Bu harakatni Internet-piket, plakatli fleshmob yoki aksiya kabi turlicha nomlash mumkin. U qonunchilikdagi noaniqliklar, senzura va media-faollik rivojlanishi sharoitida paydo bo‘lgan. Suratda tanish shahar fonida plakatda yozuvi bilan turgan odam. Aslida esa bo‘sh plakat bo‘lgan, harflar keyinchalik fototahrirchi orqali qo‘shib qo‘yilgan.
Hozircha an’anaviy piketlarni o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘lmagani sababli, yoshlar ularni internetdagi ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chirish yo‘llarini izlab topishmoqda. Bunda ular plakat bilan o‘tkaziladigan an’anaviy piketlarning eng samarali jihatlarini fleshmoblar va virusli postlar elementlari bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Bo‘sh plakat va katta shrift: hammasi qanday boshlangan edi
“Instagram tarmog‘idagi birinchi piketim obodonlashtirish xodimlari bilan bo‘lgan. Ular bo‘sh qog‘oz varag‘ini ko‘rib, unda nima yozilishini so‘rashgan. Men ularga so‘zlarni keyinroq, ortiqcha chiqindi bo‘lmasligi uchun, fototahrirchida yozib qo‘yishimni aytganman. Ular menga ishonishgan. O‘tkinchilar esa bizni xuddi aqldan ozgan insonlardek qabul qilishgan”, – deya eslaydi eko-faol va bloger Mo‘tabar Xushvaqtova.
Mo‘tabar Xushvaqtova so‘zlariga ko‘ra, aynan shunday format yaratish g‘oyasi unda har safar yangi plakatlarga yozishdan ko‘ra, ekologik jihatdan tejamkorroq bo‘lgani sababli paydo bo‘lgan. Oradan bir yil o‘tib, u ikkinchi aksiyasini o‘tkazdi va unda nosoz sug‘orish favvorachalariga e’tibor qaratishni so‘radi: qurilmalardan chiqqan suv daryodek oqib, yo‘l qismiga chiqib ketayotgan edi. Bungacha u bu haqda bir nechta “oddiy” materiallar tayyorlagan, lekin mas’ul odamlarning e’tiborini jalb qila olmagan edi.
“Bunday suratlar o‘sha vaqtda odamlar uchun odatiy format emas edi va shu sababli e’tiborni tortardi”, – deya eslaydi bloger. Shundan so‘ng u daraxtlarni betonlashga qarshi piket o‘tkazdi, keyin esa ekologik muammolarga bag‘ishlangan yana bir nechta aksiyalar tashkil qildi.
Plakat ushlab turgan inson timsoli ijtimoiy tarmoqlar uchun samarali format bo‘lib chiqdi va boshqa blogerlar ham bo‘sh plakatlar bilan suratga tushishni davom ettirishdi. Turli vaqtlarda Instagramda har xil mavzulardagi, matnlari keyinchalik fototahrirchida qo‘yilgan plakatlar paydo bo‘ldi. Qisqa muddat faoliyat yuritgan Ayol Buyum Emas loyihasidagi qizlar va yigitlar zo‘ravonlikka qarshi plakatlar tayyorlashdi. Bloger Piyodachi esa yaqinda xuddi shunday usul orqali telefonga qaramlik muammosiga e’tibor qaratdi.

Eng esda qolarli raqamli piketlardan biri #TozaHavoKerak aksiyasi bo‘ldi. Unda inflyuyenserlar qora plakatlar bilan suratga tushib, matnlari keyinchalik fototahrirchida qo‘shib qoyilgan suratlar vositasida Toshkent havosining keskin ifloslanishiga e’tibor qaratishga chaqirdilar. Loyihada Mo‘tabar Xushvaqtova (Urikguli), qo‘shiqchi Konsta, stendapchi Мirshakar Fayzullayev, bloger Umid Gafurov (Troll.uz), Мirzayor Erkin (Mirzo Zominiy), YouTube podkastlari hammuallifi Sarvinoz Tolibayeva, Texnoplov YouTube loyihasi muallifi Sa’dulla Abdullayev kabi inflyuyenserlar ishtirok etdi.
Nima uchun O‘zbekistonda oddiy piketlar samara bermaydi
O‘zbekistonda davlat binolari oldidagi “an’anaviy” plakatli piketlar na taqiqlangan, na ruxsat berilgan: qolaversa, ularni o‘tkazish tartibini belgilovchi alohida qonun ham yo‘q. Shu sababli har qanday piket, xuddi miting yoki namoyish kabi, noqonuniy deb topilishi mumkin.
Piketchilarga bezorilik moddasi qo‘llanilishi mumkin. Unga ko‘ra, 15 sutkagacha ma’muriy qamoq yoki 2 million so‘mgacha jarima belgilangan. Bundan tashqari, bevosita piketga oid bo‘lmasada, noqonuniy yig‘ilishlarni tashkil etish kabi boshqa harakatlar ham xavfli bo‘lib, ularga nisbatan jazo qo‘llanilishi ehtimoli bor.
“Tinch yig‘ilishlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinsa, piketlarni qonuniy tarzda qanday o‘tkazish kerakligi aniq bo‘ladi. Muammo shundaki, ushbu qonun loyihasi 7 yildan beri ishlab chiqilmoqda va hozircha uni qabul qilish bo‘yicha hukumat ishlarining yakuni ko‘rinmayapti.
Hozircha qoidalar aniq bo‘lmagani sababli, mamlakatda an’anaviy piketlarga deyarli hech kim chiqishga jur’at qilolmayapti. Ammo bu yoshlarning o‘ziga xos, raqamli piketlar o‘tkazishiga to‘sqinlik qilmaydi. Bugun ular ko‘chalarda emas, balki Instagram tarmog‘ida bunday harakatlarni amalga oshirmoqda.
Plakatli aksiyalar qamrovi qanday bo‘lishi mumkin?
Auditoriyaning munosabati plakatlarda nima yozilgani va ayni vaqtda o‘zbekistonliklarni nima tashvishga solayotganiga bog‘liq.
Mo‘tabar Xushvaqtovaning aytishicha, ba’zida odamlar post ommalashmaguncha unga layk bosish yoki izoh yozishdan qo‘rqishadi. Ammo ko‘rishlar soni oshgani sari, ular faol qo‘shila boshlaydilar.
Boshqa plakatli suratlar esa beozor ko‘rinadi va “hammaga yoqadi”. Masalan, blogerning obodonlashtirish xodimlari bilan tushgan posti: “Bu yerda aniq bir aybdorlar yo‘q, chunki chiqindini hamma tashlaydi, shuning uchun bu post negativ tarzda qabul qilinmadi”. Uning har bir posti bir necha ming layklar to‘playdi, ammo u ba’zida piketlar umuman ommalashmay, ko‘rishlar soni ham oshmasligi mumkinligini aytadi.
Mirzayor Erkin inflyuyenserlar qora plakatlar bilan suratga tushgan #TozaHavoKerak aksiyasining tashkilotchisi bo‘lgan. Bungacha u shunday kampaniyalarni o‘tkazib turgan. “Turli formatlar orasidan eng samaralisi va O‘zbekiston mediasida deyarli kuzatilmaydigani aynan plakat bilan o‘z fikrini ifoda etish edi. Vizual tomonlama u bittada e’tiborga tushadi. Ayni reja bilan inflyuyenserlarga aloqaga chiqdim va birgalikda buni amalga oshirgandik, – deya eslaydi u. U inflyuyenserlar bilan bog‘landi, ular Oloy bozoridan qora varaqlar sotib olishdi va aksiyani boshlashdi.
Faolning aytishicha, onlayn qamrov nuqtayi nazaridan kampaniya o‘z maqsadiga erishgan, chunki u jamiyatda keng aks-sado uyg‘ota oldi va bu haqiqatan ham shunday. Umuman olganda, postlar 142 mingta layk va o‘n minglab repost to‘pladi. “Onlayn qamrov tomonlama yetarli ta’sir natijasini bera oldi deb o‘ylayman, chunki jamiyatda rezonans uyg‘ota oldi. Yuqoriga qanday ta’sir qildi – aniq xulosalar yo‘q, taxminlar bor xolos”, – deydi u.
Internetdagi fleshmoblar va piketlar o‘rtasida bitta farq bo‘lishi mumkin: ikkinchisida ko‘pincha aniq talab va piket o‘tkazilayotgan muayyan obyekt bo‘ladi. Masalan, piketchilar mas’ul shaxslar bilan uchrashishga erishish maqsadida prokuratura oldida turishlari mumkin. Internetdagi piketlar esa “barchaga” qaratiladi: avvalo jamiyatga, agar omad kulib boqsa, hokimiyat ham ularni eshitib qoladi.
Oddiy piket ishtirokchilar uchun xavfli bo‘lishi mumkin, xuddi shu holat raqamli piketga ham tegishli
Nega aynan #TozaHavoKerak aksiyasi uchun bo‘sh plakat varianti tanlangani haqidagi savolga javob berar ekan, Mirzayor Erkin uning o‘zida plakat bilan tushilgan surat bor bo‘lganligini aytdi. 2019-yilda u Sayilgohda hazilomuz yozuv bilan suratga tushgan, keyinchalik esa matnini shunchaki fototahrirchi orqali o‘zgartirishga qaror qilgan.
“Boshqalar bilan esa bo‘sh plakatdan foydalanilgan – mavzu jamiyat uchun og‘riqli, inflyuyenserlar uchun esa nisbatan xatarli bo‘lgani sabab”, – deydi jamoat faoli.

Buni faol ayollarning qaror qabul qiluvchi shaxslarga qaratilgan aniq talablari bilan bog‘liq deb taxmin qilish mumkin: masalan, ishlab chiqarish korxonalarida filtrlar o‘rnatish talabi. O‘sha vaqtda havo bilan bog‘liq vaziyat ko‘pchilik uchun biznes va qurilish loyihalarining odamlar manfaatidan ustun qo‘yilayotgani hamda hokimiyatning ekologik holatni nazorat qila olmayotganining ko‘rsatkichi edi. Postlarning rekord darajadagi qamrovi va IQAirdagi kritik ko‘rsatkichlar, ehtimol, “xavfli vaziyat”ni yuzaga keltirgan va uning boshqaruv ostiga olinishiga sabab bo‘lgandir.
Mirzayor internetdagi piketlar formatini hamma ham yoqtirmasligini tasdiqlaydi. “Men bu va boshqa onlayn-piket yoki boykotlarni tashkil etganimda, o‘z kanalimda bo‘lishganim va dizaynlarini ommaviy tarqatganimda avval siyosat tomonlarga yaqin tanishlarim tez-tez ogohlantirishgan”, – deb yozadi u xabarida.
O‘shanda, 2024-yilda, ekologik muammoga bag‘ishlangan raqamli piket juda katta aks-sado berdi. Biroq faolning fikricha, afsuski, undan keyingi yilda boshqa ekologik xavfli qarorlarga yo‘l ochilgani – Sea Breeze’ga jamiyatda qarshiliklar bo‘lganiga qaramay, u tomon ham ko‘plab inflyuyenserlarni “sotib olgani”, zarur lobbilarda baliqdek suza olishi ortidan qurilishlarga ruxsat tegib qolgani achinarli, O‘zbekistonda baribir energetik-ekologik inqiroz davom etdi. “Ekologiyaning o‘ziga nisbatan mas’ullarda kuch ko‘proq bo‘lishi kerak. Favqulodda vaziyatlarda o‘t o‘chirish mashinasi kelishi emas, tizim ishlashi kerak”, – deydi u.
Mo‘tabar Xushvaqtova internetdagi piketga jiddiy yondashilsa, natija berishi mumkinligi haqida fikr yuritadi. “Agar tadqiqot o‘tkazilsa, ekspertlar bilan suhbatlashilsa, bir nechta boshqa materiallar e’lon qilinsa va shundan keyin bu usuldan foydalanilib, hokimiyatga puxta ishlab chiqilgan talab bilan murojaat qilinsa, bu vaziyatga ta’sir qilishning yaxshi usuliga aylanishi mumkin”, – deydi faol.