Bugungi kunda birgina Toshkentning o‘zida o‘nlab onlayn faoliyat yurituvchi faollar tashabbuslarini sanash mumkin. Telegramdagi piyodalar guruhlaridan tortib, mediafaollarning Instagramdagi sahifalarigacha – minglab odamlar raqamli hamjamiyatlarga qo‘shilmoqda. Mamlakatda 12 million kishining Instagram sahifasi borligi va butun dunyoda internet-faollik yuksalayotganini hisobga olsak, bu oddiy hol.
Biroq, boshqa bir paradoks bor. Poytaxtda davlatdan mustaqil ravishda faollik va jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanadigan jismoniy makonlar barmoq bilan sanoqli. Kichik NNTlarning o‘z ofislari, ro‘yxatdan o‘tmagan tashabbuslarning esa oflayn tadbirlar uchun joylari yo‘q. Tashkilot davlat idoralari yoki konformist san’atga qanchalik yaqin bo‘lsa, joy masalasi shunchalik oson kechadi.
Quyi tashabbuslar qanday qilib o‘z maskanini topishi va undan ayrilishini mustaqil galereya va jamoat makoni bo‘lgan 139 Documentary Center misolida ko‘rish mumkin. 2019-yildan beri galereya ikki marta joy almashtirdi: avval Shampan vinosi zavodi hududidan markazga yaqinroq – Shevchenko ko‘chasiga ko‘chdi. 2024-yildan boshlab esa galereyaning o‘z binosi yoq‘.
Biz 139 Documentary Center asoschisi, faol va madaniyat menejeri Timur Karpov bilan suhbatlashdik. Suhbatimiz tuganmas muammolar, shaxsiy xatolar, umidlar hamda Sultonali Mashhadiy ko‘chasidagi binoning devorlari ortida sodir bo‘lgan ezgu ishlar haqida kechdi. Shuningdek, “Artdokfest”, ma’muriy ish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash haqida ham gaplashdik. Suhbat qiziqarli chiqdi.
Binoni OLXdan topmadik — undan ham yaxshiroq yo‘l chiqdi
Binoni OLXdan topmadik — undan ham yaxshiroq yo‘l chiqdi
139 Documentary Center jamoasi bino izlashni 2019-yilda boshlagan. O‘sha paytlarda tijoriy ko‘chmas mulk narxlari ancha past edi — bu qurilish “bumi” boshlanishidan avvalgi, eski binolarda takliflar ko‘p bo‘lgan o‘sha Toshkent edi.
Avvaliga jamoa kichikroq — taxminan 50-60 kvadrat metrli joy qidirgan. Ular OLX orqali, do‘stlar va tanishlar yordamida izlashgan, lekin joyni piyoda yurib qidirish natijasida topishgan: o‘zlariga ma’qul kelgan hududni tanlab, uni piyoda yoki mashinada shoshmasdan aylanib chiqishgan.


“Bu o‘ziga xos shahar tadqiqoti edi. “Agromash” zavodidagi binomizni o‘rtog‘im bilan birga uch oylik qidiruvdan so‘ng topdik. Shampan vinosi zavodi yonida edik va yo‘lning pastrog‘ida nima bor ekan, deb qiziqib qoldik. 70 metrdan so‘ng o‘sha binoni va “IJARA” yozuvini ko‘rdik”, — deya hikoya qiladi Karpov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu joy ularga birdaniga ma’qul kelgan.
Eski sex kabi
galereya uchun qayta
qurishdi
Eski sex kabi
galereya uchun qayta qurishdi
Xona tashlandiq holda edi: sobiq sex, ishlab chiqarishdan qolgan bir uyum axlat, noldan qilishga to‘g‘ri kelgan eski kommunikatsiyalar. Ijara narxi bir kvadrat metr uchun 2 dollar atrofida bo‘lgani uchun butun joyni olishga muvaffaq bo‘ldik.
“Ammo rostini aytsam, o‘sha paytdagi byudjetimiz bilan buning uddasidan chiqa olmasdik va tavakkalga qo‘l urgandik”, — deydi asoschi.

Timurning hikoyasida “tavakkal” so‘zi umuman tez-tez quloqqa chalinadi. U buni alohida ta’kidlaydi — faol, nonkonformist faoliyat bilan shug‘ullansang, madaniy tadbirkorlik qoidalari bo‘yicha yashasang, bularning bari o‘zi bilan siyosiy, obro‘ga oid va moliyaviy xatarlarni olib keladi. Bu ko‘p hollarda jamiyat va hukumat uchun tushunarsizdir.
Galereyadagi ta’mirlash ham katta sarmoya talab qiladigan tavakkalchilik edi.
“Men mantiqqa tayanishni bilmasdim va barcha harakatlarim faqat shunday edi. Aqlsizlik va jasorat, orzum ketidan yuguraman. Bozorni, biznes tuzilishini, O‘zbekistonning turmush haqiqatini mendan ancha yaxshi tushunadigan odamlar bir ovozdan meni jinniga chiqarishardi”, — deb tan oladi Karpov.

Hozir, deyarli 7 yil o‘tib, u birovning joyini kapital ta’mirlashga boshqa pul tikmasligini tushunib turibdi. Lekin o‘shanda hammasini chiroyli qilishni istagan edi. “Bu zavod, eski bino, kommunikatsiyalar bilan bog‘liq muammolar bor, senda esa odamlarni taklif qiladigan jamoat makoni, axir SanPiN qoidalari (sanitariya me’yorlari) ham bor-ku”, — deydi u.
Elektr simlari almashtirilgach, boshqa kommunikatsiyalarga o‘tishdi, bir ish ikkinchisini yetaklab keldi — natijada mayda-chuyda ta’mir ishlari deyarli hech qachon tugamadi.

Yangi makonni bezatishda brutalizmga murojaat qilishga, bemalollik, soddalik, “zero effort” (ortiqcha harakatsiz) hissiyotini yaratishga qaror qilindi.
Xorijiy misollardan tashqari, galereyadagi vizual yechimlar qisman Kanishka va Zerlump do‘konlarining bezaklaridan ilhomlanib yaratilgan. Kanishka do‘konlari asoschisi Alekseyning qarashlari galereya jamoasiga yordam berdi va O‘zbekistonda ham shunday qilish mumkinligiga ishonch bag‘ishladi. O‘sha paytda butun mamlakat bo‘ylab bunday estetikaga ega beshta ham joy chiqmas edi — hozir esa bu trendga aylangan.
Timurning aytishicha, aynan shunday vizual konsepsiyaning tanlanishiga jamoa uchun barcha rassomlar, rezidentlar, hamjamiyat a’zolarining makon bilan erkin ijod qila olishi muhim bo‘lgani ham sabab bo‘lgan. Ko‘rgazma maydonini istalgan rangga bo‘yash asosiy qoida edi.
Misol uchun, “Sarpa” ko‘rgazmasida devor pushti rangga bo‘yalgan, “Yaqqol bo‘shliqlar” ko‘rgazmasida esa devorlarning suvoqlari ko‘chirib tashlangan.

“Odatda galereyalar devorlarni parmalashni taqiqlaydi, lekin biz uchun bu eng asosiy narsa edi. Shiftni parmalash, unga nimadir osish, installyatsiyalar qurish, elektr tizimini qayta o‘tkazish kabi”, — deya eslaydi asoschi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, galereyada ishlaydigan hamjamiyat, agar u yerda devorni o‘yish (shtroblash) imkoniga ega bo‘lmasa, bu makonga o‘zini daxldor his qilmaydi.
Maskanda turfa odamlar
|yashar, biroq ularning
ko‘pchiligida pul yo‘q edi
Maskanda turfa odamlar yashar, biroq ularning ko‘pchiligida pul yo‘q edi
Galereya auditoriyasi turlicha edi. “Yoshidan va jinsidan qat’i nazar, muqobil yoki tanqidiy bilim va amaliyotlar izlayotgan shaharliklar”, — deya umumlashtirishga urinadi Timur. Aktivistlar uchun ham eshiklar katta ochiq edi.
Galereya makonida Toshkentdagi ko‘plab quyi bo‘g‘in tashabbuslari — moc, Sarpa, Qizlar, NeMolchi.uz, Tashkent — SNOS, Hook Report, SoKo-fest, Ayt Community, Self Safe, DSL musiqiy jamoasi hamda ekologiya, hayvonlarni himoya qilish, inson huquqlari, media va boshqa ijtimoiy muammolar bilan shug‘ullanuvchi tashkilot va aktivistlar o‘z tadbirlarini o‘tkazar yoki loyihalari ustida ishlar edi.
Bu yerda fotolaboratoriya bo‘lib, plyonka yuvishni yaxshi ko‘radiganlar uchun uni yuvib berishardi.


O‘z joyi bo‘lmagan notijorat loyihalarga galereyadan bepul joy ajratilib, proyektor va stullar berib turilardi. Bu makonning maqsadlaridan biri edi. “Chunki shaharda o‘z aktivistlik tadbirlaringni bemalol va xavfsiz tarzda bepul yoki juda arzon o‘tkazadigan joylar bo‘lmagan, hozir ham yo‘q”, — deb eslaydi Timur Karpov.
Agar tashkilotning puli bo‘lsa, qancha to‘lashni o‘zlari hal qilishardi. Ba’zan bu katta, ba’zan esa kichik summalar bo‘lardi. U qo‘shimcha qiladi: “Aynan shu yondashuvimiz qarzdorlikka sabab bo‘la boshladi — aksariyat tadbirlar tijoriy emas, bepul o‘tkazilgani uchun”.
“Open-air”lar va graffiti-fest:
oddiy avtoturargohda
nimalar qilsa bo‘ladi?
“Open-air”lar va graffiti-fest: oddiy avtoturargohda nimalar qilsa bo‘ladi?
Ha, galereya markazdan ancha uzoqda edi va jamoaning aytishicha, tashrif buyuruvchilar bu haqda doim shikoyat qilishardi. Lekin qolgan hamma narsa a’lo darajada bo‘lgan. Katta avtoturargoh doimiy ravishda yarmarka va konsertlar uchun moslashtirib turilardi: bular moc fest, WE COSMOS, Yangia Market kabi tadbirlar edi.
Sanoat maydonlarida ochiq osmon ostidagi tadbirlar (open-air) butun dunyoda ancha vaqtdan beri o‘tkazib kelinadi, ammo Toshkentga bu hodisa aynan o‘sha 2020-yilda kirib keldi va yangilik bo‘ldi. “To‘g‘ri, bu bir hovuch g‘ayratli yoshlar darajasida kirib keldi”, — deya qo‘shimcha qiladi Timur.


O‘sha paytda graffiti festivali katta voqea bo‘lgan edi. Uch million aholiga ega shaharda sobiq sexning ushbu fasadi devorlarga bo‘yoq purkagichlar bilan erkin va senzurasiz rasm chizish mumkin bo‘lgan yagona joy bo‘lib chiqdi.
Garchi Sultonali Mashhadiy ko‘chasi, 210-uyda galereya endi bo‘lmasa-da, graffitilar hamon o‘sha yerda: ularning fonida reklamalar, kliplar va filmlardan epizodlar suratga olingan.

Zavod ma’muriyati va ijaraga beruvchi bunday faoliyatga qarshi emasdi. “Bizni qo‘llab-quvvatlagani, himoya qilgani va chidagani uchun Azamat Ismoilovichga hamda “Agroximmash”ga minnatdorchilik bildirmoqchiman”, — deydi Karpov. U o‘z tajribasidan kelib chiqib, shunday xulosaga kelgan: agar bino egasidan omadingiz kulmasa — demak, hayotda ham omadingiz chopmagan.
Hokimiyat bilan birinchi
to‘qnashuv: “Free Palestine,
Free Gaza” yozuvi
Hokimiyat bilan birinchi to‘qnashuv: “Free Palestine, Free Gaza” yozuvi
Galereya jamoasi yigitlari so‘nggi ish kunigacha “ruxsat etilgan chegaralarni qay darajada kengaytirish mumkinligini sinab ko‘rish bilangina shug‘ullanishdi”.
Timurga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘yin qoidalari yo aniq emas, yo tez-tez o‘zgarib turadi. “Karimov davrida ham, hozir ham o‘zgarmagan yagona narsa shuki, umuman olganda, hech qayerga burningni suqmaslik, hech narsa uyushtirmaslik va doimiy qo‘rquv holatida yashash xavfsizroq”, — deydi u ishonch bilan.
Hokimiyat bilan noxush muloqot holatlaridan biri aynan graffiti bilan bog‘liq edi. Tunda, galereya jamoasidan hech kim yo‘qligida, Tupakning portreti tushirilgan graffitiga “Free Palestine, Free Gaza” degan yozuv tushirib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishgan.

Bu post internetda tarqalib ketdi va ertasiga ertalab graffiti yoniga bino egasi, hudud direktori, prokuratura, DXX, hokimiyat va uchastka noziri yig‘ildi. “Bir to‘da odam, hammasi tomoshaga kelgan, buni men yozganimga aybdor qilishga urinishdi, amaldorlarning kallasi shunday ishlaydi – birinchi bo‘lib shuni o‘ylashadi”.
Yozuvni ularning ko‘z o‘ngida pushti rangga bo‘yab tashlashdi va Karpovning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea nega bu yerda biror siyosiy pozitsiyaga ega bo‘lish qimmatga tushishi va xavfli ekanini yaqqol ko‘rsatib beradi.
“Shu bilan birga, “Artdokfest” voqeasigacha — bunda Vitaliy Manskiy aybdor, buni alohida ta’kidlayman — bizning hokimiyat bilan bevosita to‘qnashuvimiz bo‘lmagan”, — deydi galereya asoschisi.
Hatto ularning Ukraina borasidagi “xavfli” pozitsiyasi va xayriya tadbirlariga qaramay, galereya sukutli qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lgan va hech qanday to‘siqlarga duch kelmagan, hatto ba’zi joylarda norasmiy ravishda qo‘riqchilar ham qo‘yilgan edi.
“Ardokfest”dan keyingi
ma’muriy ish, jarima
va Oliy sud
“Ardokfest”dan keyingi ma’muriy ish, jarima va Oliy sud
Galereyadagi mustaqil hujjatli filmlar “Artdokfest” festivalining dastlabki ikkitasi risoladagidek o‘tdi.
Uchinchisiga kelib, Rossiyada festival asoschisi Vitaliy Manskiyga nisbatan jinoiy ish ochildi — bunga uning Ukraina borasidagi ochiq pozitsiyasi ham sabab bo‘ldi. Uning “Putin guvohlari” kabi avvalgi ishlarini inobatga olsak, u Rossiya prezidentining deyarli shaxsiy dushmaniga aylanib qolgandi.

2024-yilda “Artdokfest” festivali namoyishlaridan biriga uchastka noziri kelib, tashkilotchilar go‘yoki qonunni buzayotganini aytib, tadbirni tugatishni buyurdi. Jamoa bunga huquqiy jihatdan tayyor bo‘lmagani uchun film namoyishini to‘xtatishga va ziddiyatga bormaslikka qaror qildi.
Keyinroq, ular aslida hech qanday qonunni buzmayotganiga aniqlik kiritib olgach, filmlarni namoyish etishda davom etdi.
Namoyishlarni to‘xtatish uchun asoslar noaniq edi: jamoaga Madaniyat vazirligi va IIBBdan kelgan xatlarni ko‘rsatishdi. “Namoyishni yopish uchun kelgan tergovchilardan biri ehtiyotsizlik qilib, bizga Rossiya elchixonasining xatini ko‘rsatib qo‘ydi. Unda filmlar ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ba’zilari umuman Markaziy Osiyo filmlari edi, Rossiyaniki emas”.
Xatning nusxasi galereyaga taqdim etilmadi.

Timur Karpovning aytishicha, u uchastka noziri huzurida soatlab o‘tirgan. Oxir-oqibat, uni yolg‘on bahona bilan aldab, tuman sudiga olib borishgan, u yerda esa allaqachon uning ishi ko‘rib chiqilayotgan edi.
Tuman sudida Karpov ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishga oid 165-moddasi bo‘yicha BHMning 14 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Shahar sudi filmlar namoyishi ommaviy tadbir bo‘lmagani va bu haqda xabardor qilish talab etilmasligini tan oldi, biroq MJKning 165-moddasi bo‘yicha chiqarilgan hukmni yangi sabab – “Madaniy meros agentligini madaniy boyliklarni realizatsiya qilish faoliyati to‘g‘risida xabardor qilmaslik” vajini ko‘rsatib, o‘z kuchida qoldirdi.

Himoya tomoni Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat yo‘llab, unda, jumladan, 2024-yil mart oyidan boshlab bunday faoliyat uchun litsenziya talab etilmasligini, u festival boshlanishidan avvalroq prezident qarori bilan bekor qilinganini ko‘rsatdi. Bu hali ushbu modda mazmunining festivaldagi faoliyatga umuman aloqasi yo‘qligini hisobga olmaganda shunday.
Ayblanuvchining o‘zi esa, bu holat huquqiy masxarabozlikka aylanib ketdi, tergovdagi qonunbuzarlik faktlari e’tiborsiz qoldirildi, Oliy sud sudyasi Elza Shamsutdinova esa o‘z xulosasida tinglovchilar ishtirokida bu jazo “boshqalarga saboq bo‘lishi uchun” tayinlanganini aytdi, deb hisoblaydi.

Karpov o‘ziga ko‘rsatilgan elchixona xatlari va siyosiy vaziyat tahliliga asoslanib, bu muammolar bevosita Manskiy, O‘zbekistonning Rossiya bilan yaqin aloqalari, 2024-yilda Rossiya elchixonasining munosabati hamda O‘zbekiston hukumatining ushbu munosabatga javobi bilan bog‘liq, deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, “Artdokfest” tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmadi. “Bu kambag‘al tashkilot emas, ularni qo‘llab-quvvatlovchilar juda ko‘p. Qolaversa, Vitaliy Manskiyning o‘zi ham badavlat inson. Ammo galereya uchun bu ko‘proq yoqimsiz ekspluatatsiya tajribasi bo‘ldi, biz esa negadir mustaqil kinoga bo‘lgan muhabbatimiz tufayli o‘zimiz uchun noqulay bo‘lgan bunday shartlarga rozi bo‘laverdik”.
Ma’muriy ish bilan bog‘liq vaziyatdan so‘ng Vitaliy Manskiy jarima yoki advokat xarajatlariga yordam berish uchun pullari yo‘qligini ma’lum qildi.

“Artdokfest” festivalidan so‘ng galereya darhol o‘zining NOMSIZ festivalini o‘tkazdi, unga ham IIB xodimlari keldi. Jamoa galereya derazalariga qonundan olingan ko‘chirmalar yozilgan bayonotni oldindan ilib qo‘ygandi: unda festival qanday asoslarga ko‘ra o‘tkazilishi ko‘rsatilgan bo‘lib, bunga kuchishlatar idoralar ko‘rsatmasining nusxasi ham yopishtirilgandi.
Shundan so‘ng NOMSIZ festivalining qolgan namoyishlari risoladagidek o‘tdi — Karpovning fikricha, bunga u yerdagi filmlarning Rossiya bilan hech qanday aloqasi yo‘qligi sabab bo‘lgan.
Pullar qayerdan kelar
edi — va nega asosan
bo‘lmas edi
Galereya qanday daromad oldi
Galereya o‘z faoliyati davomida biznes va barqarorlik borasida doimiy ravishda tajribalar o‘tkazishga harakat qilgan. Hammasi plastinkalar do‘konidan boshlangan — o‘sha paytda bu shahardagi yagona shunday maskan edi. U yerda galereya atributlari va printlar ham sotilgan.
Asosiy daromadni 139 Documentary Center bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim tijoriy loyihalar keltirgan. Jamoaning aytishicha, madaniyat muassasalari uchun grantlar ajratilgan, ammo ular katta mablag‘lar bo‘lmagan, chunki jamg‘armalarning siyosati grant pullarini barcha xarajatlarni qoplash uchun ishlatishga yo‘l qo‘ymaydi.
Daromadning yana bir qismi xayriyalar, binolarni subarendaga berishdan tushgan pullar hamda tijoriy va homiylik tadbirlari hisobidan shakllangan.
139 Documentary Center ko‘pincha ro‘yxatdan o‘tgan notijorat tashkilotlar bilan ishlagan: Toshkentdagi Fransuz alyansi, British Council, Yevropa Ittifoqi elchixonasi, Shveysariya hamkorlik byurosi, Gyote instituti. Bu ham daromad manbai bo‘lib, korporatsiyalar bilan hamkorlik qilish, kirishni pulli qilish va davlatdan ko‘mak olishdan tiyilish imkonini bergan — bu esa mustaqil bo‘lishga yordam bergan.
2023-yilda kengayish, binolarni tijoriy maqsadlarda ijaraga berish va nihoyat, yaxshi daromad topa boshlash uchun ikkinchi qavatdan yana bir xona olish imkoniyati tug‘ildi.

“Bizda ham, hamkorlarimizda ham “xavfsizlik yostig‘i” yo‘q edi. Natijada ishlar biz o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi va tejamkorlik yo‘li tanlandi: birinchi qavatni umumiy ovqatlanish shoxobchasiga ijaraga berish, galereyaning o‘zini esa vaqtincha ikkinchi qavatga ko‘chirishga qaror qilindi”.
Asosiy g‘oya shundan iborat ediki, galereya boshqa joylarni subarendaga berib, u yerga odamlar oqimini jalb qilish orqali kun ko‘rishi kerak. Bunday maskanlardan asosiysi afsonaviy detroytlik DJ Stingray 313’ning konserti bilan shuhrat qozongan IshPish kovorking va event-maydoni bo‘lgan.
Umumiy ovqatlanish shoxobchasi o‘zini oqlamadi va yopildi. Ikki ko‘rgazmadan so‘ng galereya yana birinchi qavatga qaytdi. Shundan keyin bu yerda yana bir nechta tadbir va siyosiy qatag‘on qurbonlariga hamda tarixiy xotirani anglashga bag‘ishlangan “Yaqqol bo‘shliqlar” nomli so‘nggi ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
“Agromash” zavodi hududida
buzish ishlari boshlanishi
va buzish xavfi
“Agromash” zavodi hududida buzish ishlari boshlanishi va buzish xavfi
2023-yilda “Binar Group” va uning “Qadriyat” turar-joy majmuasi zavod hududidagi yerni sotib olib, bir nechta sexlarni, galereya omborini shiddat bilan buzib tashladi. Ular kotlovan qazishni boshlaganida, navbat 139 DC’ga yetib kelgandi.
“O‘shanda biz umuman hech narsani tushunmayotgandik, rejalarimiz atigi bir necha oyga mo‘ljallangan edi, shuning uchun ko‘chishga qaror qildik”, — deya o‘rtoqlashadi Timur.

Ammo 2024-yilda qurilish kutilmaganda naq ikki yilga to‘xtab qoldi. 2026-yilga kelib ham galereyaning eski binosi o‘z joyida turibdi, garchi uning ortida turar-joy majmuasi qurilishi yangi kuch bilan qayta boshlangan bo‘lsa-da.
Galereya asoschisining qat’iy ishonchiga ko‘ra, o‘z makonining noaniq taqdiri va undan xavotirlanish kichik va o‘rta biznesni doim ta’qib qiladi.
“Shaharda kichik biznes bilan uzoq muddatli shartnoma imzolaydiganlar deyarli yo‘q, ko‘pi bilan shartnoma uzaytirilishi haqida kafolat xati berishlari mumkin. Kichik tashkilotlarning sudlashishga puli, xavfsizlik yostig‘i ham, ertaga bino egasi shartnomani uzaytirishdan bosh tortmasligiga, binoni sotib yubormasligiga yoki buzishga topshirmasligiga kafolati ham yo‘q”, — deya xulosa qiladi u.
Qarzlar, yig‘ishtirish, buzish:
butun bir institutsiya
qanday ko‘chdi
Qarzlar, yig‘ishtirish, buzish: butun bir institutsiya qanday ko‘chdi
2024-yil boshiga kelib, galereya nafaqat buzib tashlanish xavfiga, balki katta miqdordagi qarzlarga ham duch keldi.
Qarzlar boshidanoq yig‘ilib kelayotgan edi. “Chunki istaysizmi-yo‘qmi, shuncha ishni qilaturib, pulingiz hech qachon hech narsaga yetmaydi. Doim qayerdandir qo‘shimcha manbalar topishga, qarz olishga, hisoblarni to‘lay olmaslikka to‘g‘ri keladi”, – deydi Timur Karpov.
Bir payt ijaraga beruvchining ham sabr kosasi to‘ldi. O‘sha vaqtda zavod hududida buzilish ishlari boshlangan, uning o‘zi va biznesi boshqa binolardan ayrilayotgan edi. Murojaat aniq edi: agar galereya ijara haqini to‘lamasa, binolardan boshqa maqsadda foydalaniladi.
Chiroqni o‘chira boshlashdi, buzilish masalasidagi noaniqlik ham bunga qo‘shildi va jamoa ko‘chishga qaror qildi.

O‘shanda barcha qarzlarni yopishga yetadigan mablag‘ yig‘imi galereyaning umrini uzaytirishga yordam berdi.
“Bir nechta jamoat arbobi yordam qo‘lini cho‘zdi, mamlakat ichida o‘z nomini oshkor etishni istamagan kishilardan katta miqdorda anonim xayriyalar bo‘ldi – biz ulardan juda minnatdormiz”, – deydi 139 DC vakillari. Xorijdan, xususan, Germaniyadan ham ko‘plab xayriyalar kelib tushdi.

Ko‘chish haqida qaror qabul qilish yana bir sababga ko‘ra oson kechmadi. Galereyaning ulkan ombori, kutubxonasi, ko‘rgazmalardan qolgan artefaktlar, nashrlar, asarlar, uskunalari bor edi va bularning barchasi saqlash uchun joy talab etardi.
Ko‘chayotganda bu muammoni qandaydir yechimini izlash kerak – shunday qilishdi ham: yarmarka-sotuvini tashkil etishdi va bu ham kelajakdagi joy uchun pul yig‘ishga yordam berdi.

Omborning bir qismi o‘sha yerda qoldi. Ba’zi narsalar turli joylarga joylashtirildi, saqlash uchun topshirildi, rassomlarga qaytarildi. Jamoa makon va uning besh yillik tarixi bilan, pandemiyani yengib o‘tgan, 30 ta ko‘rgazma va besh yuzga yaqin ommaviy tadbir o‘tkazilgan maskan bilan xayrlashdi.
Eski muammolar yangi
joyda: Shevchenkodagi
joyning qisqacha tarixi
Eski muammolar yangi joyda: Shevchenkodagi joyning qisqacha tarixi
Eski joy yopilgandan so‘ng umidsizlikka tushib, butunlay holsizlanib qoldim.
“Yangi joy izlashga sira kuchim yo‘q edi. Ikkinchi makon hamjamiyatning ko‘magi tufayli paydo bo‘ldi: kimdir bino topib berdi, boshqalar qachon ochilishimizni so‘rab, ommaviy va shaxsan dalda beruvchi so‘zlar aytib turishdi. Men o‘zim 2024-yildan 2026-yilgacha antidepressantlar ichib, intensiv psixoterapiya kursini o‘tadim. Bundan hech kim kafolatlanmagan. Agar oilam va do‘stlarim bo‘lmaganida, bardosh bera olmasdim”, – deydi Timur.
Shevchenko ko‘chasidan yangi bino topildi. Yaxshiyamki, ta’mirlashga deyarli pul sarflashga hojat qolmadi. Afsuski, u yerda faqat ikkita ko‘rgazma o‘tkazishga muvaffaq bo‘lindi: an’anaga aylangan NeUyat hamda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinining bir yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma.
24-fevralga bag‘ishlangan ko‘rgazma Ukraina elchixonasi va Yevropa Ittifoqining ko‘magida o‘tkazildi.
Galereya vakillarining ta’kidlashicha, ular hukumatdan barcha zarur ruxsatnomalarni olishgan va tadbir to‘liq “rasmiy” darajada o‘tgan: ochilish marosimida hukumat va elchixonalar vakillari qatnashgan.
“Ammo bu ham bizni Rossiya elchixonasidan yana xabar kelishidan saqlab qololmadi. Ayrim g‘ayratli tezkor xodimlar o‘z vakolatlarini suiste’mol qilib, bino egasiga bosim o‘tkazishdi va endi bu uning muammosi ekanini ochiqchasiga aytishdi”, – deb eslaydi o‘sha voqealarni Timur.
O‘ta dindor bo‘lgan ijaraga beruvchiga tashkilot “LGBTni qo‘llab-quvvatlaydi”, deb aytishgan.
“Unga bizning noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganimizni aytishgan. Biz har kuni ishlab turgan barcha kuzatuv kameralarini ko‘rib chiqishlari, tekshirishlari, o‘zlari hamma narsani tushunib olishlari uchun biz bilan vaqt o‘tkazishlariga tayyor edik. Lekin bu narsalar unga qiziq emas va keraksiz edi”.

Oradan bir-ikki hafta o‘tgach, ijaraga beruvchi biroz yumshadi va uchrashuvda hammasini tushunayotganini, ammo uni ham tushunishlari kerakligini – unga bosim o‘tkazishayotganini, biznesida muammolar bo‘lishini aytishayotganini bildirdi. Galereyaga shartnoma muddati tugagunga qadar yana bir necha oy qolishga ruxsat berildi. Shartnoma uzaytirilmasligi aniq aytilgandi.
“Biz yopildik, lekin bu haqda hech kimga aytmadik. Jonimizga tegib ketgandi. Bir yil ichida ikki marta joyimizdan ayrildik. Tushkunlikdasiz, hammasi shunchalik murakkab ediki, bo‘ldi, biz yopildik, deb aytishga hissiy kuch topa olmasdik.
Bunga o‘zimiz ham ishonishni xohlamasdik. Bundan bir mavzu yasashni, muammoli ko‘rinishni istamasdik”, – deya qiyinchilik bilan tan oladi Timur.
Bu voqea 2025-yilning boshida sodir bo‘lgan edi.
Endi pul faqat xonaga yetadi,
lekin galereya o‘z faoliyatini
davom ettiradi
Endi pul faqat xonaga yetadi, lekin galereya o‘z faoliyatini davom ettiradi
Bir qator muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng 139 Documentary Center jamoasining barchasiga ta’til zarur edi.
Ta’sischining so‘zlariga ko‘ra, imkoniyatlar izlash, rejalashtirish, turli maslahatlar berish, hamjamiyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar aslo to‘xtamagan. “Umuman, avval qilingan ishlarning ko‘pini davom ettirdik, faqat endi oflayn makonsiz”.
Bularga, masalan, ijodiy iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonun muhokamasida ishtirok etish, pop-art tadbirlarini o‘tkazish, Bonum Factum va “Ilhom” teatrida ko‘rgazmalar tashkil etish kiradi, faqat ular 139 yorlig‘i ostida o‘tkazilmagan.

Biroq oradan bir yil o‘tib, Timur Karpov o‘z makonisiz iloj yo‘qligini anglab yetdi.
“Hozirgi ijara bilan bog‘liq vaziyat 7 yil avvalgidek emas, avvalgi formatda ishlashning umuman imkoni yo‘q. Hamma narsa qimmatlashgan. Bizning yondashuvimizda hozir ko‘pi bilan 20 kvadrat metrli xonani ijaraga olishimiz mumkin”, – deya hisoblaydi u.
Jamoa a’zolari imkoniyatlar va yechimlar izlashda, tijoriy va ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanishda davom etmoqda. Nihoyat, yaqin orada markazning sayti ishga tushadi va bo‘lib o‘tgan barcha voqealar unutilmasligi uchun arxiv ham e’lon qilinadi.
Odamlar uchrashib, yig‘lab,
yayrab, yeb-ichib, raqsga
tushishi kerak
Odamlar uchrashib, yig‘lab, yayrab, yeb-ichib, raqsga tushishi kerak
Virtual yuz beradigan barcha hodisalarning asosiy muammosi — bu jonli muloqotning yo‘qligi. Notanish odamlarni bir-biri bilan tanishtirish, o‘zaro aloqa qurish qiyinlashadi, jismoniy muloqotsiz esa jamoa ichida ishonch uyg‘otish deyarli imkonsiz.
Galereya vakillari hech bo‘lmaganda shunday fikrda. Haqiqatan ham ajoyib bir narsa yaralishi uchun odamlar uchrashishi, muhokama qilishi, yig‘lashi, yeb-ichishi va raqsga tushishi kerak. Agar bular bo‘lmasa, onlayn formatning yordami tegmaydi.

“Shunday makonning yo‘qligi va mavjud emasligidan tug‘ilgan orzu hamon o‘sha orzuligicha qolmoqda. Chunki pirovardida u yana yo‘q. Yagona farq shundaki, hech bo‘lmaganda urinib ko‘rildi”, — deydi 139 Documentary Center galereyasi asoschisi suhbatimiz so‘ngida.