Agar izohingizni o‘chirib yuborsak, so‘z erkinligini buzgan bo‘lamizmi?

RU | UZ

Hammasini bir chetdan gapirish bilan bironta so‘z aytishga qo‘rqish orasida so‘z erkinligi huquqi yotadi. Bu insonning asosiy siyosiy huquqlaridan biri. U O‘zbekistonda ham amal qiladi hamda davlat qonunan unga rioya qilishi shart. Bugun sizga ushbu huquq va albatta, uning buzilishi haqida ham oddiy tilda so‘zlab beramiz.

So‘z erkinligi — aslida kattaroq maʼnodagi huquqning og‘zaki nutqdagi nomi. Va u shunchaki hamma narsa haqida gapirish xohishidan ko‘ra murakkabroq. Ushbu huquqning tavsifini inson huquqlari bo‘yicha uchta asosiy hujjatlardan biri – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktdan topish mumkin.  Qisqacha aytganda, har kim o‘z fikriga amal qilish, shuningdek, bu fikrni erkin ifoda etish, axborot va g‘oyalarni izlash, olish va tarqatish erkinligi huquqiga ega.

atamaning batafsil ta’rifi qanday?

1. Har bir inson o‘z fikriga to‘siqsiz amal qilish huquqiga ega.

2. Har bir inson o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega; bu huquq davlat chegaralaridan qat’i nazar, har qanday turdagi axborot va g‘oyalarni og‘zaki, yozma, matbuot yoki badiiy ifoda shakllari orqali yoxud o‘z xohishiga ko‘ra boshqa usullar bilan izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi.

3. Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish alohida majburiyatlar va mas’uliyat yuklaydi. Shu tarzda u ba’zi cheklovlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, ammo ular qonun bilan belgilanishi va majburiy bo‘lishi shart, ya’ni:

a) boshqa shaxslarning huquqlari va obro‘sini hurmat qilish;b) davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholi sog‘lig‘i yoki ma’naviyatini muhofaza qilish uchun.

Bu ushbu hujjatning 19-moddasi. Hatto ba’zi inson huquqlari tashkilotlari uning sharafiga nomlangan: masalan, Article 19, so‘z erkinligi va u tufayli ta’qib qilinayotgan shaxslarni himoya qiladi. Umuman olganda, bu huquqni “so‘z erkinligi” deb atash mumkin va biz ham shunday qilamiz.

Bu biz so‘z erkinligi haqida biladigan yagona narsa bo‘lganida edi, ko‘p savollar kelib chiqardi. Xo‘sh, bularning barchasi qanday maʼno bildiradi?

Haqoratomuz fikrlarni ham bildirish mumkinmi?

Huquq o‘z fikrlariga, shu jumladan siyosiy, ilmiy, tarixiy, axloqiy yoki diniy masalalarda to‘siqsiz amal qilishning o‘ziga xos imkoniyatini o‘z ichiga oladi. Bu fikrni bemalol ifoda etish maqsadida turli axborot va g‘oyalarni izlash, olish va tarqatish mumkin.

Ushbu huquqni quyidagicha amalda qo‘llasa ham bo‘ladi
– siyosiy chiqishlar qilish;
– shaxsiy yoki siyosiy mavzularni sharhlash;
– ma’lumot to‘plash;
– inson huquqlari masalalarini muhokama qilish;
– jurnalistika bilan shug‘ullanish;
– o‘z fikrini badiiy yoki madaniy shaklda ifodalash;
– ta’lim berish;
– diniy chiqishlar o‘tkazish;
… va hatto turli yozuvdagi kiyimlarni kiyib yurish.

Va yana: o‘z fikrini bildirish huquqi hatto kimdir o‘ta haqoratli deb hisoblaydigan fikrlarni ham o‘z ichiga oladi – lekin chegara doirasida. Har qanday holatda, sanksiyalar, ayniqsa jinoiy sanksiyalar faqat zo‘ravonlik yoki dushmanlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqiruv bo‘lgandagina qo‘llanilishi kerak.

Baʼzida so‘z erkinligini cheklash mumkin, ammo qoidalarga amal qilgan holda

Ushbu huquqni cheklashning ikkita tor sohasi mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:

– boshqa shaxslarning huquqlari yoki obro‘sini hurmat qilish;

– davlat xavfsizligi, jamoat tartibi yoki aholining sog‘lig‘ini saqlash va ma’naviyatini hurmat qilish.

To‘g‘ri, bu jihatlarning barchasi, ayniqsa oxirgisi, ko‘pincha munozara mavzusiga aylanadi, ya’ni aholining ma’naviyati va axloqi deganda aynan nima tushuniladi? Davlat “an’anaviy qadriyatlar”ga zid bo‘lgani uchun qaysidir fikrni gapirishni taqiqlashi mumkinmi?

Ma’naviyat, axloq tushunchalariga mutaxassislar tavsifi. “Axloq tushunchasi ko‘plab ijtimoiy, falsafiy va diniy an’analar asosida shakllanadi. Binobarin, ma’naviyatni himoya qilish maqsadida cheklovlar o‘rnatish faqat bitta an’anadan kelib chiqadigan tamoyillarga asoslanmasligi kerak.

Har qanday bu kabi cheklovlar inson huquqlarining hammabop tabiati va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqilishi zarur. Ya’ni, masalan, ayollarni kamsitadigan “an’anaviy qadriyatlar” asosida cheklovlar joriy etish mutlaqo mumkin emas.

 Nimani cheklash mumkin emas

So‘z erkinligi faqat qonun bilan cheklanishi mumkin. Faqat bu qonun qandaydir og‘zaki ko‘rsatma yoki yuridik kuchga ega bo‘lgan qog‘oz emas, aynan normativ-huquqiy hujjat bo‘lishi kerak.

Bu qonunda yoki, masalan, kodeks moddasida nima taqiqlanishi aniq ifodalanadi. Inson aynan ushbu hujjat nimani gapirishni taqiqlashini yoki taqiqlamasligini tushunishi kerak. Bu tushuntirish maxfiy hujjatda e’lon qilinmasdan, hamma uchun ochiq bo‘ladi. Bu o‘z xatti-harakatlarimizni kuzatib borishimiz va qonunbuzarlik qachon boshlanishini tushunishimiz uchun zarur.

Jamoat tartibi – “ordre public”ni saqlash uchun ba’zan, masalan, ba’zi jamoat joylarida chiqishlarni tartibga solish mumkin. 

📢 Hukumatni tanqid qilish jinoyat emas

Barcha jamoat arboblari, shu jumladan, davlat va hukumat rahbarlari ham qonuniy asoslarda siyosiy muxolifatning tanqidlari obyektiga aylanishi mumkin. Tavsiflarda shunday deyilgan.

Bundan tashqari, Qo‘mita (ushbu huquqlar bo‘yicha asosiy nazorat qiluvchi organ) davlat ahamiyatidagi oliy shaxsni haqorat qilish, sud va hokimiyat vakillariga hurmatsizlik, bayroq va ramzlarga hurmatsizlik, davlat rahbariga tuhmat qilish, davlat mansabdor shaxslarining sha’nini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlardan xavotirda. Bu qoidalarning deyarli barchasi qonunlarimizda bor.

Garchi moddada ba’zi cheklovlar bo‘lsada, bu ko‘ppartiyaviylik demokratiyasi, demokratik tamoyillar va inson huquqlari himoyachilari ovozini o‘chirishga bahona emas.

OAVlarda yoki ijtimoiy tarmoqlarda materiallarni e’lon qilishni faqat ularda hukumat yoki u amal qiladigan ijtimoiy-siyosiy tizim haqidagi tanqid borligi uchun taqiqlab bo‘lmaydi. Umuman olganda, tuhmatga oid qonunlarni ishlab chiqishda ehtiyotkorlik bilan yondashish va ulardan amalda erkin fikr bildirish huquqini cheklash maqsadida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

So‘z erkinligi huquqini kimlar buzishi mumkin?

Agar biz Sarpada izohingizni o‘chirsak, bu sizning so‘z erkinligi huquqingizni buzish hisoblanadimi? Yo‘q. Agar oldimizga DXX kelib, izohimizni o‘chirishni talab qilsa va biz buni bosim ostida amalga oshirsak, bu davlat tomonidan qoidabuzarlik bo‘ladi.

Nima uchun davlat bizning bu huquqimizni hurmat qilishi zarur?

Chunki u xalqaro hujjatlarni imzolagan. Endi u qonuniy ravishda ularga rioya qilishi shart.  Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xuddi shu pakt bilan Lex.uz saytida tanishish mumkin. So‘ngra huquqlar xalqaro huquqiy hujjatlardan Konstitutsiyaga, undan qonunlarga, farmonlarga, qarorlarga, shuningdek kodekslarning alohida moddalariga o‘tadi.

Darvoqe, O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida hatto xalqaro huquq milliy huquqdan ustuvor ekani yozib qo‘yilgan.

O‘zbekistonda so‘z erkinligi huquqi buziladimi?

Qisqa qilib aytganda, ha. Asosan 2 xil yo‘l bilan — yoki xalqaro huquqqa unchalik mos kelmaydigan qonunlarni yaratish yoki amaliyotda me’yordagi qonunlarga rioya qilmaslik orqali.

Qonunlar: ommaviy norozilik harakatlariga chaqirish, prezidentni haqorat qilish

Axborotlashtirish to‘g‘risidagi qonun 2021-yilda yangilandi hamda unga ko‘plab mahalliy va xalqaro ekspertlar, huquq himoyachilarini o‘ylantirgan tuzatishlar kiritildi.

“Qasddan yolg‘on ma’lumot”. Jamoat tartibi yoki xavfsizligiga tahdid soladigan “bila turib yolg‘on ma’lumotlarni” tarqatish taqiqlanishi to‘g‘risidagi bandlar qo‘shildi. Bu yerda muammo yolg‘on ma’lumotlar haqida xabardorlikda hamda agar gap faktlar va raqamlarga emas, balki subyektiv, baholovchi fikrlarga tegishli bo‘lsa, nimani yolg‘on deb hisoblashda. 

Ommaviy tartibsizliklarga da’vat. Bundan tashqari, ommaviy tartibsizliklar, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga chaqirish, shuningdek, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglarda ishtirok etishga undash, ushbu harakatlarni muvofiqlashtirishni taqiqlash masalalari moddaning birinchi bandi bilan to‘ldirildi. Muammo shundaki, hech qanday o‘rnatilgan tartib yo‘q – tinch yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonun ko‘p yillardan beri loyiha maqomida qolmoqda.

Agar xuddi shu harakat internetda yoki ijtimoiy tarmoqlarda amalga oshirilsa, jazo yanada og‘ir bo‘lishi mumkin – yoki eng kam oylik ish haqining yuzlab baravari miqdoridagi jarimalar, yoki 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Internetda prezidentni haqorat qilish. O‘sha yildan boshlab prezidentga tuhmat qilish va haqoratlash yanada kuchli ta’qib ostiga olindi, chunki jinoiy moddaga internet orqali haqorat qilishning nozik jihatlari qo‘shildi. Ya’ni 2021-yildan boshlab ushbu moddaga 10 kishining Instagramdagi izohi yoki Telegram kanalidagi posti tushishi mumkin.

🙄 Prezidentni haqorat qilish haqidagi mavhum iboralar va maqolalar bilan bog‘liq muammo nimada?

Qandaydir fikrlarni taqiqlovchi qonun nimalar bunday harakatlar hisoblanishini to‘liq tavsiflashi kerak, shunda inson aynan qanday harakatlar huquqbuzarlik yoki jinoyat hisoblanishini tushunadi.

Reytinglar: so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “juda murakkab”

Inson huquqlari tashkilotlari mamlakatdagi qonunlarni tahlil qiladi, ularning amalda qanday ishlayotganini ko‘radi va reytinglar tuzadi. Bizning joylashgan o‘rinlarimiz yaxshi emas.

Freedom House 2025 reytingi. “Fuqarolar siyosiy va boshqa nozik masalalar bo‘yicha o‘z fikrini erkin bildira oladimi?” degan bo‘limda O‘zbekiston 4 balldan 1 ballni to‘pladi. “Mamlakatda OAV mustaqil va erkinmi?” savoliga ham 4 balldan 1 ball berildi.

“Chegara bilmas muxbirlar” reytingi 2025. Biz 180 ta davlat ichidan 148-o‘rindamiz, matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat qizil chiziqda. “Kam sonli mustaqil jurnalistlar qatag‘onlar muhitida ishlaydi, hokimiyat esa blogerlarni ommaviy ravishda sotib olishga harakat qilmoqda’, – deb yozadi tuzuvchilar.

Amaliyot: jurnalistlarni hibsga olish, izohlar uchun jinoiy jazolar

Izohlar uchun jinoiy ish ochilmoqda. Eng oxirgi misol: prezidentni haqorat qilgani uchun 18 yoshli yigit 2 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. qoraqalpog‘istonlik ayol YouTube tarmog‘ida “separatistik tabiatga ega” va “jamiyatdagi rozilik hissini buzadigan” izohlar qoldirgan. Huquq himoyachilari bu izohlarni o‘qiy olishmaydi, shuning uchun ularni mustaqil baholashning iloji yo‘q.

Jurnalistlar hibsga olinmoqda. Masalan, 2022-yilda jurnalist Joanna Lillis Nukusda Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar haqida material tayyorlayotganda qo‘lga olingan. IIB xodimi u Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lsada, suratga olingan kadrlarni o‘chirishga majbur qilgan. “Xuka” jurnalisti Farida Maxsetova Nukusda rossiyalik jurnalist Aleksey Pivovarov bilan birga qo‘lga olindi. Bu ommaviy axborot vositalarida yoritilgan holatlar – aslida jurnalistlar va blogerlar ko‘proq bosimga duch kelishmoqda, jumladan, ma’lum joylarda suratga olish taqiqlanyapti.

Media bir vaqtning o‘zida mavzularini o‘zgartiryapti. Masalan, yirik ommaviy axborot vositalari 2022-yildagi Nukus voqealari bilan bog‘liq materiallarni deyarli e’lon qilmaydi. Bu senzura bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Baʼzida senzura uncha bilinmaydi, masalan, mavzu bo‘yicha biroz xavotir seziladi, keyin ular o‘zgaradi. Yaqinda bo‘lgan Sea Breeze bilan bog‘liq vaziyatni olaylik. Avvaliga OAV tanqidiy kayfiyatda bo‘ldi, ammo aholining noroziligiga qaramay, Vazirlar Mahkamasining Chorvoqdagi yerni investorga berish qaroridan keyin mediadagi sarlavhalar keskin o‘zgardi.

Bularning barchasi o‘zini o‘zi senzuraga solishga olib keladi. Nima mumkin? Nima mumkin emas? Bu xavfsizmi? Natijada jurnalistlar mavzular yoritish taqiqlanmagan joyda ham nozik masalalarda yozishdan voz kechadi. Shunchaki boshqa odamlar bilan sodir bo‘layotgan voqealar ularga yomon taʼsir qiladi. Ijodkor uchun o‘zi va oilasining xavfsizligi birinchi o‘ringa chiqadi.

You May Also Like