Xalqaro fuqarolik jamiyati tashkilotlari va faol ayollar O‘zbekiston hukumatini mamlakatga kirib kelayotgan barcha fuqarolar uchun OIVga majburiy tekshiruvga oid qonun loyihasini bekor qilishga chaqirmoqda. Sabab ushbu hujjatning inson huquqlariga mos kelmasligidir. Qonun Senat tomonidan ma’qullangan va prezident imzosini kutmoqda, agar u kuchga kirsa, O‘zbekiston o‘z qonunchiligida diskriminatsion talablar qo‘yilgan dunyodagi birinchi davlat bo‘lishi mumkin.
Qonun loyihasiga ko‘ra, xorijda 90 kundan ortiq bo‘lgan barcha O‘zbekiston fuqarolari qaytib kelgach, OIVga majburiy tekshiruvdan o‘tishlari shart bo‘ladi.
O‘zbekistonda ishlashni istagan barcha fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar ish beruvchi tomonidan xarajatlar qoplanmasa, o‘z mablag‘lari hisobidan OIVga majburiy tekshirilishi kerak bo‘ladi. Tekshiruvi ijobiy chiqqan har qanday fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga ishlash uchun ruxsatnoma berish rad etiladi yoki mavjud ruxsatnoma bekor qilinadi, bu esa OIV bilan kasallangan odamlarni mamlakatda qonuniy ishlash va yashash imkoniyatidan mahrum qiladi.
Ushbu Qonun bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi va “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Ta’kidlash joiz, ularda infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha qoidalar allaqachon mavjud.
фекции.
Rasmiylarning aytishicha, bu chora OIV tarqalishining oldini oladi. Lekin “HIV Justice Worldwide” o‘zining ochiq xatida ta’kidlaganidek, jamoat salomatligi sohasida o‘nlab yillar davomida to‘plangan jahon tajribasi va ilmiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, majburiy, jazolovchi va kamsituvchi choralar OIV yuqishining oldini olmaydi, balki uni yashirin yo‘lga o‘tishga majbur qiladi.
Hozirda O‘zbekistonda 50 mingga yaqin odamda OIV infeksiyasi aniqlangan.
O‘zbekistonda OIVga majburiy tekshiruvga oid qonun loyihasi qanday ishlab chiqilgan?
Qonun loyihasiga deputat, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Matlab Kuranov tashabbus bildirgan. Qonunchilik palatasi majlisida ayrim deputatlar qonun loyihasidagi chora-tadbirlarga, ayniqsa, respublikaga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarini majburiy tekshiruvdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga qarshi chiqishgan edi. Deputat Nodirbek Tilavoldiyevning aytishicha, ushbu qonun loyihasi hukumatga qanchalik yaxshi niyat bilan kiritilmasin, “bu masalaning boshqa tomoni ham bor: qonun loyihasi bevosita inson huquqlari bilan bog‘liq”.
Qonun tashabbuskorlari xalqaro tajribani asos sifatida keltirib, Rossiya, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, BAA, Janubiy Koreya kabi davlatlar tajribasiga tayanishganini aytishmoqda. “Gazeta.uz” tahririyati esa bunday amaliyotlar mavjudligini tasdiqlash uchun Migratsiya agentligi matbuot xizmatiga so‘rov yuborgani, u yerda Rossiya, Qozog‘istondagi tartibni tavsiflovchi turli hujjatlar, AQSH, JSST tavsiyalariga havolalar keltirilgani haqida yozgan edi. Ularning oxirida ChatGPTga havolani ko‘rish mumkin. Tahririyat shuningdek, ma’lumotlarni tekshirish chog‘ida qayd etilgan mamlakatlarda o‘z fuqarolari uchun OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tish tartibi yo‘qligini ham ta’kidlagan.
E’tiborlisi, qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida deputatlar xalqaro ekspertlardan ushbu qonun loyihasi inson huquqlarini buzishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi tahliliy ma’lumotnoma olishdi.
Agar OIVni majburiy tekshirish joriy etilsa, quyidagi xalqaro hujjatlar qoidalari buzilishi mumkin:
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (FSHTXP)
- 2-modda – OIV maqomi, migrant maqomi belgisi bo‘yicha kamsitilishdan himoya qiluvchi tenglik va erkinlik huquqi
- 7-modda – Inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomaladan himoya qilish
- 17-modda – Shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (IIMHTXP)
12-modda – Salomatlikni yaxshilash huquqi
Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (XKBBK)
12-modda – Tibbiy xizmatlar, shu jumladan reproduktiv yordamdan foydalanish
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya
24-modda – Salomatlikni yaxshilash huquqi
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya (NHK)
25-modda – Tibbiy xizmatlardan kamsitishlarsiz teng foydalanish
UNAIDS/JSST qo‘llanmasi
- Majburiy tekshiruvdan o‘tkazish qat’iyan tavsiya etilmaydi;
- OIVga tekshiruvdan o‘tkazish amaliyotini tekshiriluvchi shaxsni oldindan xabardor qilib, roziligini olish orqali amalga oshirish tavsiya etiladi; bunda maxfiylikka rioya qilish; kerakli maslahatlar berish, shu jumladan OIV yuqishi, profilaktikasi va parvarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan holda; tekshiruv natijalarining aniqligi va ishonchliligini kafolatlash va tekshiruvdan o‘tayotgan shaxslarning tegishli profilaktika, davolash va parvarishlash xizmatlari, shu jumladan, zarur holatlarda, retrovirusga qarshi terapiya muolajalarini ta’minlash zarur.
OIV/OITS va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro ko‘rsatmalar (2006)
200-sonli XMT tavsiyalari
- Ishga joylashish va migratsiya davomida OIV belgisi bo‘yicha kamsitishni taqiqlaydi;
- Bandlik va migratsiya sohasida OIV bo‘yicha kamsitishni taqiqlaydi;
- Huquqni himoya qilish va insonparvarlik yondashuviga chaqiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash rezolyutsiyalari (2021, 2024)
OIV maqomi bo‘yicha mamlakatga kirish, uning hududida bo‘lib turish va yashash bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash zarurligini tasdiqlaydi.
Yig‘ilish yakunida Qonunchilik palatasining 106 nafar deputati qonun loyihasini yoqlab ovoz berdi, 10 nafari qarshi chiqdi, 11 nafari betaraf qoldi, 5 nafari ovoz bermadi. O‘sha kuni qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilmoqchi bo‘lishdi, biroq 60 nafar deputat hujjatni takomillashtirish tarafdori bo‘ldi. 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ikkinchi va uchinchi o‘qishda faqat bir nafar deputat qarshi chiqdi. Hujjat Senatga yuborildi va senatorlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
Qonun loyihasini qabul qilish uchun Qonunchilik palatasi deputatlarining 90 foizi, senatorlarning 100 foizi ovoz berdi.
Qonun kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak. Hozircha bu sodir bo‘lmadi, nodavlat tashkilotlar qonun loyihasini bekor qilishni va mamlakatda OIV profilaktikasi uchun ilmiy asoslangan, kamsitmaydigan choralarga murojaat qilishni talab qilmoqda.
“Biz O‘zbekiston prezidentini ushbu qonunni imzolamaslikka chaqiramiz”: huquq himoyachilari qanday huqubuzarliklar haqida gapirmoqda
Huquq himoyachilari qonun loyihasi Qonunchilik palatasi va Senatda ko‘rib chiqilayotganda alohida bayonotlar orqali ushbu hujjat inson huquqlarini buzayotgani haqida ogohlantirgan edi. Mahalliy faol ayollar guruhlari O‘zbekiston hukumatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xalqaro tashkilotlar – Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, BMTning maxsus protseduralari e’tiborini tortishga harakat qilishdi.
18-avgust kuni O‘zbekiston prezidentiga OIV infeksiyasining kriminallashuviga qarshi bo‘lgan 16 ta xalqaro nohukumat tashkilotidan iborat butun koalitsiya ochiq xat bilan murojaat qildi – HIV Justice Worldwide.
HJWW Open Letter to The President and Members of the Oliy Majlis of the Republic of Uzbekistan by HIV Justice Network
Koalitsiya o‘zining ochiq xatida ushbu qonun loyihasi inson huquqlarini buzishining asosiy sabablarini umumlashtiradi (ingliz tilidan tarjima qilingan — tah.izohi).
U rozilik olish uchun xabardor qilish va jismoniy avtonomiya huquqini buzadi. OIVga tekshiruvdan o‘tish har doim ixtiyoriy, oldindan xabardor qilish orqali rozilik olish, maslahat berish va maxfiylik qoidalari vositasida amalga oshirilishi kerak. Majburiy tekshiruv odamlarni avtonomiyadan ayiradi va maʼlum bir guruhlarni shunchaki ularning sayohatlar tarixi yoki millati tufayli tahdid sifatida qabul qilishga undaydi.
U insonni millati va salomatlik holatiga qarab kamsitadi. OIV bilan kasallangan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun O‘zbekistonda ishlash yoki yashashni taqiqlash kamsitishning yaqqol misolidir. Bunday choralar BMT tomonidan qoralanadi, tashkilot barcha mamlakatlarni OIV bilan bog‘liq sayohat va yashash bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi, chunki taqiqlovchi qoidalar jamoat sog‘lig‘ini saqlash nuqtai nazaridan asoslanmagan.
U jazoni keltirib chiqarmoqda. OIV bilan yashayotgan odamlarga ishlash va yashash imkoniyatini rad etish faqat sog‘lig‘ining holati bo‘yicha jazolashga kiradi. Bu OIVni jinoyatga tenglashtirish mantig‘iga o‘xshaydi: OIV bilan yashovchi insonlarga jamiyatning teng huquqli a’zolari sifatida emas, balki xavfli shaxslar sifatida munosabatda bo‘lishni anglatadi. U ilmiy konsensus, jumladan, OIVdan samarali davolanayotgan odamlar virusni yuqtirmaydi, degan xulosani tasdiqlovchi “aniqlanmaslik = yuqtirmaslik” (U=U) tamoyilini e’tiborsiz qoldiradi.
U shaxsiy hayotga putur yetkazadi va ushbu huquqni suiiste’mol qilish xavfini tug‘diradi. Qonun intruziv kuzatuv va maxfiylikni buzish uchun eshiklarni ochadi. Jumladan, oilalar, ish beruvchilar yoki hukumatga ma’lumotlarni oshkor qiladi – natijada bu stigmatizatsiya, kamsitish, zo‘ravonlik va yashash uchun zarur vositalar yo‘qotilishiga olib keladi.
U jamiyatning zaif qatlamini nishonga oladi va ularga zarar yetkazadi. Mehnat migrantlari, ayollar va aholining boshqa himoyaga muhtoj guruhlari OIV stigmatizatsiyasi va jazolovchi qonunlardan nomutanosib ravishda aziyat chekib kelmoqdalar. Ushbu siyosat ularni yanada marginallashtiradi, ularning OIVni tekshirish, oldini olish va davolash bo‘yicha xizmatlarga ixtiyoriy ravishda murojaat qilish ehtimolini kamaytiradi.
Huquq himoyachilari majburiy tekshiruv o‘rniga nimani taklif qilmoqda?
OIVni tekshirish unga qarshi samarali kurashning muhim qismi hisoblanadi, biroq u ixtiyoriy, maxfiy bo‘lishi hamda tibbiy yordam va davolanish imkoniyatini ta’minlash orqali olib borilishi kerak. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, UNAIDS va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi OIV bilan bog‘liq majburiy tekshiruv va mamlakatga kirish, unda bo‘lib turish va yashash bo‘yicha cheklovlardan voz kechishni tavsiya qiladi.
Ushbu qonunni qabul qilish orqali O‘zbekiston OIV bilan bog‘liq sayohatlar va ish bilan ta’minlash masalalariga nisbatan kamsituvchi taqiqlarni qo‘llashda davom etayotgan kam sonli mamlakatlar qatoriga kiradi. Ta’kidlash kerak, bu kabi davlatlar tobora kamayib bormoqda. Bunday siyosatni jahon hamjamiyati allaqachon samarasiz va inson huquqlariga zid deb rad etgan, deb yozadi HIV Justice Worldwide ochiq xatida.
Kamsituvchi amaliyotlar o‘rniga ekspertlar taklif qilayotgan ba’zi choralar:
Ixtiyoriy, maxfiy va anonim tekshiruvlar: qulay tillarda va ishonchli muhitda taqdim etiladi;
Migrantlar hamjamiyatlari vakillari orqali teng huquqlilik tamoyili bo‘yicha ma’lumot berish va o‘qitish;
Ko‘chma tekshiruv punktlari va ish joylarida tekshiruv o‘tkazish;
Manfaatdor tomonlarning keng ishtiroki: jumladan, ish beruvchilar, kasaba uyushmalari, fuqarolik jamiyati va migrantlar hamjamiyatlari.
Migrantlarga xayrixoh tibbiy xizmatlar: munosabatlarda stigmani bartaraf etishga qaratilgan o‘qitish kurslari;
Huquqiy kafolatlar: tekshiruvdan o‘tish deportatsiya yoki ishga qabul qilishni rad etishga olib kelmasligi kerak;
Migratsiya holatidan qat’i nazar, OIVni davolash imkoniyatidan cheklanmagan tarzda foydalanish;