ular esa rozi bo‘lishgandi”, – deya eslaydi skeytchi.

Egor Burkov
skeytchi va @exala_skate maktabi asoschisi

Anhor kanali bo‘yidagi navbatdagi skeyt-parkni ham Turnik.uz kompaniyasi qurgan va uni boshidanoq skeytchilar bilan hamkorlikda qurishgan. Bu xuddi o‘sha sxema bo‘yicha sodir bo‘lgan, lekin endi jamoada tajriba bor edi. “Biz bitta skeyt-parkni qurib, qayerda material egilsa, demak, u juda yupqa ekanligini tushunib yetgandik. Anhor bog‘i loyihasida esa aynan shu materialni qalinlashtirishni so‘raganmiz. Fanerani tekshirganmiz – u yetarlicha qalin edi, shuning uchun yangi bog‘da ham xuddi shunday qilganmiz. O‘z xatolarimizdan saboq olganmiz”, – deydi loyihalashda ishtirok etgan Yegor.

Skeytchilarning aytishicha, bunday hamkorlik amaliyoti Qozog‘istonda rivojlanmoqda – u yerda rayderlar tadbirkorlar va hokimliklar ko‘magida mamlakatning turli shaharlarida yuqori darajadagi beton parklarini qurmoqda. Shahar hokimiyati mavjud maydonchalarni rekonstruksiya qilishda ham ishtirok etyapti – masalan, xatolar tuzatilgandan so‘ng, ikki yil oldin jamoatchilik ishtirokisiz qurilgan Kurmangazi skeyt parki ochildi. Rekonstruksiya tashabbuskori Rare Spot kompaniyasi bo‘lib, u rayder faollari va quruvchilarni bir joyda jamlay olgan.

Yunusoboddagi eski beton skeyt parki. SOLITUDE kanalidagi videodan skrinshot.

Skeytchilar o‘z tajribalari bilan ishtirok etishga umid qilayotgan navbatdagi loyiha Bobur bog‘idagi yangi beton skeyt parki bo‘lib, u hozirda rekonstruksiya qilinmoqda. Quruvchi yigitlar bilan bog‘lanib, o‘z rejalari haqida gapirib berdi. Ushbu spotning mavjud parklardan farqi, uning ko‘lami va xomashyosidir – beton materiali chidamliroq va faneradan yasab bo‘lmaydigan shakllarni yaratish imkonini beradi.

Toshkentning Yunusobod tumanida yana bitta beton parki bor. Uning qurilishi unchalik puxta o‘ylanmaganidanmi, hozir juda achinarli ahvolda. Bu joy figuralarning balandligi va qoplamasi buzilganligi sababli skeytbordda uchish uchun yaroqsiz. Ammo yuqori qavat tiklansa, u yerda velosipedchilar uchishi mumkin bo‘ladi. Atrofda kichikroq beton shakllarni quyish uchun yetarli joy bor – agar shunday qilinsa, maydoncha skeytchilar uchun ham to‘g‘ri keladi, deya hisoblaydi Yegor. 

Tarnov o‘rnatildi va urnalar xarid qilindi: qanday qilib skeytchilarning o‘zlari skeyt-park ta’minotini olib borayotgani haqida

Hozirgi kunda Anhordagi skeyt-park joylashuvi va figuralarning sifati tufayli butun mamlakat bo‘ylab eng yaxshisi hisoblanadi – Gangadagi birinchi park kabi, u ham ko‘prik ostida joylashgan, bu qisman yog‘ingarchilik va issiq quyoshdan saqlaydi, kechqurun esa yoritkichlar yoqiladi. Yechilmagan yagona muammo – parkka xizmat ko‘rsatish masalasi bo‘lib, chiqindilar muntazam tozalanishi, figuralar va boshqa konstruktiv elementlar ta’mirlab turilishi kerak.

Bog‘ shahar markazida joylashganligi va yoshlar uchun mo‘ljallanganligiga qaramay, hokimiyatda unga qaraydigan mas’ullar yo‘qdek tuyuladi – hozirgi kunda Anhor kanalidagi bog‘ni ishchi holatda saqlash asosan skeytchilarning zimmasida. Ular chiqindi qutisi bilan o‘rindiq sotib olishdi, tarnovni loyihalashtirishdi va o‘rnatishdi – bularning barchasini o‘z mablag‘lari va xayriya pullari, shu jumladan, “Ехала” maktabi ishtirokchilarining ota-onalari hisobidan amalga oshirishdi.

Tozalash masalasini avvaliga bolalarning o‘zlari hal qilishdi, keyinroq bunga obodonlashtirish xodimlari qo‘shilishdi. Bir kuni “Xalq nazorati”ga qilingan murojaat ish berdi – o‘shanda gaz quvurli metall konstruksiyani kesib tashlash va fonusni ta’mirlash kerak edi. Ikkala muammo ham bir kunda hal qilindi. Jamiyatning eng katta ishi – bu bolalar o‘zlari yasagan tarnov bo‘ldi.

“Yomg‘ir yoqqan vaqtda, parkda katta ko‘lmaklar paydo bo‘lardi, uchishning ilojisi bo‘lmasdi. Avvaliga muammoni o‘zim hal qilishga harakat qildim, 500 ming so‘mga material sotib olib, bortik yasayman va hech narsa tommaydi, deb o‘yladim. Lekin loyiha murakkabroq bo‘lib chiqdi. Barcha o‘lchamlarni hisoblab chiqish, tarnovning og‘irligi, suvning hajmi qancha ekanini bilish, sxemani chizish uchun qurilish tajribasiga ega odamlarni izlash kerak ekan. Natijada loyiha 7,5 million so‘mga tushdi – pulni yig‘ishga jonkuyar insonlar, xususan, o‘quvchilarning ota-onalari yordam berishdi”, – deydi Yegor.

Tarnov o‘rnatildi, lekin bu bilan muammolar tugamadi: “Hammasi tugaganiga qaramay, har hafta boshog‘riq bor. Bu turli detallar burab mahkamlanadigan oxiri yo‘q jarayonga o‘xshaydi”. 

Skeyt-park 24/7 tartibda ishlaydi va tun bo‘yi yoritib turiladi. Bu yerga har xil odamlar keliadi – ba’zilari farzandlari bilan, boshqalari suratga tushish uchun.

Maydon boshqaruvi yo‘qligi sabab turli hodisalar bo‘lib turadi. Mushtlashuvlar deysizmi?! Bir kuni, Yegorning aytishicha, xiyobonni Xorazmning velosport bo‘yicha terma jamoasi egallab olishdi: “Nima emish, biz keldikmi, kun bo‘yi shu yerda uchamiz, tamom. Mana shunday vaziyatlarda nima qilishni bilmaymiz, bu masalalarda kelishish va tizimlashtirish mumkin bo‘lgan odamning o‘zi yo‘q”.

Yandeksdan kelishdi. Yetkazib berish reklamasini suratga olishlari kerak ekan – syomka guruhi chiroqlar va dekoratsiyalarni o‘rnatishdi, figuralarni qayta bo‘yashdi va uchish uchun umuman mos kelmaydigan bitta yangisini qurishdi. Keyinroq aniq bo‘lishicha, suratga olish vaqtida ular eski panjaralarga yangi panjaralarni shunday payvandlashganki, xullas, ularda uchish umuman imkonsiz bo‘lib qolgan. Tarnovga banner osib qo‘yishdi, uning og‘irligidan quvur arang omon qoldi. Suratga olishdan so‘ng figuradan tashqari ko‘p narsalar avvalgi holatiga qaytarildi, lekin figurani rayderlar o‘zlari demontaj qila olmayaptilar, panjarani sindirishga majbur bo‘lishdi. Suv yo‘liga zarar yetkazmasdan, bannerni olib tashlash uchun esa skeytchilar uzun narvonni ijaraga olishlari kerak.

“Odamlar maydondan mana shunday tarzda foydalanishyapti, afsuski buni hech kim nazorat qilmayapti. Ularning nima qilganini ko‘rib, xafa bo‘ldim – mabodo konstruksiyalar qulab tushsa, kimdir zarar ko‘rishi mumkin edi-ku”, – deya eslaydi o‘sha kunlarni Yegor.

Anhordagi skeyt parkida. Foto: Alina Olimova Sarpa uchun

Bir necha yil oldin “Gazeta” nashri hokimiyat tomonidan qurilgan skeyt bog‘lari, bolalar maydonchalari va boshqa jamoat joylari kimning ta’minotida ekanligini aniqlashga harakat qilgan edi.

O‘shanda vorkautchi sportchilar Toshkent hokimligini Moviy gumbazlardagi sport va skeyt maydonchalarini ta’mirlash yoki yangisiga almashtirishga chaqirishgandi – avvaliga bu hududlarni qurish tashabbusi sportchilar hamjamiyatiga tegishli edi, lekin bu joylar ochilganiga ko‘p o‘tmay, turniklar buzila boshladi va ularni tuzatadigan hech kim topilmadi. Vorkautchilar ba’zi detallarni ta’mirlashga o‘z cho‘ntagidan pul sarfladilar, lekin muammo baribir hal bo‘lib qolmadi, shuning uchun ular qonun chiqaruvchi organlarni jamoat joylarini saqlash qoidalarini aks ettiruvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish va qabul qilishga chaqirdilar.

Jurnalistlarning bunday joylarga xizmat ko‘rsatish bilan kim shug‘ullanishi kerak, degan savoliga hokimlik Vazirlar Mahkamasining shaharni obodonlashtirish ishlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qaroriga ishora qilgan, lekin shunga qaramay, resurslar va asbob-uskunalarning yo‘qligini vaj qilib keltirgan. Hujjatga ko‘ra, “aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun foydalaniladigan obyektlar”dan foydalanish va ularni saqlash ishlarini mahalliy hokimiyat organlari amalga oshirishi kerak. 

Skeyt-parklarni obodonlashtirish obyektiga kiritish mumkin, chunki ular odatda xiyobonlar, bog‘lar va skver maydonlarida quriladi va ular “aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun foydalaniladigan obyektlar” qatoriga kiradi. 

Qarorning uchinchi bobida mahalliy davlat hokimiyati organlari, ya’ni hokimliklarning vazifalari bayon etilgan. Jumladan:

  • aholi punktlarining butun hududida, shu jumladan umumiy foydalaniladigan hududlarda, shuningdek aholi punktlari oralig‘idagi hududlarda obodonlashtirish ishlarini tashkil etish;
  • obodonlashtirish ishlarini arxitektura va qurilish normalari va qoidalariga qatʼiy muvofiq ravishda, shuningdek shaharlar va aholi punktlarining tashqi qiyofasiga nisbatan zamonaviy talablarni hisobga olgan holda amalga oshirish;
  • obodonlashtirish obyektlaridan foydalanish va ularni saqlash ishlarini sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq tashkil etish.

Skeytchilar ekstremal muhitni o‘zlari yaratmoqdalar hamda tajribasini boshqalar bilan baham ko‘rmoqdalar

Butun dunyo bo‘ylab skeytchilar hamjamiyatida DIY madaniyati (“Do It  Yourself” – “O‘zing bajar”) rivojlangan. Bu falsafa odamlar korporatsiyalar, xizmat haqqi baland ekspertlar yoki davlatga tayanmasdan, mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki tashkil etishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish g‘oyasiga asoslanadi. 70-yillarda pank harakati tomonidan ommalashtirilgan DIY madaniyati odamlarga mehnat mahsulotlariga daxldorlik hissini qaytaradi, meykerlarning haqiqiy ehtiyojlariga javob beradigan noyob narsalarni yaratishga imkon beradi va jarayonning shaffofligini ta’minlaydi.

Internetda mustaqil ravishda maydonchalar va tryuklar uchun kichik joylarni qurishga bag‘ishlangan DIY saytlarini topishingiz mumkin. Yegor skeytchilar mashg‘ulotlar uchun o‘zlari joy tashkil qilishlari kerakligi haqida ko‘proq gapirish lozim, deb hisoblaydi. Buning uchun DIY spots Tashkent telegram-kanalini ochgan – u yerda tarnovdan iborat suv inshootini qanday qurishni ko‘rsatib bergan. 

Unga boshqalar ham ergashdi. “Mana, Iskandar degan yigit uchib yuribdi, mahallasida o‘zi reyl (tryuk uchun quvur) yasab, hovlisiga o‘rnatdi. O‘zi material sotib olib, payvandchiga bordi. Unda o‘zi mashq qiladi. Yana bir kishi o‘z puliga skeyt-parkka ko‘chma reyl qo‘ydi”, – deydi Yegor.

Faqat andegraund emas: jamoat skeyt parklari olimpiya sport turiga o‘rgatish uchun maydoncha sifatida xizmat qilishi mumkin

Hozirgu kunda maydoncha mamlakatdagi eng yaxshi jihozlar bilan ta’minlangani sababli, bu yerda tajribali skeytchilar yangi bolalarga bilim berishmoqda. Yegor yakka tartibdagi tadbirkor sifatida boshqaradigan “Ехала” uchish maktabiga ko‘pincha 6-10 yoshdagi bolalar keladi, lekin 25 yoshdan oshgan odamlar ham o‘qigan vaqtlar bo‘lgan. Maktabni umumiy hisobda 60 nafar kishi bitirgan, lekin skeytchilar jamoasi hamon kichikligicha qolmoqda.

Занятие в скейт-парке на Анхоре. Фото: Алина Олимова для Sarpa

При этом у катания есть серьезные перспективы: пятShuni alohida ta’kidlash kerak, skeytbordda uchishning jiddiy istiqbollari bor: besh yil oldin skeytbording Olimpiya sport turlari ro‘yxatiga kiritilgan. Tokioda 2020-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarida Olimpiya harakati tarixida birinchi marta ushbu sport turi bo‘yicha medallar o‘ynaldi – ularni Yaponiya, AQSH, Braziliya, Buyuk Britaniya va Avstraliya sportchilari qo‘lga kiritishdi. Shu bilan birga, skeytbording boshqa olimpiya sport turlaridan arzonligi bilan ajralib turadi – eng oddiy taxtani taxminan 250 ming so‘mga sotib olish mumkin, yoshlar esa mashg‘ulotlarni odatda ko‘chada boshlaydilar.

Yegorning fikricha, skeytbord insonda qat’iyat va chidamlilikni tarbiyalaydigan madaniyat bo‘lgani uchun ham ahamiyatlidir. Jamoat skeyt parki esa endi faqatgina jamiyat a’zolari uchun emas, balki har bir kishi tajriba almashish, amaliyot o‘tash va hamjamiyatni yanada kuchaytirish uchun kelishi mumkin bo‘lgan demokratik makondir.

интервью, рисерч, текст
идея, редактура, верстка

You May Also Like