Rasmda Rashid Xolidiyning "Falastindagi yuz yillik urush" kitobini o‘qiyotgan qiz tasvirlangan. Uning yuzi kitob ortida yashiringan. Qizning orqasida paxsa devor va yorqin parda.

O‘zbekistonda feminizm, tarix va hokimiyatga oid kitoblarni qayerda o‘qishadi?

UZ | RU

Ayrim mavzular, ayniqsa hokimiyat, xotira, huquq, o‘zlik yoki ijtimoiy o‘zgarishlar haqida so‘z borganda, jamoaviy muhokamani talab qiladi. Bunday hollarda kitobxonlik klublari ishtirokchilar o‘z pozitsiyasini shakllantirish, turli fikrlarni tinglash va atrofdagi voqealarni tahlil qilishni o‘rganadigan makonga aylanadi.

Bunday tadbirlarni tashkil etish ham, garchi boshqa amaliyotlarga qaraganda sokinroq va kamroq sezilarli bo‘lsa-da, o‘ziga xos faollikdir. Biz O‘zbekistondagi bir nechta tashabbusning tashkilotchi qizlari bilan ularning jamoalari qanday tuzilgani, qanday asarlar tanlashlari va klubga qanday qo‘shilish mumkinligi haqida suhbatlashdik.

Muqova surati: The Social Book Club jamoasi tomonidan taqdim etilgan.

The Social Book Club ijtimoiy loyihasi

Kitoblarni ishtirokchilarning o‘zlari ovoz berish yo‘li bilan taklif qilishadi va tanlashadi, shuningdek, asar mazmuni klub qadriyatlariga mos kelishini ta’minlash uchun mualliflarning tarjimayi holini o‘rganishadi. Ochiq munozarada muhokama qilinadigan savollar oldindan tayyorlanadi, moderator esa har bir ishtirokchi o‘z fikrini bildira olishi uchun suhbatni to‘g‘ri yo‘naltirib turadi.

Odatda, uchrashuv 2-3 soat davom etadi — rasmiy qismdan so‘ng shunchaki suhbatlashish yoki biror hunar bilan mashg‘ul bo‘lish uchun qolish mumkin. Kitobxonlar davrasidan tashqari, har hafta sayrlar va dam olish kunlari yugurish mashg‘ulotlari, birgalikda teatrga borish, filmlar tomosha qilish, mavzuli bazmlar, karaoke va shunchaki uyda diydorlashuvlar o‘tkazib turiladi.

“Bizning vazifamiz — barcha bir-biriga yordam beradigan, qo‘llab-quvvatlaydigan va mas’uliyatni his qiladigan jamoaviy burchak yaratishdir. Klubga a’zo bo‘lish uchun siyosiy qarashlaringiz haqidagi savollarga, masalan, Falastinni qo‘llab-quvvatlaysizmi yoki yo‘qmi, degan savolga javob berishingiz kerak”, — deydi The Social Book Club asoschisi.

Shuningdek, a’zo bo‘lish istagidagi kishi nima bilan shug‘ullanishi, nega klubga qo‘shilmoqchi ekani va qanday yordami tegishi mumkinligi haqida so‘zlab berishi kerak. Tashkilotchilarning aytishicha, murakkab va nozik mavzularni muhokama qilish chog‘ida ishtirokchilar o‘zlarini xavfsiz his qilishlari uchun qat’iy saralash zarur.

Toshkentdagi The Social Book Club uchrashuvida. Surat loyiha asoschisi tomonidan taqdim etilgan.

Klub qisman yopiq turdagi hisoblanadi. Uchrashuvga har qanday xohlovchi ayol qatnashishi mumkin, biroq klub a’zosi bo‘lish va yopiq chatga qo‘shilishdan oldin loyiha asoschisi bilan qisqa suhbatdan o‘tish kerak. Hozirda klubda 37 nafar a’zo bo‘lib, ulardan o‘nga yaqini faol ishtirokchilardir. Odatda, bir oyda oltitaga yaqin uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Instagram:  @thesocialbookclub.uz
Qanday qo‘shilish mumkin: Instagram orqali yozib, suhbatdan o‘tish kerak
Uchrashuvlar tartibi: oyiga taxminan 6 marta
O‘qilgan asarlar: “Culture and Imperialism”, Edward Said; “The Little Coffee Shop of Kabul”, Deborah Rodriguez; “I who have never known men”, Jacqueline Harpman

NeMolchi.uz feministik kitob klubi

Klubda ayollar tomonidan yozilgan asarlar – agar o‘qib ulgurish uchun vaqt yetsa, oyiga bitta kitob o‘qiladi. Uchrashuvlar oyda bir marta, bir kunda ham onlayn, ham oflayn tarzda o‘tkaziladi va 2 soatdan 4 soatgacha davom etadi.

Har bir ishtirokchi kitobdan olgan taassurotlari bilan bo‘lishadi va nimalar yodida qolganini so‘zlab beradi, shundan so‘ng bahs tabiiy ravishda rivojlanib boradi. Fikrlar turlicha, ba’zan hatto bir-biriga zid bo‘lishi ham mumkin — kelishmovchilikka oid qoidalar yo‘q, ammo o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotni saqlash muhim.

“Chatda ishtirokchilar tengsizlik, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va shunga o‘xshash mavzulardagi qiziqarli havolalar, fikrlar, hikoyalar bilan o‘rtoqlashishlari mumkin. Aytish mumkinki, muloqot ayollarning o‘zligini anglashi o‘sishiga qaratilgan”, — deydi klub kuratori va NeMolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko.
NeMolchi.uz feministik kitobxonlik klubi uchrashuvida. Surat Irina Matviyenko tomonidan taqdim etilgan.

Klub yopiq . A’zolar NeMolchi.uz sahifalarida vaqti-vaqti bilan e’lon qilinadigan tanlov asosida qabul qilinadi — odatda, guruh tarkibi 30 kishidan iborat bo‘ladi. Bu yerda faol ishtirok etish talabi mavjud: agarda biror sababga ko‘ra qatnasha olmasangiz, klubni tark etib, keyinroq qaytishingiz mumkin.

Klubdan ketma-ket ikkita uchrashuvni o‘tkazib yuborgan a’zo chetlatilishi mumkin. Unga a’zo bo‘lish uchun ro‘yxatdan o‘tish anketasini to‘ldirishingiz kerak bo‘ladi — unda nima uchun klubga qo‘shilmoqchi ekaningiz va faollikni qanday saqlab qolishni rejalashtirayotganingiz haqida yozishingiz lozim.

Instagram: @nemolchi.uz
Telegram-kanal: NeMolchi.uz
Qanday qo‘shilish mumkin: loyihaning ijtimoiy tarmoqlarida ariza shakli e’lon qilinishini kutish, uni to‘ldirish va javobni kutish
Uchrashuvlar tartibi: oyning birinchi shanbasida, onlayn va oflayn
O‘qilgan asarlar: “Ikkinchi jins”, Simona de Bovuar; “Sirseya”, Madlen Miller; “Talaba”, Tara Vestover; “Momo Havvo”,  Ket Boxanon; “Erkaklar menga yashashni o‘rgatadi”, Rebekka Solnit; “Evin qamoqxonasidagi pishiriq to‘garagi”, Sepida Goliyan; “Urushning ayolga xos bo‘lmagan qiyofasi”, Svetlana Aleksiyevich. 

“Maqaal” feministik tadqiqot jamoasining mutolaa guruhlari

Jamoaning kitobxonlik guruhlarida tarix, sotsiologiya, falsafa, ba’zan badiiy adabiyot va she’riyat, shuningdek, Markaziy Osiyoga oid feminizm nazariyalari va tajribalari haqida o‘qiladi. Hozirda guruhlar faoliyat yuritmayapti, ammo uchrashuvlar qayta tiklanishi rejalashtirilgan. Ariza shakli Maqaal sahifalarida e’lon qilinadi.

Ariza to‘ldirganlar klub chatiga kiritiladi, u yerda muhokamalar o‘tkaziladi va uchrashuvlar rejalashtiriladi – ko‘pincha haftada bir marta onlayn tarzda. Tanlangan muddatga qadar ishtirokchilar kitobni yoki uning bir qismini o‘qishlari, savollar yoki obyekt-assotsiatsiyalarni tayyorlashlari kerak. Uchrashuvlar bir yarim soatcha davom etadi – ilgari ishtirokchilar asarni muhokama qilishdan tashqari she’rlar yozishlari mumkin edi, bir nechta jamoaviy o‘qish natijasida esa ular bir nechta asarni tarjima qilishga muvaffaq bo‘lishdi.

“Uchrashuvlarda moderatorlar yo‘naltiruvchi savollar berishdi, g‘oyalarni sintez qilishdi va bog‘lashdi, yoqimli, xavfsiz muhit yaratishdi. Munozaralarda fikrlar xilma-xilligi va qarama-qarshi qarashlar muhim, chunki ular masalani turli jihatdan ko‘rish imkonini beradi. Bizning vazifamiz esa har bir tomonning dalillarini ochib berish va ularning ahamiyatini ko‘rsatishdir”, — deydi Maqaal jamoasi a’zolari Shahrizoda va Hayot.

Instagram: @maqaal.collective
Uchrashuvlar qayta tiklanishi rejalashtirilgan. Guruhga qabul qilish haqida Maqaal sahifalarida e’lon qilinadi.
O‘qilgan asarlar: “Question of Palestine”, Edward Said; “Captive Revolution”, Nahlo Abdo; “Can the subaltern speak”, Gayatri Spivak; “Bringing the mosque home”, Svetlana Peshkova. 

Qizlar Collective kitobxonlar klubi

Kitobxonlik klubi “Qizlar” nomli yopiq chat asosida faoliyat yuritgan — unga dugonangiz yoki jamoa a’zosining taklifnomasi orqali qo‘shilish mumkin edi. Chatdagi istalgan qiz klub yangiliklarini kuzatib borishi va uchrashuvlarga kelishi mumkin bo‘lgan. Uchrashuvlar onlayn va oflayn tarzda o‘tkazilib, bir yarim-ikki soat davom etgan.

Kitoblar va ularni o‘qish uchun ajratilgan vaqt jamoaviy tarzda, chatda ovoz berish orqali tanlangan. Asosiy e’tibor ayollar adabiyoti, feminizm hamda ayollar tajribasining xilma-xilligi haqidagi asarlarga qaratilgan. Ayni paytda klub faoliyati to‘xtatilgan, biroq yangiliklarni jamoaning chatida kuzatib borish mumkin.

Qizlar Collective kitobxonlar klubi uchrashuvlaridan birida. Ishtirokchilarning shaxsiy arxividan olingan surat.

“Klubga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirish, ro‘yxatdan o‘tish yoki suhbatdan o‘tish shart emas edi – allaqachon chatda bo‘lgan barcha uchun kirish bepul edi. Biz uni juda erkin qilishga harakat qildik. Ehtimol, kelajakda biz klubni yanada tizimli yondashuvda qayta tiklarmiz va u qo‘shma loyihalar maydoniga aylanishi mumkin”, – deydi Qizlar jamoasi hammuassisi Nastya Sever. 

Instagram: @qizlarqizlarqizlar
Klub uchrashuvlari to‘xtatilgan.
O‘qilgan asarlar: “Ayol”, Enni Arno; “Har kimning tanasi”, Oliviya Leng; “Tehronda “Lolita”ni o‘qib”, Ozar Nafisiy; “Yo‘qotish san’ati”, Alis Zeniter.
Qizlar.