Kvir Skver

UZ | RU | EN

Virtual ko‘rgazma tashkilotchilari o‘z loyihalari haqida so‘zlab berishmoqda.

Ko‘rgazma g‘oyasi O‘zbekistonlik kvir rassomlarning o‘zlarini erkin ifoda etishlari uchun xavfsiz makon yaratish zaruratidan kelib chiqqan. Yurtimizdagi huquqiy va ijtimoiy muhit LGBT insonlar uchun jiddiy to‘siqlar keltirib chiqarmoqda. Jinoyat kodeksining erkaklar o‘rtasidagi bir jinsli munosabatlarni jinoyat deb belgilaydigan 120-moddasi amalda LGBT insonlarning o‘zligini namoyon qilishi va hatto mavjudligini to‘liq taqiqlash uchun qo‘llanilmoqda. Bu mavzuni muhokama qilish taqiqi san’at olamiga ham ta’sir etmay qolmagan, jismoniy makonlar – galereyalar va muzeylar – jinsiylik va gender o‘ziga xoslik yoki LGBT insonlarga nisbatan zo‘ravonlik muammolariga oid har qanday asarlarni joylashtirish uchun yopiq hisoblanadi.

Spatial metavers platformasida joylashgan “Kvir Skver” ko‘rgazmasi tasodifiy tanlanmagan. Bu format badiiy o‘z-o‘zini ifodalash uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi. Biz odatdagi galereya yoki muzeylarda amalga oshirish imkonsiz yoki juda murakkab bo‘lgan ishlarning joylashuvi, animatsiya va tovushlar bilan o‘tkazilgan tajribalarni ko‘rishimiz mumkin. Ammo eng avvalo, virtual makon – bu xavfsizlik va anonimlik masalasini hal qilish vositasi. O‘zbekiston sharoitida faqat shu yerda, onlayn tarzda, kvir rassomlar o‘z asarlarini senzurasiz namoyish eta oladilar, keng tomoshabinlar esa hech qanday xavf-xatarsiz kelib, ularni tomosha qilishlari mumkin. Raqamli format bizga geografik cheklovlardan chiqib, ham mahalliy, ham xalqaro miqyosda keng auditoriyani qamrab olish imkonini beradi.

Biz foydalanayotgan platforma juda qulay bo‘lib, maxsus texnik ko‘nikma yoki vositalarni talab qilmaydi. U har qanday qurilmadan kirish imkonini beradi va ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydi. Bu esa katta afzallik hisoblanadi, chunki ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilarning maxfiyligini ta’minlaydi. Shunga qaramay, biz hamon ko‘rgazmaga kirishda yanada yuqori darajadagi xavfsizlik uchun VPNdan foydalanishni tavsiya etamiz.

Ko‘rgazma O‘zbekistondagi LGBT vakillarining xilma-xil tajribasi va qarashlarini aks ettiruvchi turli xil badiiy asarlarni bilvosita jamlaydi. Bu yerda o‘nlab rasmlar, fotosuratlar, kollajlar, illyustratsiyalar va haykallar namoyish etilgan.

Ishlarning bir turi – an’anaviy madaniy rivoyatlarni qaytadan yangicha talqin etish. Masalan, rassomlardan biri an’anaviy gender rollari va stereotiplarini qayta ko‘rib chiqadi. Bir asarida o‘z pardoziga so‘zana tikish elementlarini qo‘shib, muallif erkaklik haqidagi umume’tirof etilgan tasavvurlarga qarshi chiqadi va o‘zining kvir-o‘ziga xosligini, vatanga bo‘lgan muhabbatini va o‘zining tarixiy hamda madaniy ildizlari bilan kuchli aloqasini e’tirof etib, an’anaviy elementlardan foydalanish huquqini o‘ziga qaytaradi.

O‘z orolcham ustida ishlar ekanman, bu ishlarga nimalarni qo‘shganimni mulohaza qildim: madaniyatimning bir bo‘lagini, chuqur shaxsiy tuyg‘ularimni va san’at haqidagi o‘z qarashlarimni. Bir paytlar meni ilhomlantirgan narsalar yangi ma’no kasb etdi.

«O‘z orolcham ustida ishlar ekanman, bu ishlarga nimalarni qo‘shganimni mulohaza qildim: madaniyatimning bir bo‘lagini, chuqur shaxsiy tuyg‘ularimni va san’at haqidagi o‘z qarashlarimni. Bir paytlar meni ilhomlantirgan narsalar yangi ma’no kasb etdi».

Rassomlarga o‘z makonini jihozlash uchun to‘liq erkinlik berildi. Bunday makonlardan biri zinapoya bo‘ylab sayohatdan boshlanadi, u yerda yangiliklar sarlavhalaridan qirqib olingan parchalar orqali kvir insonning kundalik tajribasi namoyish etilgan. Bu inson gomofobiya bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, o‘zida va o‘z ijodida xilma-xillik hamda misli ko‘rilmagan ochiqlik uchun joy topadi. Makonning markazida rassomning manifesti joylashgan bo‘lib, u o‘zini qabul qilish, o‘zini ifoda etish va matonat haqidagi kuchli bayonotdir.

O‘z stendimda kvir-hamjamiyatiga bo‘lgan sevgimni ifodalashga va ayni paytda, O‘zbekistondagi LGBTK+ insonlar duch kelayotgan barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, o‘z vatanimni ko‘rsatishga harakat qildim

«O‘z stendimda kvir-hamjamiyatiga bo‘lgan sevgimni ifodalashga va ayni paytda, O‘zbekistondagi LGBTK+ insonlar duch kelayotgan barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, o‘z vatanimni ko‘rsatishga harakat qildim».

Ko‘rgazmaning birinchi kuni unga 90 dan ortiq kishi tashrif buyurdi. Ishtirokchilarning barqaror soni kuniga 20-30 tashrif darajasida saqlanmoqda. Biroq, ko‘proq odamlar biz haqimizda bilib olishlarini va ehtimol, O‘zbekistonda inson huquqlari va LGBT huquqlari mavzusini qayta ko‘rib chiqish, muhokama qilish orqali ijodkorlikka ilhomlanishlarini istardik.

Ko‘rgazmaning muvaffaqiyatini nafaqat tashrif buyuruvchilar soni bilan, balki uning rassomlarga ko‘rsatgan ta’siri bilan ham baholash lozim. Ushbu loyihaning eng yoqimli jihatlaridan biri unda ishtirok etayotgan rassomlarga ko‘rsatgan o‘zgaruvchan ta’sirini kuzatish bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligi o‘z tajribalarini tushunadigan va qadrlaydigan jamiyat bilan muloqot qilish orqali taskin topib, chuqur minnatdorlik va daxldorlik tuyg‘usini ifodaladi.

Gender disforiyasining murakkabliklarini o‘rganuvchi rassomlardan biri ko‘rgazmadagi ishtiroki unga uzoq vaqt davomida qoralanish qo‘rquvidan bostirib kelingan his-tuyg‘u va kechinmalarini ifodalash imkonini berganini, shuningdek, uni yangi asarlar yaratishga ilhomlantirgani haqida so‘zladi.

Loyiha jamiyatdagi va mamlakatdagi vaziyat tufayli to‘planib qolgan his-tuyg‘ularimni asarlarimda ifodalashimga yordam berdi. Hozir aniq bilamanki, shunday makon borki, u yerda odamlar mening ishlarimni yoki O‘zbekistondagi boshqa kvir insonlarning asarlarini ko‘rishlari mumkin. Bu kimgadir ruhiy ta’sir ko‘rsatishi, muhim narsalarni anglashiga yordam berishi va bu yo‘lda yolg‘iz emasligini his qilishiga sabab bo‘lishi mumkin

«Loyiha jamiyatdagi va mamlakatdagi vaziyat tufayli to‘planib qolgan his-tuyg‘ularimni asarlarimda ifodalashimga yordam berdi. Hozir aniq bilamanki, shunday makon borki, u yerda odamlar mening ishlarimni yoki O‘zbekistondagi boshqa kvir insonlarning asarlarini ko‘rishlari mumkin. Bu kimgadir ruhiy ta’sir ko‘rsatishi, muhim narsalarni anglashiga yordam berishi va bu yo‘lda yolg‘iz emasligini his qilishiga sabab bo‘lishi mumkin».

Ko‘plab rassomlar uchun ushbu ko‘rgazma o‘z asarlarini jamoatchilikka ilk bor namoyish etish imkoniyati bo‘ldi va ijobiy fikrlarning ko‘pligi ularni g‘oyatda ruhlantirdi. Umid qilamizki, bu ko‘rgazma bizga bergani kabi, har bir tashrif buyuruvchiga ham umid va matonat tuyg‘usini beradi, taqiqlar va tahdidlarga qaramay, san’atning o‘zini ifoda etish va ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning kuchli vositasi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Biz “Kvir Skver” raqamli makonning doimiy qismi bo‘lib qolishini istaymiz, shuning uchun ko‘rgazmaning yopilish sanasi belgilanmagan. Keyingi maqsadimiz ko‘rgazmani kengaytirish, O‘zbekistondan, ehtimol butun Markaziy Osiyo mintaqasidan yangi rassomlari jalb etish, shuningdek, muntazam rivojlanib boradigan va kvir odamlarning xilma-xil tajribalarini aks ettiradigan harakatchan platforma yaratishdan iborat.

San’at asarlarini namoyish etishdan tashqari, biz ko‘rgazmani muloqot, ta’lim va himoya qilish makoni, LGBT jamoasining ovozini kuchaytirish hamda tenglik va adolatga hissa qo‘shadigan siyosiy o‘zgarishlar uchun maydon sifatida taqdim etmoqdamiz.

“Kvir Skver” shunchaki tor doiradagi ijodiy tashabbus emas, balki O‘zbekiston LGBT jamoasining matonati, ijodkorligi va bukilmas ruhining namunasidir. Umid qilamizki, u ko‘pchilikni yorqin kelajakka ruhlantiradi, u yerda har bir inson ta’qib va xurofotlardan qo‘rqmasdan baxtli va erkin yashay oladi, o‘zini ifoda eta oladi. Biz barchangizni ushbu tajribani ko‘rgazmaning virtual makonida biz bilan baham ko‘rishga taklif etamiz.

You May Also Like