“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi demokratiya sohasida nimalarni va’da qilmoqda?

uzb rus

“Strategiya-2030” birinchi marta 2023-yilda ishlab chiqilgan, shundan so‘ng uni yangilashga qaror qilindi. U Qonun loyihalari muhokamasi portalida muhokama qilindi, qabul qilindi va uni ilgari surish bo‘yicha kampaniya boshlandi.

Fuqarolik jamiyati ekspertlari uni tanqid qilishdi. Masalan, LSE gender, siyosat va tengsizlik bo‘yicha magistri va NeMolchi asoschisi Irina Matviyenko loyiha 2030-yilgacha gender tengligiga erishish bo‘yicha allaqachon mavjud bo‘lgan strategiyani deyarli to‘liq e’tiborsiz qoldirishi haqida yozgan edi.

Aksariyat maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari mavjud. Shunday qilib, hukumat 2030-yilga borib davlat xizmatida ayollar ulushini 40 foizga yetkazishni, bir yarim ming amaldorni inson huquqlari bo‘yicha o‘qitishni va ijtimoiy-siyosiy sohada yana ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Shu bilan birga, hujjatda yig‘ilishlar erkinligi, so‘z erkinligi, ko‘ppartiyaviylik va siyosiy raqobatni rivojlantirish sohasida o‘lchanadigan maqsadlar deyarli belgilanmagan. Yana 100 ta yo‘nalish demokratiya va inson huquqlari haqida gapirayotganini aniqladik.

Siyosiy partiyalar

Siyosiy partiyalar

Siyosiy tizimga oid bo‘limga nisbatan kam joy ajratilgan. Strategiyada siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushini 47 foizdan 50 foizgacha oshirish vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shuningdek, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonch darajasini 20 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Lekin hujjatda siyosiy raqobatni rivojlantirish, yangi siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, saylov tizimini isloh qilish yoki parlamentga muxolifat kuchlarning imkoniyatlarini kengaytirishga oid qoidalar nazarda tutilmagan.

Siyosat va boshqaruvda xotin-qizlar ulushi ortadi

Siyosat va boshqaruvda xotin-qizlar ulushi ortadi

Ayollarning siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga alohida bo‘lim ajratilgan. Quyidagilar rejalashtirilmoqda:

  • rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlar ulushini 30,5 foizdan (2025-yil holatidagi dastlabki ma’lumotlar) 35 foizgacha oshirish.;
  • davlat fuqarolik xizmatida xotin-qizlar vakilligini 28 foizdan 40 foizgacha ko‘paytirish;
  • davlat korxonalarining kuzatuv kengashlarida xotin-qizlar ulushini 6,6 foizdan 9 foizgacha yetkazish.

NNTlar uchun davlat buyurtmalari

NNTlar uchun davlat buyurtmalari

Strategiyada fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat grantlari loyihalari va ijtimoiy tashabbuslar sonini har yili 10 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.

Strategiya davlat qarorlarini qabul qilish jarayonida nodavlat sektorining ishtirokini kengaytirishni nazarda tutadi. Davlat dasturlari hamda birinchi va ikkinchi darajadagi strategik hujjatlarni (birinchi daraja – konsepsiyalar, ikkinchi daraja – strategiyalar) ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etuvchi mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari sonini 14 tadan kamida 80 tagacha oshirish rejalashtirilgan.

Axborot erkinligi va ochiqlik

Axborot erkinligi va ochiqlik

Strategiyada davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Ochiqlik indeksining “yashil” toifasiga kiruvchi davlat organlari ulushini 67 foizga yetkazish, muhim masalalar yuzasidan davlat organlarining rasmiy pozitsiyasini tegishli axborot paydo bo‘lganidan keyin uch soatdan kechiktirmay e’lon qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, davlat statistikasi sifatini oshirish orqali O‘zbekistonni Jahon bankining Statistik samaradorlik indeksida dunyoning eng yaxshi 50 ta mamlakati qatoriga kiritish maqsad qilingan. 

Ammo strategiyada OAV mustaqilligi, jurnalistlarni himoya qilish, qonunchilik kafolatlari orqali jamoatchilik uchun ochiq axborotdan foydalanish imkoniyatlari hamda mavjud cheklovlarni bekor qilish masalalariga deyarli e’tibor qaratilmagan.

Vakillik organlari

Vakillik organlari

Hujjatning asosiy yo‘nalishlaridan biri hokimiyatning vakillik organlari rolini kuchaytirishdan iborat. Mahalliy vakillik organlari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish nazarda tutilgan. 2030-yilga qadar raqamlashtirish darajasini 100 foizga yetkazish belgilangan, biroq hujjatda boshlang‘ich ko‘rsatkich keltirilmagan.

Yana bir maqsad, qog‘oz hujjat aylanishidan deyarli to‘liq voz kechishdan iborat. Xususan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlarini amalga oshirishda “qog‘ozbozlikni yo‘qotish” tamoyilini qo‘llash ulushini hozirgi 5 foizdan 100 foizgacha oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida hokimlar va ularning o‘rinbosarlari tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni, jumladan, qarorlar, bayonnomalar, xulosalar va boshqa rasmiy hujjatlarni tayyorlash hamda qabul qilish jarayonlarini to‘liq E-Qaror elektron tizimiga o‘tkazish nazarda tutilgan. Hozirda mazkur ko‘rsatkich 20 foizni tashkil etadi. 

Hududlar uchun ko‘proq vakolatlar

Hududlar uchun ko‘proq vakolatlar

Strategiya davlat boshqaruvini yanada markazsizlashtirishni nazarda tutadi. Hozirda respublika davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan 250 ta funksiya va vakolatni bosqichma-bosqich mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga o‘tkazish rejalashtirilgan. Hozirda vakolatlarni hududlarga o‘tkazish darajasi qariyb 8 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, 2030-yilga qadar bu ko‘rsatkichni 20 foizga yetkazish belgilangan.

Shunga qaramay, hujjatda aynan qaysi vakolatlar hududlarga o‘tkazilishi va islohotlardan so‘ng mahalliy hokimiyat organlari qanchalik mustaqil bo‘lishi haqida aniq ma’lumot berilmagan.

Davlat organlari vakillarini inson huquqlari bo‘yicha o‘qitish

Davlat organlari vakillarini inson huquqlari bo‘yicha o‘qitish

Hujjatda sud-huquq islohotlarining asosiy mezoni Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishdan iborat bo‘lishi alohida belgilangan.

Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagilar rejalashtirilmoqda:

  • jinoyat ishlarida yarashuv tartibini qo‘llash imkoniyatlarini 20 foizga oshirish;
  • fuqarolarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan 10 ta asosiy normativ-huquqiy hujjatni inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish. Shu bilan birga, strategiyada aynan qaysi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilishi aniq ko‘rsatilmagan;
  • har yili davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarining 300 nafar xodimini inson huquqlari masalalari bo‘yicha o‘qitish, 2030-yilga qadar jami 1 500 nafar xodimni qamrab olish.

Strategiya doirasidagi strategiyalar

Strategiya doirasidagi strategiyalar

Yaqin yillarda hukumat demokratik institutlar va inson huquqlari bilan bog‘liq bir qator hujjatlarni qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Ular orasida:

  • Huquqiy siyosat konsepsiyasi – 2026-yil dekabrga qadar;
  • Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi konsepsiyasi – 2026-yil oktabrga qadar.

Qolgan quyidagi ikki hujjat, ehtimol, ko‘rib chiqilmagandir, chunki ularning natijalari haqida ma’lumot topa olmadik:

  • 2030-yilgacha media va axborot savodxonligini rivojlantirish strategiyasi – 2026-yil iyul;
  • Davlat yoshlar siyosatini rivojlantirish konsepsiyasini yangilash – 2026-yil aprel;

Strategiyada nimalar deyarli yo‘q?

Strategiyada nimalar deyarli yo‘q?

Agar hujjatni siyosiy huquqlarga oid xalqaro standartlar nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, bir qator o‘ziga xos jihatlarni qayd etish mumkin.

Strategiyada quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha aniq maqsadlar deyarli belgilanmagan:

  • yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligini ta’minlash;
  • birlashmalar erkinligi;
  • siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi qonunchilikni isloh qilish;
  • OAV mustaqilligini ta’minlash;
  • fikr bildirish erkinligi kafolatlarini ta’minlash;
  • saylov tizimini isloh qilish;
  • ijro hokimiyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish;
  • Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligini oshirish.

Natija qanday?

Natija qanday?

Strategiyada davlat institutlari samaradorligini oshirish, raqamlashtirish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash va sud tizimini takomillashtirish haqida ko‘p gapiriladi.

Unga davlatning ochiqligi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquqlari sohasida kadrlar tayyorlash va xotin-qizlarning siyosatdagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha aniq o‘lchov ko‘rsatkichlari qo‘shildi.

Ammo siyosiy huquqlar sohasidagi masalalar strategiyaning o‘lchanadigan maqsadlari orasida kamroq batafsil taqdim etilgan yoki umuman mavjud emas. Bular so‘z erkinligi, tinch yig‘ilishlar erkinligi, siyosiy raqobat, ommaviy axborot vositalari mustaqilligi va ko‘ppartiyaviylikni rivojlantirish kabi muhim mavzulardir.

Aytish mumkinki, hozirda Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari siyosiy liberallashtirishga emas, balki institutlar samaradorligini oshirish va tizimni modernizatsiya qilishga qaratilgan.