Ayollar huquqlari haqida so‘z borganda, hali ham male gaze – ayollarga erkaklar ko’zi bilan qarash hukmronlik qilmoqda,feminizm esa asosan tarixiy yondashuv orqali o’rganilmoqda.
Yilda bir marotaba O‘zbekiston mediasi ayollar va ularning jamiyatdagi roli haqidagi materiallarga to‘ladi. 2024-yilgi Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan koʻplab materiallarda mazmunan urg‘u Jadidchilik, Hujum va bu harakatlardagi ayollarning roliga asoslandi. Bayram nutqlari “bahor, go‘zallik va uy bekalari bayrami” ritorikasidan uzoqlashib, tarixiy nuqtayi nazardan bo‘lsa ham xotin-qizlar tarbiyasi, jamiyatdagi o‘ziga xos o‘rni haqidagi muhokamalar tomon ko‘chmoqda.
Yangi yo‘sindagi munozaralar chindan feministikmi, ya’ni ayollarning o‘z ovozini inobatga olganmi yoki “ayollar masalasi”ga hali ham erkak nazari bilan qaralmoqdami? Materiallarda ayollarning o‘z ovoz va perspektivalari qay darajada ko‘rib chiqilib, aks ettirilmoqda? Haq to‘lanmaydigan uy mehnati, kelin ekspluatatsiyasi, reproduktiv salomatlik, ayollarning diniy aqidalarga ko‘ra yashashga majburlanishi, bokiralik kulti, tug‘ruqdan keyingi depressiya, shisha shift va yopishqoq pol («glass ceiling and sticky floor» – ayollarning ish joylarida diskriminatsiyaga uchrashi hamda ish joyida yuqori lavozimlarga ko’tarila olmasligi haqidagi keng tarqalgan stereotiplar) — munozaraga muhtoj bo’lgan ushbu aysbergning hech bo‘lmaganda eng tepa qismi qamrab olinyaptimi?
Binazir Yusupova o‘zbek mediasida o‘zini nisbatan ilg‘or deb da’vo qiluvchi yangilik nashrlari va YouTube kanallaridagi 8-martga bag‘ishlangan materiallarni feministik nuqtayi nazardan tahlil qildi va sobiq Sovet davriga xos bo‘lgan ayollarning rolini asosan erkaklar tomonidan muhokama qilinishi odatidan uzoqlashish vaqti kelgani, bugungi kunda ayollarni tashvishga solayotgan dolzarb masalalarga e‘tibor qaratish lozimligini xulosa qildi.
Binazirbonu Yusupova – Dublin shahar Universitetining (Dublin City University) tadqiqotchisi, Yevropa Ittifoqi homiylik qiluvchi Mari Skłodowska-Kyuri nomidagi MARKETS dasturi granti sohibasi. Sasseks universitetining Rivojlanish iqtisodiyoti fakulteti magistranti. CABAR.asia tahlil maktabi ishtirokchisi.
“O‘zbek ayolining qo‘lidan hamma narsa keladi, istasa bas”: “Tepa”dan kelgan fikrlar
O‘zbekiston Prezidentining 8-mart bayramiga bag‘ishlangan an’anaviy ma’ruzasida ona muqaddasligi va uning yangi avlodni voyaga yetkazishdagi o‘ziga xos emas, balki asosiy o‘rni haqidagi qarashlar alohida o‘rin tutdi. Prezident “Qiz va ayollarni tarbiyalash butun jamiyat ravnaqi va farovonligi… oilalar baxti, farzandlar kamoloti uchun ahamiyatli”, deb ta’kidladi. Demak, ayollarga e’tibor qaratishdan maqsad bu ularning insoniy huquqi ekanligi emas, balki yurtimizni boyitish, oila institutini mustahkamlashmi? Prezident, shuningdek, bolalarni “salbiy ta’sirlar”dan asrash maqsadida ayollarni farzand tarbiyasiga ko‘proq vaqt ajratishga, uning hayoti va manfaatlari bilan qiziqishga chaqirdi. Yuqoridagi kabi xitoblar aholi tomonidan ko‘pincha mutlaq haqiqat sifatida qabul qilinadi va erkaklarning oilaviy hayotdagi ishtirokini yanada susaytiradi, natijada oilada sodir bo‘layotgan voqealar uchun ayollar yelkasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Buning o‘rniga erkaklarning farzand tarbiyasi va uy ishlarida ayollar kabi teng ishtirokini rag‘batlantirish va bu orqali haq to‘lanmaydigan uy mehnatining teng taqsimlanishini ta’minlash mumkin. XMT tadqiqotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar haq to‘lanmaydigan uy ishlarini o‘rtacha hisobda uch baravar ko‘proq bajaradi, biroq ularning mehnat bozoridagi ishtiroki darajasi 2022-yilda erkaklarnikidan atigi 1,5 foizga past bo‘lgan. Ya’ni, xotin-qizlarga haq to‘lanadigan va to‘lanmaydigan mehnat ikki barobar bosim beradi hamda bu haqda gapirilishi shart.
Prezident ayollarni tabriklar ekan, ularga onalar, opa-singillar va qizlar sifatida murojaat qilib, xotin va kelin, ya’ni kelinlik rolini chetlab o‘tdi. Jamiyatda ham vaziyat shunday: kelinlarning o‘rni past baholanadi, vaholanki bu mavzu alohida e’tibor talab qiladi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, Markaziy Osiyoda kelinlarning oilaviy ahvoli va ijtimoiy mavqei eng past ko‘rsatkichlarga ega. Kelinlik norasmiy va an’anaviy me’yor, amaliyotlar ortidan yaralgan hamda qonuniylashtirilgan tizimli zulm hamda adolatsizlik bilan tasvirlanadi. Bu haqda antropolog Ra’no To‘rayeva, mustaqil tadqiqotchi Niginaxon Saida, tadqiqotchi va davlat arbobi Nozima Davletovalar O‘zbekiston sharoitida tadqiqot olib borgan va yoritgan.
NeMolchi.uz loyihasi orqali o‘zbekistonlik qizlarning o‘zlari har kuni kelinlarga nisbatan zulm va zo‘ravonlik haqida yozadi, “Kelinizm”dagi shaxsiy tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Bular odatda shaharlik ayollarning hikoyalari, qishloqlardagi ahvoldan esa ko‘pincha dahshatli yangiliklar orqali xabar topamiz — shu o‘rinda Qashqadaryoda kelinining qaynotasi tomonidan o‘ldirilgani yoki ikkinchi xotini bilan Hajga borgan turmush o‘rtog‘ining xiyonati tufayli uch farzandi bilan derazadan o‘zini tashlab o‘ldirgan sergililik ayol fojiasini eslab o‘tish kerak. Shuning uchun ham, Prezident o‘z ma’ruzalarida nafaqat onalar, balki yosh xotin-qizlar haq-huquqlari haqida ham to‘xtalib, ularga nisbatan keng tarqalgan kamsitish, zo‘ravonlik holatlarini har tomonlama qoralashi muhim.
Rasmiylarga doir yana bir muhim material 8-mart kuni prezident birinchi yordamchisi Saida Mirziyoyevaning san’at, biznes, ta’lim va sport sohalaridagi taniqli ayol arboblari bilan uchrashuvidan olingan videotasvir e’lon qilindi. Prezidentning birinchi yordamchisi, shuningdek, to‘ng‘ich qizi ayollarning cheksiz imkoniyatlarga ega muhim shaxslar ekanini, chunki aynan ular hayot baxsh etayotganini ta’kidladi. Videotasvirida Mirziyoyeva barcha ayollarga “har qanday to‘siqlarni yengib o‘tish va muvaffaqiyatga erishish uchun kuch hamda donolik topishni” tiladi. Turli sohadagi, turli yosh va hayotiy tajribaga ega ayollar yig‘ilganidan video maqsadi aniq ifodalanmay qoladi: ayollarning rolini ko‘rsatishmi yoki ayollarni yig‘gan Saida Mirziyoyevaning roliga urg‘u berishmi?
Videoda hunarmand Madina Qosimboyeva Mirziyoyeva chopon kiyishni boshlaganidan keyin hamma undan o‘rnak olganini sekingina qistirib o‘tdi. Bu mantiqdan kelib chiqsak, prezidentning qizi yanada dolzarb mavzular — masalan, yosh kelinlarning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashini qo‘llab-quvvatlash, o‘g‘il va erlarni uy-ro‘zg‘or ishlariga jalb etish, otalar o‘rtasida ota-onalik ta’tilidan foydalanishni me’yorlashtirish kabi masalalarni ko‘tarishi va ularni “moda”ga aylantirishi mumkin.
Ayollarning g‘alabalari haqida gapirish kerak, lekin ularning har biri ortida rasmiy va norasmiy to‘siqlarga to‘la — davlat qo‘llovidan tortib ota-ona, er va qaynona-qaynota ruxsati kabi mashaqqatli yo‘l bor. Ya’ni, rasmiy me’yorlardan tashqari, ayol unga erkaklarnikidan keskin farq qiluvchi kutilmalari bo‘lgan bir qator ijtimoiy va axloqiy normalar bilan hisoblashishi yoki bo‘ysunishi kerak. Masalan, O‘zbekistonda ishga kirishdagi suhbat chog‘ida erkaklardan turmush qurish rejalari haqida kamdan-kam so‘raladi, yosh ayollar uchun esa bu hal qiluvchi masalalardan biri.
GONGO ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tashabbusi va ko‘magi bilan 5-mart kuni Markaziy Osiyo ayollarining “Be woman” forumi bo‘lib o‘tdi. Muvaffaqiyatli biznes faollari bilan birgalikda tadbirning maxsus taklif etilgan mehmoni rossiyalik murabbiy, gipnoterapevt va siyosiy maslahatchi, sanasak joy yetmaydigan bir necha fanlar doktori, mutaxassis yorlig‘i ostida o‘zining seksist qarashlarini ilgari suruvchi Aleksey Sitnikov bo‘ldi.
Masalan, Sitnikov o‘zining so‘nggi intervyularidan birida erkaklarning barcha omadsizliklarini ayollar yelkasiga yuklab “agar erkak yursa, bu uning ayolini tug‘ma xususiyati, agar ichkilikbozlikka berilsa, bu ham o’sha ayolning tug‘ma dasturi, u biznesini yo‘qotsa ham bu shu ayolning tug‘ma dasturi”, deya ta’kidlagandi. Ijtimoiy me’yorlarga e’tibor bermaslik va barcha mas’uliyatni ayollar zimmasiga yuklash, afsuski, mahalliy mutaxassislar uchun ham begona emas. Umuman olganda, ushbu tadbirning o’tkazilish mantig’i O’zbekiston uchun juda xos va mos: ayollarga ular qanday bo‘lishi kerakligini erkaklar o’rgatadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Xalqaro xotin-qizlar kuni atrofidagi siyosiy ritorika – agar u xohlasa, hamma narsaga erishishi mumkin bo’lgan o‘zbek ona-ayoli siymosi atrofida aylanganini ko‘rish mumkin.
Manbalar
Женщины и сфера труда в Узбекистане На пути к гендерному равенству и достойному труду для всех/ILO
Human rights of daughters-in-law (kelins) in Central Asia: harmful traditional practices and structural oppression/Galym Zhussipbek, Zhanar Nagayeva
Kelin in Central Asia/Rano Turaeva
A Cycle of Perpetual Violence for the Women of Uzbekistan/Niginakhon Saida
Women of Uzbekistan: Empowered on Paper, Inferior on the Ground/Nozima Davletova
Anonymous story/NeMolchi.uz
Фарғонада 64 ёшли қайнота келинини ўлдириб, марҳуманинг бошини узиб олди/Daryo.uz
Трагедия в Узбекистане: У мужа женщины, выбросившейся из окна с тремя детьми, была вторая жена/Orda.kz
Исследование ВБ: На рынке труда очень сильны гендерные стереотипы/Газета.uz
Uzbekistan: Women Are Less Paid, Less Educated, Less Equal/Irina Matvienko
Алексей Ситников – почему мужчины изменяют? Психология любовниц и как правильно мечтать/FAMETIME.TV
Mustaqil onlayn nashrlar: 8-martga tarixiy nazar
Ilk bosqichda media-loyihalarda ayollar va ularning O‘zbekiston tarixidagi o‘rni mavzusida materiallar tayyorlandi. Ularning barchasi asosan arxiv materiallari hamda akademik tarixiy maqolalar tahliliga, yoki tarixchilar bilan suhbatlarga asoslangan edi. Ko‘rinib turibdiki, mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davridan beri hamma narsa milliy mafkura tarixiy shaxslarga asoslanishi yozilmagan qoidaga aylangan. Avvaliga bu qudratli sarkarda Amir Temur siymosi bo‘lgan bo‘lsa, keyingi paytlarda “millat barpo etish” mafkurasi jadidchilik harakati vakillari, XX asr ilg‘or ziyolilari tomon qaratildi.
Bu tendensiyani hatto 8 martga bag‘ishlangan gender tengligi hamda milliy mafkuraning bir-biriga bog‘liqligi va kesishishini ta’kidlovchi materiallarda ham kuzatsa bo‘ladi. Buning isbotini “Hook!” nashri tomonidan e’lon qilingan Jadidchilik va uning namoyondalari haqida qisqacha ma’lumot beruvchi videoda ham ko‘rish mumkin. Videoning yorqin g‘oyasi filologiya fanlari professori Oygul Ismoqovaning “Gender bizga Yevropadan emas, jadidlar bilan 100 yil avval kelgan” degan so‘zlaridir. Boshqacha aytganda, gender tengligi g‘oyasi Markaziy Osiyo xalqlariga xos bo‘lib, tashqaridan emas, balki mintaqamiz vakillarining o‘z dunyoqarashidan kelib chiqadi.
Shuningdek, Jahongir Azimovning “Gazeta.uz”dagi Hujum tarixi, Sharq ayollarini ozod qilish bo‘yicha sovet kampaniyasi haqidagi barcha jihatlar ko‘zdan qochirilmagan batafsil tahlillarini ham alohida ta’kidlash joiz. Unda muallif tarix professori Dilorom Alimova va uning shogirdi, tarix fanlari doktori Marian Kampning o‘zbek ayollari o‘z tanalarini nazorat qilish huquqi uchun to‘lagan badalning roli hamda qiymatini qayta ko‘rib chiqish uchun olib borgan uzoq yillik tadqiqot ishlariga murojaat qiladi.
Jahongir Azimov ilmiy fikrlarni keng ommaga yetkazuvchi ovozga aylanib, akademiya va xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tash uchun o‘zining ilg‘or axborot nashrida ishlayotgan yosh jurnalist erkak sifatidagi nufuzidan foydalanadi. Bundan tashqari, u ayollarni sovet hokimiyatining qurbonlari sifatida ko‘rsatishga intilmaydi, ularni o‘z vakolatlaridan mahrum qilmaydi, biroq ayni damda ular to‘lagan tovonni ham o’z materialida to’liqligicha yoritadi. Tarix biryoqlama talqinga ega emas va Azimov buni ko‘plab tarixchilardan ko‘ra professionalroq ravishda ko‘rsatib beradi. Maqolaning o‘zbek tiliga tarjimasi yanada kuchliroq ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardi, biroq u faqat rusiyzabon auditoriyaga e’lon qilingan. 8 mart kuni ommaviy axborot vositalarida chop etilgan boshqa materiallar bilan solishtirganda, bu material feministik va dekolonializm tahlili bilan istisno sifatida ajralib turadi.
O‘zbek tilidagi ommaviy axborot vositalariga to‘xtalsak, Kun.uz XX asr o‘zbek ayollarining targ‘ibot-tashviqot suratlari asosida fotomaterial hamda tarixchi Feruza Jumaniyozova va G‘aybulla Boboyorovlar tomonidan buyuk erkaklarning onalari haqida so‘z yuritilgan videomaterial tayyorladi. Video “har bir muvaffaqiyatli erkakning ortida ayol turadi” degan iboraning to‘g‘riligini tarixiy kontekstda isbotlab beradi. Faqat ibora o‘zbekcha talqinda bu ayolning Ona ekanligini ifodaydi.
Feruza Jumaniyozova Kun.uz’ning videosida tarix fanining jahon miqyosida ham, O‘zbekiston kontekstida ham ko‘zga ko‘ringan ayol obrazlari mavzusida sukut saqlayotganini aniq qayd etadi. G’aybulla Boboyorov ayollarning maslahatchi rolidagi turkiylar siyosiy hayotida faol rolini aytib o‘tgan. Biroq, ushbu videoning tasvirga olinishi ayollarning o‘zidan buyuk olim, mutafakkir, diplomatlar va siyosatchi chiqishi mumkinligi haqidagi fikrni istisno qiladi.
Ya’ni, ayol o‘zi buyuk bo‘la olmaydi — u faqat buyuklarni tug‘ishi va tarbiyalashi mumkin, shundaymi? Go‘yo uning asosiy roli faqat onalik va tarbiyada… Erkaklarning “nomukammalligi” masalasida esa yana ayol ayblanadi: bolaga yetarlicha bilim bera olmagan, uning tarbiyasi uchun keraklicha vaqt ajratmagan.
Ko‘plab ayollar uchun onalik roli chindan ham muhim, biroq ayollik qiyofasini faqat onalik atrofida qurish farzand ko‘ra olmaydigan, farzand ko‘rishni istamaydigan, farzandini yo‘qotgan yoki o‘z shaxsiyatini faqat onalik roliga asoslamaydigan ayollarning katta qatlamini o’chirib tashlaydi.
Bundan tashqari, onalikka bunday urg‘u berish ko‘pincha yosh qizlarning yo‘lida to‘siqqa aylanib, ularning oldiga ijtimoiy tanlov qo‘yadi: yo bilim olib karyera qilish yoki oila qurish. Jamiyat birinchisini tanlaganlarni qoralaydi, lekin oila va karyerani uyg‘unlashtirish uchun yetarlicha imkoniyat yaratib bermaydi ham.
Manbalar
Gender and nation in post-Soviet Central Asia: from national narratives to women’s practices/Juliette Cleuziou, Lucia Direnberger
Поэтессы, журналистки и художницы — женщины-джадиды в истории Узбекистана/Хук
Ўзбекистон аёллари йигирманчи асрда – архив суратларида хотин-қизлар ҳаёти/Kun.uz
Media loyihalar: Onlayn choyxonaga aylangan YouTube o‘zbek segmenti
O‘zbekistonda YouTubedagi media-loyihalar tabiiy ravishda ommaviy narrativning shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda, bu holat tarmoqdan tashqaridagi bo‘g‘iq fuqarolik jamiyati uchun ajablanarli emas. Ayollarning mehmon sifatidagi kamdan-kam ishtiroki bilan mahalliy YouTube loyihalarida erkaklar yetakchilik qiladi. QURULTOY, Chaq-chaq podcast, Lolazor, Ular, Subyektiv, NmaGap — bu kanallar erkaklar yig‘ilib o‘zi uchun muhim bo‘lgan masalalarni erkak nuqtayi nazaridan muhokama qiluvchi zamonaviy onlayn choyxonaga aylangan.
Ammo ushbu maskulin ummon orasida kichik orollar — masalan Parda Podcast kabi ayollar uchun ayollar tomonidan tashkil qilingan feministik loyihalarni ham uchratish mumkin. Va bu loyihalarda olimlar, ekspertlar, bloger va faollarga ushbu yangi media muhitida madaniy tarjimon sifatidagi muhim vazifa yuklanadi.
Bu nafaqat ayol ekspertlarni ko‘proq taklif qilish, balki ularning ehtiyojlarini inobatga oladigan va ishtirok etishni rag‘batlantiradigan muhit yaratish muhimligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, turli jins, yosh, ijtimoiy mavqe, ta’lim va ijtimoiy o‘ziga xoslikning boshqa belgilarini hisobga oluvchi mehnat jamoalarini yaratish ham kerak.
O‘zbek YouTube loyihalaring 8-mart kuniga bag’ishlangan sonlari haqida so‘z yuritarkanman, Parda Podcast’ning tarix fanlari doktori, mustaqil tadqiqotchi Baxtiyor Alimjanov taklif etilgan soni hamda QURULTOY podkastining tarix fanlari doktori, dotsent Iroda Shamsiyeva ishtirokidagi epizodiga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Parda Podcast — o‘zbek tilidagi ayollarga bag‘ishlangan birinchi va yagona podkast. Afsuski, feministik mavzular ko‘tarilishiga qaramay, loyiha ochiqchasiga shu pozitsiyada turmaydi. U feminizm, jinsiy tarbiya, reproduktiv va ruhiy salomatlik, cheklovchi ijtimoiy me’yorlar, mizoginiya, migratsiya, islom va hijob kabi nozik hamda dolzarb mavzularni ko‘taradigan jasur loyihadir. Loyihani jurnalist Muhabbat Mamirova va bloger Sarvinoz Toliboyeva olib bormoqda. Loyihani o‘zbek YouTube’ning tomoshabinlarga patriarxal jamiyat tomonidan belgilangan doiradan tashqaridagi yangi ayol namunalarini ochib beruvchi, patriarxal landshaftdagi o‘ziga xos feminizm oroli, desa bo‘ladi.
QURULTOY o‘zini oʻtmish va bugun haqidagi intellektual podkast sifatida namoyon qiluvchi loyiha bo‘lib, unda ikki erkak boshlovchi — bloger Nodir Nishonov va tilshunos Eldar Asanov mutaxassislarni taklif etib, ular bilan turli mavzularda suhbatlashadi. Podkastning 2024-yil 8-martgacha suratga olingan 39 ta sonining bor-yo‘g‘i 5 tasida mehmon sifatida ayollar taklif etilgan, yana 3 tasida ayollar erkak mehmon bilan birga taklif qilingan.
Ushbu namoyish mamlakatda ayol mutaxassislarning yetishmasligi haqida noto‘g‘ri tasavvur hosil qiladi. Doktor Shamsiyeva bilan boʻlgan podkastdan maʼlum boʻlishicha, mamlakatda tarixchi ayollar koʻp. Biroq ayol kishi ishdan keyin uyiga yugurib, bolalariga ovqat pishirayotgan bir paytda, erkaklar hamkasblari bilan uchrashish va yangi loyihalarni muhokama qilishdek xos imkoniyatga ega.
Erkaklar nuqtayi nazariga ochiqdan ochiq yo‘nalganiga qaramay, 8-mart sonida QURULTOY jamoasi ushbu yondashuvning muammoli mohiyatini muhokama qildi va tarixda nima uchun erkak nuqtayi nazari hukmronlik qiladi, degan dolzarb savolga dunyoqarashi va hayotiy tajribasini hisobga olgan holda ayol tarixchi yordamida javob topishga qaror qildi. Bu sondagi feministik yondashuvni, qolaversa, uch nafar professionalning ko‘p yillik tadqiqotlarga asoslanib, tarixiy faktlar bilan sug‘orilgan ongli va hurmat asosidagi suhbatni tomosha qilish yoqimli bo‘ldi.
Parda Podcastining Baxtiyor Alimjanov ishtirokidagi butun suhbat davomida yosh boshlovchi qizlarga ochiqchasiga bepisand flirt qilgani, seksist hazillarga to’la soni esa yuqoridagi podkastdan keskin farq qiladi. Ta’kidlash joizki, yigitlar boshlovchilik qilgan boshqa podkastlarda tarixchi mezbonlarga nisbatan bunday pastkash munosabat ko‘rsatmagan. “Parda”da esa boshlovchilarning gaplarini bo‘lib, o‘z fikrlarini to‘liq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalashiga imkon bermadi va o‘zining tasavvuridagi intellektual ustunligini har tomonlama namoyish qilmoqchi bo‘ldi. Feminizmning muhim jihati — bu bir kishi yoki kishilar guruhining madaniy, ijtimoiy, institutsional va tarkibiy omillar tufayli boshqasining imkoniyatlarini cheklashiga asoslangan hokimiyat tizimini ko‘rib chiqish. Alimjonov erkak sifatida ayollarni bo‘ysundiruvchi patriarxatning manfaatdori ekanligini yaxshi anglaydi va o‘z “hokimiyatini” munosabatlarni tenglashtirishga yo‘naltirish o‘rniga bundan teskari maqsadda foydalandi.
Alimjonovdan farqli o‘laroq, tarixchi Shamsieva QURULTOY podkastida so‘zini hayotidagi olim bo‘lishiga hissa qo‘shgan erkaklarga minnatdorchilik bilan boshladi. Muhokamadagi asosiy muddao qahramonning ilm-fan va boshqa sohalarda ham faqat kuchlarni birlashtiribgina ayollar uchun teng huquq va imkoniyatlarga erishishimiz mumkin, degan fikri edi. Shamsiyeva bilan podkastning maqsadi tarixga faqat erkaklar nuqtayi nazarining muammoli tabiatini tahlil qilish va tarixni fan sifatida erkaklar tajribasiga bog‘lash muammosini muhokama qilish bo‘lgan.
Shamsieva akademik muhitning ahvoli, ham tarix, ham antropologiya sohasidagi mutaxassislarning roli haqida ochiq gapirdi. U O‘zbekistonning o‘tmishdagi va hozirgi zamondagi ko‘plab qiziqarli ayol siymolarini alohida tanishtirib o‘tdi. Doktor Shamsieva bu ayollarning ko‘p qirraliligi va bitta tor mutaxassislikda qolib ketmaganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, u ayollar tarixini faqat ayollar o‘rganishidan afsuslanishini ham aytib o’tdi. Ehtimol, bu haqiqatni muammoga aylantirmay, aksincha uni qo’llab-quvvatlash kerak, chunki ayollarning tarixga va umuman fanga bo’lgan fikrlari juda zarurdir (“Ko’rinmas ayollar” kitobi buning isboti).
“QURULTOY” boshlovchisi Eldor Asanov hozirda O‘zbekistonda ayollar rivoji uchun institutsional to‘siqlar yo‘q, faqat oilaviy to‘siqlar mavjud, degan fikrni bir necha bor bildirgan. Bu juda namunalili fikr. Nogironligi bo‘lmagan shaxslar ham Toshkentni qulay shahar deb hisoblagani (misol uchun – raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov) kabi, erkaklar ham jamiyatimizni to‘siqdan xoli deb bilishadi – “ayol faqat istasa bas, barcha sharoitlar mavjud.”
Shamsiyeva ochiq qarama-qarshilikka kirishmagan holda buning aksini tasdiqladi. U doktorant ayollarga ilmiy rahbar aynan ayol kishi bo‘lishi shart qilib qo‘yilgani, shuningdek, professorlik lavozimlarida ayollarning yetishmasligi muammosi haqida amaliyot va o‘z tajribasidan misollar keltirdi. Bu bilan olima Asanovning fikrini bilvosita rad etib, mamlakatdagi rasmiy va norasmiy institutlar hali ham qanchalik cheklovlarga to‘la ekanligini ko‘rsatib bergan. Ayollarda, ayniqsa, hokimiyat munosabatlari kesimida, hali ham ko‘plab to‘siqlar mavjud. Ehtimol, ba’zi sohalarda (sog‘liqni saqlash va ta’lim) talabalar orasida ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proqdir, ammo ta’lim iyerarxiyasida qanchalik yuqorilagan sari, qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan pozitsiyalarda ayollar shunchalik kam bo‘ladi.
Xuddi shu mantiq bilan erkaklar Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi ayollar namoyishlarga chiqayotganini iddao qilishadi. Baxtiyor Alimjanovning “Chaq-chaq” va Parda Podcastda aytganidek “Nega chiqmayapsiz? Har 8-martda marshlar o‘tkazadi!”, deyishlari mumkin. Bu bilan ular O‘zbekistonda feministik harakat yo‘q, degan xulosaga kelishga o‘zini haqli deb hisoblaydi. Lekin erkaklarning o‘zi tinch namoyishlar o‘tkazish erkinligidan foydalanib umumiy O‘zbekiston fuqarolarining huquqini qo‘llab-quvvatlaganmidi-ki, ayollar huquqlari borasidagi marshlariga yo‘l ochilsa? Qiziq, balki ular ham O‘zbekistonda mitinglar o‘tkazishning qonuniy tartibini topolmagandir, va bu belgilanmagan tartibni buzganliklari uchun belgilangan javobgarlik haqida xabar topishganmikin?
Reallikka erkak nuqtayi nazari orqali qarash O‘zbekistondagi feminist va profeministlar institutsional to‘siqlarga qaramasdan yaratayotgan past darajadagi faollik hamda o‘z-o‘zini tashkillashtiruvchi ijodiy tashabbus va harakatlarni ko‘rib, munosib baholashga imkon bermaydi.
Mening xayolimga birinchi bo‘lib 2017-yildan beri, gender tenglik iborasi endigina kirib kelgan, oila ichidagi zo‘ravonlik haqida hatto gapirilmagan davrlarda ham oilaviy zo‘ravonlik masalasini ko‘tarib kelayotgan Nemolchi.uz loyihasi gavdalanadi. 1990-2000-yillarda turfa ayollar bilan chuqur intervyular asosida O‘zbekistondagi ayollar transformatsiyasi haqida bir qator materiallar yaratgan yozuvchi, me’mor va tadqiqotchi Marfua To‘xtaxo‘jayeva misolida-chi? 1991-yilda To‘xtaxo‘jayeva mamlakatdagi ayollar o‘z huquqlari haqida bilib oladigan hamda ayollar ahvolini tahlil qiluvchi birinchi Ayollar resurs markazini ochdi, markaz 2005-yilda hukumat bosimi ostida yopilishga majbur bo‘ldi.
O‘zbekistonda feministik harakat bo‘lgan, bor va keyinchalik ham bo‘ladi. Lekin u ham bizning ayollarimiz singari moslashib, o‘zgarib, transformatsiyaga uchrab, erkaklar idrok eta olmaydigan turli shakllarga o‘tishi mumkin. Agar biz havoni ko‘z bilan ko‘ra olmasak, bu uning yo‘qligini anglatmaydi. Shunga o‘xshash mantiq imtiyozlarga nisbatan ham ishlaydi. Agar ular bir guruhda, masalan, erkaklarda bo‘lsa, boshqa guruhda ularning yo‘qligi sezilmaydi.
Ancha muvozanatlashgan hamda to‘laroq muhokamalar tashkil etish uchun boshqa sonlar davomida ham 8-martdagi kabi ayollar ovozi va nuqtayi nazarini qamrab olish kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, iloji boricha ko‘proq ayol mutaxassislarni, feminist va faollarni nafaqat ekspert sifatida, balki ijodkorlar jamoasi a’zosi sifatida ham jalb qilish muhimdir.
Ayollarning yetarli darajada ishtirok etmasligi real vaziyat haqida noto‘g‘ri tasavvur hosil qiladi, buni QURULTOY podkastlaridagi gender nomutanosibligi va har ikki podkastdagi erkaklar tomonidan ijtimoiy me’yorlarga e’tiborsizlik misolida ko‘rish mumkin. QURULTOY va Parda Podcast kabi ma’rifiy Youtube loyihalarida muhokama qilinayotgan mavzularning dadilligi va ahamiyatini inkor qilmagan holda qayd etish kerakki, hatto 8-mart sonlarida ham ayollar masalasiga “erkaklar nigohi” ustunlik qilmoqda.
Manbalar
O’zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri – Sherzod Shermatov/Troll.uz
Узбекистан: обновленная гендерная оценка по стране/ADB
Марфуа Тохтаходжаева: О трансформации советской женщины в мусульманскую/CAA Network
Feminizm mavzusida hayp ko‘tarish yaramaydi: tarixchi Alimjanov keysi
Feminizm markazida “shaxsiy — bu siyosiy” (personal is political) shiori turadi. Tarixchi Baxtiyor Alimjonov ishtirokidagi Parda Podcast sonini tahlil qilib, O‘zbekistonda o‘zini yagona haqiqiy feminist sifatida ko‘rsatuvchi tarixchi bu shiorni haddan tashqari so‘zma-so‘z tushunib yuborgan, degan xulosaga kelasiz.
Alimjonov feminizm haqidagi muhokamalarini o‘zining tarixchilik tajribasi bilan spekulyatsiya qilgan holda ziddiyatli, ba’zan bir-biriga mos kelmaydigan, dogmatik taxminlar asosida quradi, lekin bunda u faqat ayollar bilan muvaffaqiyatsiz ishqiy munosabatlari bilan bog‘liq shaxsiy tajribasiga tayanadi xolos. Masalan, u xotin-qizlarni erkaklarga bo‘ysundiradigan ijtimoiy me’yorlarning ustidan kulish o‘rniga, undan ko‘chaga chiqishdan oldin ruxsat so‘ragan qiz ustidan kuldi.
Alimjanovning fikricha, kapitalizm — bu “ayol nihoyat o‘z tanasi va aqlini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan” tizimdir. Ammo “pushti soliq” deb ataluvchi, ya’ni ayollar tovarlarining erkaklar tovarlariga nisbatan qimmatroq bo‘lish tendensiyasi bilan bog‘liq butun bir go‘zallik sanoati buning aksini ifodalaydi. Kapitalizm va patriarxat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va bir-birini oziqlantiradi. Ayollar go‘zalligi standartlari erkaklar tomonidan o‘zlarining jinsiy istaklari atrofida quriladi. Alimjonov, nihoyat, o‘ziga o‘xshagan “intellektual” ayollarni xohlashi uchun ayollarni o‘qitish kerak, deya patriarxat va kapitalizmning o‘zaro yaqin aloqasini tasdiqlaydi. Seksual jihatdan emas, balki intellektual tarafdan, deydi u 17-daqiqa 26-soniyada.
Alimjanovning fikricha, kapitalizm ta’lim, kitob va tashqi olam orqali ayollarni “tuzatadi”, bu esa birgalikda o‘z maqsadini yo‘qotgan o’zbek, o’zbekistonlik erkaklarini “davolash va sog‘aytirishga” yordam beradi. Alimjanovning “feminizmi”da hamma narsa avvalgidek faqat erkaklar uchun va erkaklar atrofida aylanadi, ayollar esa cheklovchi ijtimoiy me’yorlar bo‘lmagan dunyoda yashaydi. Shu asnoda uning “ayollar erkaklardan ustun bo‘lishi kerak” degan iborasi o’zbek, o’zbekistonlik jamiyatidagi o‘ta keskin antifeministik kayfiyatlarni alanga oldiruvchi yog‘dan boshqa narsa emas. Hozirda o‘zbek, o’zbekistonlik feministlarining ko‘z yoshlari va qoni evaziga bu mavzuda ochiq gapirish xavfsiz tusga kirgan bir vaqtda, Alimjanov zamonaviy tilda aytganda, feminizm mavzusida hayp ko‘tarmoqda.
Alimjanov O‘zbekistonga “mustamlakachilik feminizmi” tashxisini qo‘ydi, lekin o‘zi “ideal” ayol obrazini muqarrar talab qiluvchi qarash — zamonaviylik ideallarini kapitalizm orqali tushunadigan kolonial dunyoqarash doirasida fikr yuritdi. Uning tushunchasiga ko‘ra, mustamlakachilik feminizmi — feministik kun tartibi “yuqori”dan keladigan tizim va O‘zbekiston misolida u kun tartibi prezident va “tepadan” kelishini ta’kidlaydi, barcha o’zbek, o’zbekistonlik feministlarida ideal erkak obrazi mavjudligi vaji bilan faol ayollarning rolini inkor etadi.
Alimjanovning “haqiqiy” feminizmida feministlarda ideal ayol obrazi bo‘lishi kerak. U ideal ayol obrazini yaratish va ommalashtirish erkaklar tomonidan ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni kamaytirishga yordam beradi, ularni toqatliroq qiladi, deb ta’kidlashda davom etdi. Alimjonov o‘zini feminist sifatida ko‘rsatib, aslida gender tengsizlik, shu jumladan ayollarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni ayollarning o‘ziga yuklash bilan band bo‘ldi. Bu fikr “o‘zing aybdorsan”ning nozikroq shaklidan boshqa narsa emas.
Alimjanov erkaklarning aybini ayollarga yuklash o‘rniga, bokiralikka sig‘inishni o‘z obro‘-e’tiboridan foydalanib qoralashi, o‘zining ommaviy “hukmronligini” erkak-intellektual auditoriyasiga bokiralik ayol nazorati uchun uni moddiylashtirib, qadrini tanasi, jinsiy a’zosi butunligiga bog‘laydigan ijtimoiy konstruksiya ekanligini tushuntirishga yo‘naltirishi mumkin edi. Olim sifatida u yoshlarni bokiralikni yo‘qotish qo‘rquvi bilan emas, balki o‘z tanasi haqida ongli ravishda qaror qabul qilish va himoyalanmagan jinsiy aloqa oqibatlarini bilish imkonini beradigan bilimlar bilan harakatlantirish uchun e’tiborni jinsiy ta’limga qaratishi mumkin edi.
Buning o‘rniga u ushbu mavzu atrofidagi ijtimoiy me’yorlarning qat’iyligini juda yaxshi tushunsa-da, o‘z bokiraligini kattaroq yoshga qadar saqlab qolgan qizlarni qoralay oldi xolos.
Parda Podcastning oldingi soniga fotodokumentalist Umida Ahmedova taklif qilingandi, u 2009-yilda bokiralik yuki va bu amaliyot oqibatlari haqida xuddi shu nomdagi filmni suratga olgan, hamda, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortilib, jamoatchilik bosimiga duchor bo‘lgan. Yaxshiyamki, Umida Ahmedovaga nisbatan “o‘zbek xalqini haqorat qilishda” asossiz ayblov bo‘yicha 3 yillik jinoiy jazo e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay bekor qilindi. Baxtiyor Alimjanov va Umida Ahmedova misollari munozarali mavzular atrofidagi diskursni o‘zgartirish uchun inson o‘z ovozidan turli tarzda foydalanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Alimjanov bokira qizlarni qoralagan bo‘lsa, Ahmedova o’z navbatida birinchi nikoh kechasida qizlarning bokiraligini tekshirishning halokatli va kamsituvchi amaliyoti oqibatlarini yoritdi.
Alimjanov odamlarni “qora xalq” va ziyolilarga (o‘zini mansub deb hisoblagan) ajratadigan irqchi-elitar ohangdan foydalangan bo‘lsa-da, davlat darajasidagi qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq lavozimlarda ayollarning o‘rni haqidagi muhim mavzuni ko‘tardi.
Uning aytishicha, bunday muhim lavozimlarga yo “qulay” ayollar (qaror qabul qilishga soxta ta’sir ko‘rsatish imkoniyati bilan), yoki nufuzli erkaklarning qizlari va rafiqalari, yoki ikkalasi ham birgalikda qo‘yiladi. Shu o‘rinda boshlovchi Muhabbat Mamirova ayollar ko‘proq rahbarlik lavozimlarini egallashi kerakligini aytganida, Alimjanov O‘zbekistonda aqlli va bilimli ayollar yetarli emasligini ta’kidlaydi. Bu gapdan keyin qator holatlar birdan xayolga keladi, ulardan biri 2019-yilda sodir bo‘lgandi. Aqlli va o‘qimishli jamoat faoli Aziza Umarova O‘zLiDeP partiyasiga a’zo bo‘lib deputatlikka nomzodini qo‘yishga qaror qildi, biroq uni o‘z nomzodini qaytarib olishga majbur qilishdi. Tashabbuskor, bilimli xotin-qizlarda kamchilik yo‘q — ularni rahbarlik lavozimlariga yetishiga yo‘l qo‘ymaydigan erkaklar va tarkibiy to‘siqlar mavjud. Afsuski, O‘zbekistonda xotin-qizlarning siyosiy darajadagi vakilligi patriarxat mantig’iga muvofiq ravishda erkaklar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Manbalar
“На гос. телевидении Узбекистана я под запретом”. Интервью Азизы Умаровой про общество и страну/AlterEgo
2025-yil 8-mart qanday bo‘lishi mumkin?
O’zbek, O‘zbekiston media makoni materiallari ko‘p hollarda erkaklar tomonidan tayyorlanadi, ular tomonidan efirga uzatilgan yoki ayollarning roli haqida erkaklarning tasavvurlarini o‘zida aks ettiradi. Siyosiy minbarlardan ham, YouTubedagi loyihalar materiallaridan ham ayollarimizga yildan yilga millat, farzand va er manfaati uchun xizmat qiluvchi onalik roli yuklanmoqda. 8-martdagi munozara nafaqat bu rolni mustahkamlaydi, balki agar ayollar onalik rolini “bajara olmasa” yoki uni bajarmaslikni tanlasa ayollarni bo’yniga hamma mas’uliyatni yuklaydi. Agar biz haqiqatdan ham rivojlanishni xohlasak, ayolda faqat onani ko‘rishni to‘xtatishimiz kerak.
Feministik kun tartibiga tobora ko‘proq erkak-ekspertlar jalb qilinayotganini ko‘rish quvonarli. Ammo jalb qilinayotganda muhokamani o‘z obro‘sini oshirish va ayollarning ovozini bostirish tomon burish emas, balki feministik ovozni kuchaytirish va maskulinlik atrofidagi ijtimoiy me’yorlarga nisbatan tanqidiy o‘z-o‘zini refleksiya qilish uchun erkak hukmron pozitsiyasidan foydalanish muhimdir.
Shuningdek, 8-martga bag‘ishlangan aksariyat materiallar tarixga tayanib, o‘tmishdagi faktlar bilan hozirgi xatti-harakatlarni u yoki bu darajada legitimlashtirishga, yoki hozirgi narrativga ko‘ra: onalik prizmasi orqali tarixni “o‘qish”ga harakat qilgan. Feminizmni o‘tmishda izlash – muhim ish. Masalan, bu bilan rassom Saodat Ismoilova anchadan beri muvaffaqiyatli shug‘ullanib kelmoqda. Ammo tarix bizni hozirgi voqelikdan ajratib qo‘yishi mumkin, uning talqini esa hokimiyat egalarining manfaatlariga moslashadi. Tarixga havolalar didaktik xarakterga ega bo‘lib, o‘tmishdagi xatolarni tushunish va qayta anglash, saboq chiqarish va ularni hozirgi va kelajakda takrorlamaslikni maqsad qilishi kerak. Lekin bularning o‘rniga ular qandaydir aqida tarzida taqdim etiladi. Shu sababli, gender tenglik uchun kurashda tarixga e’tibor berishdan hozirgi kunning dolzarb muammolariga o‘tish muhim qadam bo‘ladi.
Ayollarni qiynayotgan dolzarb muammolarni yoritish va ularning yechimini topishga harakat qilish zarur. Bunda katta avlod feministlarimizdan ham, yosh zamondoshlarimizdan ham ko‘p narsa o‘rganishimiz mumkin. Ayollar ko‘pincha ijtimoiy adolatsizlikni bartaraf etishda ham birinchi qatorda turishadi: ekologiya muammolarini yorituvchi Mutabar Xushvaqtova, feministik faollikda Irina Matviyenko, agroeksport sohasida Dora Atadjanova, ayollar huquqlarini himoya qilish sohasida Dilfuza Kurolova va Kamola Aliyeva. Shuningdek, “gender tengligi” iborasi faqat tor doiralarda shivirlab aytiladigan bir davrda ayollar huquqlari va nikoh shartnomalari haqida birinchilardan bo‘lib dadil gapirgan me’mor va yozuvchi Marfua To‘xtaxo‘jayeva, fotohujjatchi Umida Ahmedova yoki Sayyora Xo‘jayeva kabi ilgarigi davr feministlarni ham unutmasligimiz kerak.
Ha, gender segregatsiyali “choyxona”larni o‘tmishda qoldirib, yanada inklyuziv media makonlarni yaratishni boshlash vaqti keldi. Xalqaro xotin-qizlar kunida va undan tashqari ham ayollarning o‘z ovozlari va fikrlarini aks ettirishni boshlash vaqti keldi.
Umid qilamanki, 2025-yil 8-mart haqiqatan ham feministik bo‘ladi.
Ushbu material ilk bor rus tilida chop etilgan boʻlib, uning oʻzbek tilidagi tarjima va tahririda hissa qoʻshgan tarjimon va muharrirlar — Shohista Qayumova, Maxfiratbegim Azizova hamda Saodat Umarovalarga minnatdorchilik bildiramiz.