«Savollar tug‘dirmoqda»: faollar va ekspertlar — Sea Breeze ekologik ekspertizasi haqida

UZ | RU

23-aprel kuni Spot.uz nashri Toshkent aholisi uchun yagona ichimlik suvi manbai bo‘lgan Chorvoq suv ombori hududida qurilishi rejalashtirilgan Sea Breeze loyihasi ijobiy ekologik xulosa olgani haqida xabar berdi.

Biroq, eko-faol Mo‘tabar Xushvaqtova @urikguli yozishicha, ekspertiza hujjatini diqqat bilan o‘rganib chiqqanda, ko‘plab asosiy savollar javobsiz qolgani ma’lum bo‘ladi. Xushvaqtova bir qator mutaxassis va mutaxassislar bilan ekspertizani baholab, ulardan o‘z kasbiy baholarini berishni so‘radi.

Shunday qilib, tabiiy fanlar doktori Yulduzxon Abdullayeva loyiha bo‘yicha ijobiy ekologik xulosaning ilmiy tahlilini keltiradi – uning tahlili ijobiy ekologik xulosaning ilmiy asoslanganligini qayta baholashga qaratilgan. Jamoat arbobi Mirzayor Erkinov (Mirzo Zominiy) loyihaning barcha bosqichlarida shaffoflik bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratadi, huquqshunos Dilfuza Qurolova esa inson huquqlari va Orxus qoidalariga rioya etilishi nuqtai nazaridan ekspertiza o‘tkazish jarayoni haqida izoh berdi.


Yulduzxon Abdullayeva
tabiiy fanlar doktori

— Mazkur tahlil Chorvoq suv ombori hududida rejalashtirilgan “Sea Breeze Uzbekistan” turistik majmuasi bo‘yicha berilgan ijobiy ekologik ekspertiza xulosasining ilmiy asoslanganligini qayta baholashga qaratilgan. Hujjatda keltirilgan ekologik baholashlar qisman texnik ko‘rinishga ega bo‘lsa-da, ularning ko‘plari soddalashtirilgan, uzoq muddatli ekologik xavflar esa yetarli darajada hisobga olinmagan.

Chorvoq suv ombori Markaziy Osiyodagi eng muhim suv xo‘jaligi tizimlaridan biri bo‘lib, u nafaqat rekreatsiya hududi, balki strategik gidroenergetik va ichimlik suvi manbai hisoblanadi. Ushbu tizim orqali Toshkent va Toshkent viloyatida yashovchi 3 milliondan ortiq aholi suv ta’minotiga bevosita yoki bilvosita bog‘langan. Bundan tashqari, Chirchiq daryosi orqali keng sug‘orish tizimlari va Chorvoq GES orqali energetik tizim ham shu suv balansiga tayanadi. Demak, ushbu hududdagi har qanday yirik antropogen yuklama lokal emas, balki milliy xavfsizlik darajasidagi masala hisoblanadi.

Iqlim o‘zgarishi va muzliklar fonidagi eng jiddiy yetishmovchilik

Loyiha ekologik baholashida eng muhim ilmiy bo‘shliq — uzoq muddatli iqlim va suv resurslari ssenariylarining inkor etilishi yoki yuzaki ko‘rib chiqilishidir. So‘nggi ilmiy kuzatuvlarga ko‘ra:

— Markaziy Osiyoda muzliklar so‘nggi 60 yil ichida ~30% gacha qisqargan;

— Ayrim hududlarda (masalan, Tojikiston) 14 000 muzlikdan 1 000 tasi yo‘qolgan;

— Qirg‘izistonda muzliklar maydoni ~16% ga kamaygan;

— Mintaqada harorat global o‘rtachadan 2 barobar tezroq oshmoqda;

— Muzliklarning keskin erishi 2035–2055 yillar oralig‘ida eng yuqori nuqtaga chiqishi prognoz qilinmoqda.

Bu holat Chorvoq suv ombori uchun bevosita xavf tug‘diradi, chunki uning asosiy suv manbalari Chotqol, Ugam va yuqori tog‘ muzliklariga bog‘langan.

Shu sharoitda loyiha hujjatida “barqaror suv ta’minoti mavjud” degan faraz ilmiy jihatdan asoslanmagan, chunki real prognozlar aksincha — uzoq muddatli suv tanqisligi kuchayishini ko‘rsatadi.

Suv iste’moli va antropogen yuklama bo‘yicha noaniqlik

Loyihada quyidagi ko‘rsatkichlar keltirilgan — kunlik suv iste’moli: 7 000 m³, maksimal yuklama —10 000 turist + 7 000 xodim.

Ammo bu raqamlar Chorvoq suv havzasining ekologik suv balansi bilan solishtirilmagan, mavsumiy suv kamayishi (yozgi pik davrlar), iqlim o‘zgarishi sababli suv oqimlarining 20–30 yilda kamayishi ehtimoli inobatga olinmagan. Natijada suv iste’moli “texnik norma” sifatida berilgan, lekin ekologik chegaralar bilan bog‘lanmagan.

Atmosfera havosi: soddalashtirilgan model

Hisobotda emissiyalarning 99,8% qurilish changi sifatida baholangan. Bu yondashuv ilmiy jihatdan to‘liq emas, chunki:

  • ekspluatatsiya davridagi transport oqimi hisobga olinmagan
  • 10 000+ tashrifchi uchun avtomobil emissiyalari kiritilmagan
  • PM2.5 va PM10 zarrachalari modellashtirilmagan

Bu zarrachalar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan eng xavfli ifloslantiruvchilar sifatida tan olingan bo‘lib, ular nafas yo‘llari kasalliklari va yurak-qon tomir muammolarini kuchaytiradi. Shuning uchun “ta’sir lokal va boshqariladigan” degan xulosa ilmiy asosga ega emas.

Suv oqova tizimi va avariya xavfi

Loyihada oqova suvlar tizimi murakkab tashqi infratuzilmaga tayanadi (jumladan Chirchiq tozalash tizimlari).

Muammo shundaki — tizimning to‘liq gidravlik modeli ochiqlanmagan, avariya ssenariylari baholanmagan, favqulodda holatda iflos suvning Chorvoq suv omboriga tushish ehtimoli inkor etilmagan. Bu holat yuz bersa, u millionlab aholining ichimlik suvi xavfsizligiga bevosita tahdid tug‘diradi.

Geologik xavflar: miqdoriy baholash yo‘qligi

Loyiha hududi— seysmik faol hudud, ko‘chki va sel jarayonlariga moyil, tik relyefga ega.

Shunga qaramay, 577 gektarlik qurilishning geodinamik ta’siri modellashtirilmagan, eroziya va yer siljish xavfi miqdoriy baholanmagan, balki “boshqariladi” degan umumiy xulosa berilgan. Bu ilmiy yondashuv emas, balki tavsifiy yondashuv hisoblanadi.

Biologik xilma-xillik bo‘yicha yetarli tadqiqot yo‘qligi

Hisobotning o‘zida dala tadqiqotlari to‘liq emasligi tan olingan. Migratsiya yo‘llari va ekologik koridorlar tahlil qilinmaganiga qaramay, kamyob turlar «hududdan tashqarida» degan xulosa berilgan. Bu metodologik xato hisoblanadi, chunki empirik ma’lumotlarsiz bunday xulosa chiqarish ilmiy jihatdan asoslanmaydi.

Qishloq xo‘jaligi va mintaqaviy ta’sir

Chorvoq tizimi Toshkent va Sirdaryo viloyati hududi bo‘ylab minglab gektar sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ta’minlaydi. Suv sifatining yomonlashuvi hosildorlik kamayishi, tuproq sho‘rlanishi, iqtisodiy yo‘qotishlar kabi zanjirli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Asosiy tizimli muammo: “qabul qilinadi” xulosasi

Eng muhim ilmiy ziddiyat shundaki hujjatda ekologik xavflar tan olinadi, lekin yakuniy xulosa “qabul qilish uchun qoniqarli” deb beriladi. Bu yondashuv ehtiyotkorlik prinsipi (precautionary principle) ekologik xavfsizlik tamoyillariga zid hisoblanadi.

Yakuniy ilmiy xulosa

Sea Breeze Uzbekistan loyihasi bo‘yicha berilgan ijobiy ekologik ekspertiza xulosasi:

  1. Uzoq muddatli iqlim o‘zgarishi ssenariylarini hisobga olmagan;
  2. Muzliklar erishi va suv tanqisligi xavfi yetarli baholanmagan;
  3. Atmosfera va transport emissiyalari soddalashtirgan;
  4. Geologik xavflar miqdoriy tahlilsiz qoldirilgan, biologik xilma-xillik bo‘yicha yetarli dala ma’lumotlariga tayanilmagan

Eng muhim jihat: Markaziy Osiyoda muzliklarning ~30% yo‘qolishi, haroratning global o‘rtachadan 2 barobar tez oshishi va suv resurslarining 2035–2055-yillar oralig‘ida keskin kamayish xavfi mavjud bo‘lgan sharoitda bunday yirik loyiha uchun yanada chuqur, mustaqil va modelga asoslangan ekologik baholash talab etiladi.

Ekspertiza qisqa vaqt ichida amalga oshirilgani, bir qancha ilmiy kamchiliklar borligi o’quvchida jiddiy savollar tug’dirishi aniq. Aslida haqiqiy ekologik ekspertiza, Atrof-muhitga ta’sirni baholash (EIA) jarayoni xalqaro standartlarga asoslanib, asosiy manbalar sifatida Yevropa Ittifoqi EIA Direktivi, UNEP tamoyillari hamda Jahon banki Environmental and Social Framework ishlatiladi.

EIA jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:

Skrining bosqichida loyiha EIA talab qilinadimi yoki yo‘qligi aniqlanadi. 

Skoping bosqichida asosiy ekologik xavflar belgilanadi (suv resurslari, biologik xilma-xillik, ifloslanish, oqava suvlar). 

Baseline Study bosqichi amalga oshiriladi, ya’ni hozirgi ekologik holat o‘rganiladi (suv sifati, ekotizimlar, gidrologiya, mavsumiy o‘zgarishlar). 

Ta’sirni baholash va modellashtirish bo‘lib, kelajakdagi ekologik o‘zgarishlar prognoz qilinadi (evtrofikatsiya, ifloslanish, suv tizimlariga ta’sir). 

Yumshatish choralari (mitigation) ishlab chiqiladi, ya’ni salbiy ta’sirlarni kamaytirish yoki oldini olish usullari belgilanadi. 

Environmental impact statement (EIS) tayyorlanadi, bu rasmiy yakuniy hujjat hisoblanadi. Jamoatchilik muhokamasio‘tkaziladi va manfaatdor tomonlar fikri olinadi. 

Qaror qabul qilish va monitoring, loyiha tasdiqlanadi yoki rad etiladi va amalga oshirilgandan keyin ekologik ta’sir doimiy nazorat qilinadi.

EIA (Environmental Impact Assessment) mamlakat qonunchiligi, loyihaning murakkabligi, ma’lumot yig‘ish zarurati va jamoatchilik ishtiroki bosqichlariga qarab: kichik loyihalar: bir necha hafta — 2–3 oy, o‘rta loyihalar: odatda 3–6 oy, yirik yoki ekologik sezgir loyihalar: 6 oy dan 1 yil+, ba’zida 1,5–2 yilgacha cho‘zilishi mumkin

Muhimi — EIA “tezroq yopib qo‘yiladigan” jarayon emas. Unga baseline ma’lumotlarni yig‘ish (ko‘pincha mavsumiy kuzatuvlar), jamoatchilik eshituvlari va ekspertiza kiradi. Agar shu bosqichlar to‘liq o‘tkazilsa, ayniqsa sezgir hududlarda, bir necha oy ichida tugatish odatda shubha uyg‘otadi.

Ayniqsa, suv ombori yaqinidagi turistik komplekslar, qirg‘oq zonalari va qo‘riqlanadigan hududlar juda sezgir hisoblanadi, chunki ular ichimlik suvi manbai bo’lgani uchun ifloslanish hamda evtrofikatsiya xavfi yuqori.


Mirzayor Erkin (Mirzo Zominiy)
Jamoatchilik faoli

«Toshkentning ichimlik suvi manbasi bo‘yidagi Sea Breeze loyihasiga fevralda “sekingina” ruxsat berilgani oylar o‘tib ayon bo‘lishi ochiqlik va’dalarining amaldagi holatini ko‘rsatib qo‘ydi.

Ekologik xatarlar va strategik obyektlar bilan bog‘liq bunday qarorlarning jamoatchilik va OAVdan yashirin qabul qilinishi tizimdagi shaffoflik shunchaki rasmiyatchilik ekanidan dalolat. Agar hayotiy muhim hududda qurilishga ruxsat berish fevraldan buyon yashirilgan bo‘lsa, bu boshqa vaziyatlarda ham xuddi shunday yo‘l tutilayotganidan darak emasmi?

Oshkoralik va’da emas, o‘z vaqtida taqdim etiladigan hisobdorlikdir; aks holda, har qanday bayonot shunchaki mas’uliyatdan qochishga urinish bo‘lib qolaveradi. Meni endi bu ekologik ekspertiza guruhi tarkibidagilar, biror kor-hol boʻlgan taqdirda javobgarlikni mas’ullar boʻyniga olishi, qonun qat’iy va jazo muqarrarligiga ishontira olasizmi?»

Aytish kerakki, loyiha bo‘yicha jamoatchilik eshituvi Toshkent viloyati rahbariyati tomonidan atigi bir marta o‘tkazildi — u ham ish kunida, ertalab soat 9:00 ga belgilangan. Faollarning aksariyati uchun bu vaqt noqulay ekani oldindan ma’lum bo‘lsa-da, aynan shunday format tanlandi. Bu esa ochiq va inklyuziv muloqot emas, balki ishtirokni sun’iy cheklashga o‘xshaydi.

OAVda mavzu yetarlicha yoritilmayapti, ko‘plab soha mutaxassislari esa ochiq fikr bildirishdan tiyilmoqda. Bunday sukut tasodifiy emas — u sun’iy shakllangan ehtiyotkorlik yoki qo‘rquv muhitini eslatadi. Natijada esa loyiha shaffofligiga nisbatan savollar tobora ko‘paymoqda.


Dilfuza Kurolova
Inson huquqlari bo‘yicha yurist

«Sea Breeze Uzbekistan loyihasi bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholash (EIA) jarayoni protseduralarga rasmiy jihatdan rioya qilinganini ko‘rsatsa-da, hozirgi ko‘rinishida u xalqaro standartlarga — jumladan Orxus konvensiyasi, ekologik va ijtimoiy barqarorlik tamoyillari (Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Ekvator tamoyillari va boshqalar) hamda global amaliyotga muvofiqligi nuqtayi nazaridan jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.

Avvalo, haqiqiy shaffoflik va jamoatchilikning samarali ishtiroki yetishmasligi kuzatiladi. Ommaviy eshituvlarning o‘tkazilgani o‘z-o‘zidan meaningful participation (mazmunli ishtirok) talablariga rioya etilganini anglatmaydi: manfaatdor tomonlarning fikr-mulohazalari loyiha qarorlariga qay darajada ta’sir qilgani va inobatga olingani bo‘yicha dalillar mavjud emas.

Eng tanqidiy jihat — qurilish bosqichidagi ijtimoiy omillarning yetarli darajada o‘rganilmaganidir, bu esa xalqaro amaliyotga (xususan, IFC standartlariga — mehnatni muhofaza qilish va jamoalar bilan ishlash bo‘yicha) zid.

Bu Orxus konvensiyasida belgilangan erta bosqichda ishtirok etish prinsipiga zid.

Xususan, quyidagilar bo‘yicha kompleks baholash mavjud emas:

  • ishchilar salomatligi uchun xavflar (chang, shovqin, mehnat sharoitlari),
  • yaqin hududdagi aholi punktlariga ta’sir (havo ifloslanishi, transport yuklamasi, suvga kirish imkoniyati),
  • kichik va chakana biznesning iqtisodiy siqib chiqarilishi,
  • ishchi kuchi oqimi bilan bog‘liq ijtimoiy xavflar (jumladan, keskinlikning oshishi, jinoyatchilik, gender asosidagi zo‘ravonlik) va boshqalar.

Bu jihatlarning e’tibordan chetda qolishi EIAga fragmentar yondashuv qo‘llanganini ko‘rsatadi, ya’ni ekologik baholash ijtimoiy baholash bilan integratsiya qilinmagan — holbuki bu xalqaro standartlar talabi hisoblanadi.

Umuman olganda, yuqoridagi kamchiliklar sezilarli huquqiy, reputatsion va operatsion xatarlarni yuzaga keltiradi. Jumladan, xalqaro majburiyatlarning buzilishi, jamoatchilik ishonchining yo‘qolishi va loyiha amalga oshirilishi jarayonida nizolar kelib chiqishi ehtimoli mavjud.

Eslatib o‘tish muhim: 2025-yil 11-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Orxus konvensiyasiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu oddiy hujjat emas — u davlat zimmasiga aniq majburiyatlar yuklaydi.

Mazkur konvensiya fuqarolarning atrof-muhitga oid ma’lumotlarga erkin kirishini, qarorlar qabul qilish jarayonida real ishtirokini va ekologik masalalarda odil sudlovga erishish huquqini kafolatlaydi. Demak, unga a’zo davlat sifatida O‘zbekiston bu prinsiplarga amal qilishi — shaffoflikni ta’minlashi, jamoatchilik fikrini formallik uchun emas, amalda hisobga olishi va qarorlarni ochiq muhokama orqali qabul qilishi lozim.

You May Also Like